O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:20 Chop etish versiyasi

“Qahramon“ badiiy filmi xitoyliklar bilan suratga olinadi

“Oʻzbekkino” milliy agentligida agentlik va “Uzbekistan film holding” kompaniyasi taklifiga binoan mamlakatimizga kelgan xitoylik kinoprodyusser Lo Xao va “Hunan Heguang Media Co Ltd” kinokompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

“Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov va boshqalar oʻzbek kino sanoati yangi rivojlanish bosqichiga qadam qoʻygani hamda sohadagi xalqaro tajribani oʻrganish va amaliyotda qoʻllash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Prezidentimizning joriy yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qarori kino sanoatini yanada rivojlantirish, kinematografiya sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda dasturilamal boʻlayotir.

Hujjatda “Uchta shahar” va “Qahramonlar” loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan tashkil etilgan uchrashuvda “Oʻzbekkino” milliy agentligi va delegatsiya aʼzolari ushbu loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib bordi. Oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida kelishuvlarga erishildi.

Shundan soʻng mazkur hamkorlik masalalari yuzasidan poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida matbuot anjumani tashkil etildi. Jurnalistlarga tashrif tafsilotlari va kelgusi rejalar xususida batafsil maʼlumot berildi.

– Kuni kecha Samarqand shahrida boʻldik. U yerdagi qadimiy obidalar delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi, – deydi kinoprodyuser Lo Xao. – Menda birgina Registon maydonining oʻzidan turib bir nechta hujjatli, badiiy filmlar olish fikri tugʻildi. Aytmoqchimanki, yurtingizning boy madaniy merosi, tarixi har qanday ijodkorni befarq qoldirmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar kino sohasini ham chetlab oʻtmagani juda quvonarli.

Tadbirda “Oʻzbekkino” milliy agentligi rahbariyatiga “Orange Sky Golden Harvest Group” va “Hunan Mango Studios” Xitoy kinokompaniyalarida ishlangan filmlar taqdim qilindi. Maʼlumot uchun: ushbu mashhur kinokompaniyalar Bryus Li va Jeki Chan ishtirokidagi filmlarni suratga olgan.



Mohigul Qosimova, OʻzA
4 201