O‘zA O`zbek

14.08.2019 16:46 Chop etish versiyasi

Qovun saylida dehqonlarga avtomashinalar sovgʻa qilindi

Qovun saylida dehqonlarga avtomashinalar sovgʻa qilindi

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Xivada oʻtkazilgan “Qovun sayli – 2019” festivali yakunlandi.

Xiva shahriga tashrif buyurgan mehmonlar va mahalliy aholi Xorazmning mirishkor dehqonlari yetishtirgan, dunyoga dongʻi ketgan, mazasi tilni yoradigan har xil navdagi qovunlar va poliz ekinlari mahsulotlaridan birday bahramand boʻldi.

“Gurvak – Xorazm qovunchiligining ramzi” savdo-koʻrgazmasi xalqimizning oʻziga xos dehqonchilik maktabi, dunyoga mashhur qovunlarimiz, Xorazm dehqonining, umuman, xorazmliklarning nozik didi, malakasi va mehmondoʻstligi namoyishi boʻldi.

– Xiva men oʻylaganimdan ham goʻzalroq ekan, – deydi ispaniyalik sayyoh Daniyel Rubio Krespo. – Ayniqsa, odamlarning mehmondoʻstligi menga juda yoqdi. Biz tomonlarda juda baland narxlarda sotiladigan qovun, tarvuz, uzum, nok kabi mevalar mehmonlarga bepul tarqatilmoqda. Bu – yurtning dehqonlari juda tanti va saxiy ekanidan darak. Qovunlarning mazasi har qanday insonni lol qoldiradi. Bunday oʻzgacha taʼmni boshqa hech qayerda uchratmaysiz.

Xorazm qovunchiligini keng targʻib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini oshirish maqsadida oʻtkazilayotgan mazkur tadbir doirasida poliz ekinlari va turli bogʻ mevalarining yangi uzilgan, quritilgan va qayta ishlangan koʻrinishdagi mahsulotlaridan iborat “Gurvak – Xorazm qovunchiligining ramzi” savdo-koʻrgazmasi oʻtkazildi.

– Bizning fermer xoʻjaligimiz viloyat markazidan taxminan 230 kilometr uzoqlikda joylashgan, – deydi Hazorasp tumani Tuproqqalʼa qishlogʻidagi “Bobur Bobojonov” fermer xoʻjaligi rahbari Nodir Bobojonov. – Bir yildan buyon qum barxanlari orasidan yer ochib, ekin maydoni yaratamiz. Qumloq dalada yetishtirilgan qovun namgar yerdagiga qaraganda shirinroq boʻladi. Bugungi koʻrgazmaga 10 dan ortiq turdagi qovun, 8 xildagi tarvuz, 6 turdagi qovoq mahsulotlarimiz bilan ishtirok etdik. Biz yetishtirgan mahsulotlar taʼmi nafaqat mehmonlar, balki mutaxassislarning ham hayratiga sabab boʻldi.

Dehqonlar va amaliyotchi olimlar qovunning unutilgan navlarini tiklash, eksportbop yangi navlarini yaratish va koʻpaytirish ustida ishlamoqda. Seleksioner olimlar tomonidan hosildorligi yuqori, noqulay ob-havo sharoitlari, ayniqsa, oqpalak kasalligiga chidamli, eksportbop “Gurlan”, “Amudaryo”, “Gulobi Xorazmi”, “Saxovat”, “Zargulobi” navlarining yaratilgani bu boradagi izlanishlarga yorqin misoldir.

“Qovun sayli – 2019” festivali doirasida keyingi yillarda viloyatda qovunchilik va poliz ekinlari boʻyicha ilmiy ish olib borayotgan soha mutaxassislari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi. Ular tomonidan mazkur sohada erishilgan yutuqlar ham namoyish qilindi.

– Koʻrgazmada ishtirok etib, qovunlarni baholash uchun mutaxassislardan tashqari, 10 nafardan ortiq men kabi faxriylar jalb etildi, – deydi mehnat faxriysi Qadamboy Matsafoyev. – Maqsad bir necha yillar oldin yoʻq boʻlib ketib, qayta tiklangan qovun navlariga baho berishdan iborat. Taʼkidlash lozim, hozir Urganch davlat universiteti olimlari tomonidan yaratilgan “Gulobi Xorazmi” navli qovundan tatib koʻrib, bolaligimda buvijonim nonushtaga non bilan birga beradigan qovunning taʼmini his etdim. Buni soʻz bilan tasvirlab berish ancha mushkul.

Bundan tashqari, mazkur festival davomida viloyatning folklor-etnografik guruhlari, yosh estrada xonandalarining chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, gullar va hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi ham tashkil etildi.

Qovun saylining yopilish marosimi qadimiy Ichan Qalʼaning Ota darvoza majmuasi oldida boʻlib oʻtdi. Unda festival doirasida eʼlon qilingan “Oltin gurvak” kubogi uchun oʻtkazilgan tanlov natijalari eʼlon qilindi. Hakamlar hayʼatining yakuniy xulosasiga koʻra, Xorazm viloyatining agrar hududlari hisoblangan Bogʻot, Gurlan, Qoʻshkoʻpir, Yangiariq, Yangibozor, Xonqa, Hazorasp, Shovot, Xiva va Urganch tumanlarining barchasi gʻolib deb topildi. Ularga viloyat hokimligi tomonidan maxsus diplom va oʻzimizda ishlab chiqarilgan “DAMAS” va “LABO” rusumli oʻnta yengil avtomashina sovgʻa qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida faol ishtirok etgan fermerlar, jamoatchilik vakillari, OAV va mehnat faxriylariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

O'zA
2 268