O‘zA O`zbek

21.09.2019 Chop etish versiyasi

QAYROQTOSh (“Tosh bitiklar ohangida” turkumidan)

QAYROQTOSh  (“Tosh bitiklar ohangida” turkumidan)


MANG‘LAY BITIGI

Tonglari quyoshli, peshona terli...

Turk Alp Er Bahodir...

....Bo‘mini hoqon.

... Istami... Eltarish...

... Bilga ...Kul tigin

...Sohibqiron Temur...

...Ulug‘bek sulton ...

to‘qson avlodi yetishgan irq.

Kunduz uxlamas, kecha uxlamas,

qizil qonin tugatib,

qora terin yugurtib,

qo‘ng‘ir qo‘yi,

oq otini katta qiladi.

Hoqon otalar karami va g‘azabi

ko‘ngildagiday...

Bu yaxshi.

KAFT BITIGI

Ko‘ngli ko‘nglingga qarab turar ko‘kdan.

Tepadagi osmon aytar:

“Turk xalqi yo‘qolmasin”.

Yel kirgan teshik - quloq,

jizillagan bez - ko‘z bo‘lolmas.

Qadimiy yorug‘likni tanidingmi?

Qilichday keskir, qalamday sodiq,

bir vaqtlar ilkingda bo‘lgan,

Eski jo‘rangni.

Xayolingga qo‘ndimi,

kiftingga, kaftinggachi?

Boshini boshingga qo‘ymoqqa,

bo‘yningga bo‘yin bermoqqa,

achchiqdan-achchiq, ko‘z yoshin yutib,

kaftingga dardini to‘kmakka,

kiftu-kaft tozami?

Ko‘ngilchi?

Jon bolam, o‘zingni o‘zing aldama,

tiladim.

Bu-yomon.

YuKUNCh BITIGI

Balballar – boshi uchgan sag‘ana toshlar,

tosh kitoblar ko‘tarib yurgan,

o‘yiq ko‘z kosasidan sho‘rlari oqqan

yoziqqinani tusmolladingmi?

Yarim qatorginasiga ko‘z yugurttingmi?

O‘zi o‘zinikka suv quyib tursa,

suprasi-qo‘rasi,

qo‘rg‘oni xomtalash bo‘lsa,

uniurvoqlari har yon sochilsa,

begona-yu ko‘r,

yetti yot g‘anim

tarixin yozsa

varaqlar tutab, ranglar kuymasmi?

O‘qi!

Otang yozib ketgan yozig‘ni o‘qi.

O‘qimasang bo‘lmas bovurim,

jigarim, aynam, bolajonim:

“Sizni otingiz ...bek...

O‘kinmadingiz, ko‘rmadingiz, butlamadingiz.

Sizning bahodirlik ismingiz ... ”.

Kishanlangan fikr,

qo‘rqitilgan xayol,

qulf urilgan og‘iz,

tilkalangan til,

cho‘g‘i olingan ko‘z mung‘ayar.

Daydi yel in qo‘ygan bosh chanoqlar uvvosin,

bug‘ilgan nafas,

XO‘R va SINIQ so‘zni,

XO‘RSINIQni ilg‘adimi,

tinkaginasi qurigan

yarg‘inginasi yag‘irgina ko‘ngil degani?

Otasin xayolin tanigan.

Bilib qo‘yki: bu yaxshi.

Bahodir QOBUL


1 234
O'zA