O‘zA O`zbek

07.10.2019 Chop etish versiyasi

Ragʻbat sanʼatkorga ilhom beradi

Ragʻbat sanʼatkorga ilhom beradi

Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani 15-bolalar musiqa va sanʼat maktabi “Yilning eng yaxshi bolalar musiqa va sanʼat maktabi” koʻrik-tanlovida gʻolib boʻlib, mamlakat bosqichiga yoʻllanma oldi.

Bu muvaffaqiyat ushbu taʼlim muassasasining birinchi yutugʻi emas. Taʼlim maskani oʻquvchilari shu yilining 16-sentyabr kuni oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻqituvchi va konsermeysteri” respublika tanlovining viloyat bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi. Tanlovda maktabning xalq cholgʻu sozlari boʻlimi dutor sinfi oʻqituvchisi Sardor Boymatov I-darajali diplom bilan taqdirlanib, mamlakat bosqichiga yoʻllanma olgandi.

Undan avval, joriy yilning 2019-yil mart oyida, maktabning “Anʼanaviy ashulachilar ansambli” va “Xalq cholgʻu sozlari ansambli”, “Raqs ansambli” Termiz shahrida boʻlib oʻtgan respublika tanlovida II va III – darajali diplomni qoʻlga kiritgan edi. Shuningdek, muassasaning “Kamalak” dutorchilar ansambli “Navroʻz sadolari” koʻpovozli ansambl va orkestrlar V xalqaro festivalida saralash bosqichida II-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Maktab oʻquvchilari tasviriy sanʼat yoʻnalishidagi viloyat, respublika miqyosidagi turli tanlov va festivallarda ham faol ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishayotir.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Bolalar musiqa va sanʼat maktablari rahbar, oʻqituvchi va konsertmeysterlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bolalarning musiqa va sanʼat yoʻnalishidagi iqtidorlarini oʻstirishdagi faoliyatimizni yanada yaxshilaydi, – deydi maktab direktori Baxtiyor Qurbonov. – Chunki iqtidorlarni sanʼat oʻqituvchilari, ustozlar yetishtiradi. Ragʻbat esa sanʼatkorga ilhom beradi. Shu paytgacha musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilarining ish haqlari kam, toʻgʻrisi, koʻpchilik oʻqituvchilar kasbini sevgani uchun ozgina maoshga qanoat qilib ishlab kelayotgan edi. Ish haqlarining oshirilishi ularning moddiy sharoitlarini yaxshilash bilan birga mehnatining ham munosib qadrlanishidir. Bu ragʻbat bizni iqtidorli yoshlarni kamolga yetkazishda zimmamizga yuklangan masʼuliyatni yanada oshirdi.

Yurtimizda isteʼdodli bolalarni tarbiyalab sanʼatning katta yoʻliga boshlayotgan musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yaxshilashga davlatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor samarasini ushbu taʼlim maskanida misolida ham koʻrish mumkin. “Manzilli dastur” asosida maxsus loyiha asosida maktabda 210 oʻrinli konsert zal, 80 oʻrinli kichik konsert zali, yozgi estrada sahnasi, keng va yorugʻ xoreografiya-raqs zali, estrada-xor zali, tasviriy va amaliy sanʼat xonalari, metalga ishlov berish va yogʻoch oʻymakorligi ustaxonasi, maʼnaviyat va maʼrifat xonasi, axborot resurs, kompyuter grafikasi xonalari, ovoz yozish studiyasi hamda oʻnlab cholgʻu asboblarda oʻrganish va yakka mashgʻulotlar oʻtkazish uchun sinf xonalari zarur jihozlar va asboblar bilan toʻliq taʼminlangan.

Maktabning oʻzbek xalq cholgʻu sozlari, xalq cholgʻu sozlari, fortepiano, anʼanaviy xonandalik, damli va zarbli cholgʻular, torli-kamonli cholgʻular, xoreografiya, tasviriy va amaliy sanʼat, baxshichilik boʻlimlarida taʼlim olayotgan 360 nafardan ziyod iqtidorli bolalarga 46 nafar mutaxassis oʻqituvchi dars bermoqda. Maktabimizni bitirgan oʻquvchilar respublikamizning yetakchi sanʼat bilim yurtlariga oʻqishga kirmoqda.

– Davlatimizga rahmat, – deydi xalq cholgʻu asboblari boʻlimi oʻqituvchisi Sardor Boymatov. – Bolalarning qiziqishini muhabbatga, intilishlarini isteʼdodga aylantirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgani tufayli sanʼatimiz rivojlanib borayotir. Bu sohaga koʻrsatilgan navbatdagi eʼtibor – oʻqituvchilar moddiy manfaatdorligining oshishi ham sanʼatimiz kelajagi uchun qilinayotgan gʻamxoʻrlikdir.

Maktabning “Yilning eng yaxshi bolalar musiqa va sanʼat maktabi” tanlovida gʻolib chiqib, mamlakat bosqichida ishtirok etishi ham yoshlarga musiqa va sanʼat sirlarini oʻrgatishda erishilayotgan samaralarning amaldagi ifodasidir.

433
T. BEKNAZAROV, OʻzA