O‘zA O`zbek

19.09.2020 Chop etish versiyasi

Qoʻshxotinli ota-oʻgʻil jazolandi

Qoʻshxotinli ota-oʻgʻil jazolandi
Maʼnaviyat

Ali Komilov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) yaxshi orzular bilan Parizoda bilan oila qurdi, 3 farzandning otasi boʻldi. Turmush oʻrtogʻi bilan besh yil birga yashagach, undan ajrashmagan holda voyaga yetmagan qarindoshi Gulzoda bilan sharʼiy nikoh oʻqitib, uni yashab turgan xonadoniga olib keldi.

Alining otasi Abduvali Komilov ham sharʼiy nikohida boʻlgan ayolini yashash xonadoniga olib keladi. U 8 farzandning otasi. Farzandlari boʻyi yetib, uylanadigan-uzatiladigan boʻlgan paytda erkakning koʻngli yangi ayol tusab qoldi. Topgan ayoli Zahroni sharʼiy nikoh asosida qonuniy xotini va farzandlari bilan birga turishga koʻndirib, bitta hovlida yashashni boshladi. Ayol bu xonadonga kelgan vaqtida oʻgay oʻgʻli allaqachon ikkinchi xotinga uylangan, oilada turli tortishuvlar boʻlib turardi. Zahro iqtisodiy taʼminlangan boʻlsa-da, kundoshi bilan kelisholmagach, eri bilan bir yil ham yashay olmay, ota uyiga ketib qoldi.

Qoʻshxotinli ota-bolalar ishi Jinoyat ishlari boʻyicha Oltinsoy tuman sudida koʻrib chiqilib, ikkala erkak ham Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ularga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Bu holat kishini chuqur mulohazalarga undaydi. Oʻgʻilni yosh-da, hali koʻp narsani tushunmaydi, desangiz, 8 farzandi bor, oq-qorani tanigan otani nima jin urdi? Ayollar-chi? Nahotki, oʻzgani baxtsiz qilish evaziga baxtiyor yashash mumkin emasligini tushunishmagan boʻlsa?

Xalqimiz bekorga “Nima eksang,shuni oʻrasan” demaydi. Jinoyat qildingmi, unga jazo muqarrardir.

10 419
B.Meliqulova, OʻzA