O‘zA O`zbek

15.09.2019 Chop etish versiyasi

“Raqs sehri“ Xalqaro festivalining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi

“Raqs sehri“ Xalqaro festivalining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan festivalning ochilish marosimi Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasida boʻlib oʻtdi.

Festivalning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov, Polsha Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Petr Ivashkevich hamda Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi qoshidagi Geydar Aliyev nomli madaniyat markazi rahbari oʻrinbosari Zeynalov Polad Mansur oʻgʻli soʻzga chiqdi.

Tantanali ochilishidan soʻng, barcha mehmonlar va ishtirokchilar “Ichan-qalʼa”ning “Ota darvoza“sidan ichkariga tashrif buyurishdi. Turli davlatlar nomlanishi bilan oʻtgan saf, respublikaning hududini namoyon etuvchi liboslardagi raqqosalari “Ichan-qalʼa”da yurishi barchani lol qoldirdi. Ansambl jamoalarining chiqishlari sayyohlar va tomoshabinlarni raqsga chorlab, zavq bagʻishladi.

– Oʻzbekistonning oʻziga xos raqs sanʼati bor va undagi har bir harakat kishini oʻziga jalb etmasdan qolmaydi, – deydi hindistonlik raqqosa Patra Sinxi. – Sizning yurtingiz va sehrli raqslaringizni televizor orqali koʻrganman. Bugun esa shunday festivalda qatnashayotganimdan nihoyatda xursandman. Rosti, milliy raqslaringiz jozibasidan sehrlanib qoldik goʻyo. Fursatdan foydalanib, hamrohlarim bilan birga raqslaringizning ayrim harakatlarini oʻrganamiz. Bu yerdan olgan taassurotlarimizni oʻz yurtimizda yaqinlarimizga albatta soʻzlab beramiz.

Festivalda yurtimizning turli hududlari va qator xorijiy davlatlardan kelgan sanʼatkorlar oʻz badiiy chiqishlari bilan ishtirok etmoqda. Milliy raqs sanʼatimizni dunyoga targʻib qilish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan festivalga joriy yilda ham puxta tayyorgarlik koʻrildi. Raqs sehri Xalqaro festivalida 20ga yaqin mamlakatdan 100dan ziyod mehmonlar va badiiy jamoalar ishtirok etmoqda.

4 124
Shonazar QORIYEV olgan suratlar, OʻzA