O‘zA O`zbek

16.10.2018 Chop etish versiyasi

Qoʻqonda milliy hunarmandchilik va turizm majmuasi barpo etilmoqda

Qoʻqonda milliy hunarmandchilik va turizm majmuasi barpo etilmoqda

Fargʻona viloyati oʻzining betakror tabiati, tarixiy obidalari, tabarruk qadamjolari bilan sayyohlar eʼtiborini tortmoqda. Xususan, viloyat markazi, Qoʻqon, Margʻilon shaharlari va Rishton tumani uzoq-yaqindan kelgan sayyohlar bilan doimo gavjum. Hududdagi koʻplab hunarmandchilik maktablari azaldan mashhur.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 sentyabrdagi “Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida hunarmandchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Qoʻqon shahri Bogʻiston koʻchasida 17 gektar maydonda hunarmandchilik va turizm markazi tashkil etilayotir.

– Milliy hunarmandchilik namunalari, anʼanalarimiz yuksalishi shahrimizga kelayotgan sayyohlar oqimining ikki barobar koʻpayishini taʼminlaydi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Qoʻqon shahar boʻlimi boshligʻi Muxtorjon Rahimov. – Mehmonlarni tarixiy obidalar, milliy hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati namunalari bilan keng tanishtirish uchun qulay sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2019 yil avgust oyida Qoʻqon shahrida xalqimizning koʻp asrlik anʼanalari va madaniy hayotini keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimiz boʻlgan koʻp qirrali oʻzbek milliy hunarmandchiligini namoyish qilishga qaratilgan xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Festivalni koʻtarinki ruhda oʻtkazish maqsadida majmua qurilishida ishlar qizgʻin. Maqsad ustazoda hunarmandlarga munosib mehnat va yashash sharoiti yaratishdir. Shuningdek, majmua shahardagi milliy va maʼnaviy muhit bilan tanishish istagini bildirgan sayyohlar uchun oʻziga xos koʻzgu vazifasini oʻtaydi.

Bosh reja boʻyicha bu yerda hunarmandlar mahalla maskani, ustaxonalar, rastalar va mahsulotlar namoyish etiladigan koʻrgazmalar zali barpo etish, shu bilan birga, Qoʻqon milliy taomlar majmuasi, shahar ramzi boʻladigan minora, milliy uslubdagi hammom, mehmonxona, “Koʻk toʻnli ota” va “Oqmozor“ ziyoratgohlari, gipermarket, yoshlar uchun karting majmuasi bunyod etiladi.

– Milliy yoʻsinda loyihalashtirilgan majmuaning tashqi qismida koshin va gʻishtli materiallardan keng foydalaniladi, – deydi loyiha meʼmori Ahadjon Ahmedov. – Hunarmandlar majmuasi ikki qavatdan iborat boʻlib, hunarmandlar uchun ustaxonalar, yashash uylari va koʻrgazmalar zali quriladi. Toʻn, doʻppi va qiyiq tikuvchilar, banoras, atlas, shoyi va adras toʻquvchilar, kosiblar, novvoylar, ganchkor, kandakor, misgar, zargar, chilangar-temirchi, tunukasoz ustalar, kulollar rastalari boʻladi. Ular oʻz mahsulotlarini zamonaviy koʻrgazmalar zalida keng ommaga namoyish qilishi uchun barcha sharoit yaratiladi.

Milliy hammom atrofida choyxona, novvoyxona, oʻz kutubxonasiga ega mahalla maskani barpo etiladi. Majmuadan oʻrin oladigan gipermarket binosida muzsaroy ham boʻladi. Shuningdek, yoshlar uchun sport maskani – karting majmuasi qurilishi rejalashtirilgan.

Muxtasar aytganda, qoʻqonlik hunarmand va tadbirkorlar uchun zamonaviy, barcha talablarga javob beradigan majmua bunyod etiladi.

5 010
M.Sulaymonov, OʻzA