O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

Qadriyat va an’analar qadrlanayotgan yurt

Qadriyat va an’analar qadrlanayotgan yurt

Birinchi xalqaro hunarmandchilik festivaliga mezbonlik qilayotgan Qo‘qon shahar ko‘charida bugun ko‘plab xorijlik sayyohlarni uchratish mumkin. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatda bo‘ldi.

Tereza Alvish (Portugaliya): – O‘zim asli farmasevtika sohasida faoliyat olib boraman. Ammo davlatlarning tarixiga, madaniyatiga juda qiziqaman. Yurtingizdagi qadimiy shaharlar, tarixiy obidalar meni ham o‘ziga maftun qildi. Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida sayohatda bo‘ldim. Qo‘qon ham go‘zal va tarixiy obidalarga boy shahar ekan. Xudoyorxon o‘rdasi, Jome’ majmuasi va bozori bizda katta hayrat uyg‘otdi. Bugun bu shahar xalqaro hunarmandchilik festivaliga mezbonlik qilayotganidan xabar topdik. Albatta an’ana va qadriyatlarni e’zozlagan yurt yanada ravnaq topadi. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va samimiyligiga qoyil qoldim.

Mari Vell (Ispaniya): – Ko‘hna tarix, betakror madaniyat va go‘zal an’analarga ega O‘zbekistonga bugun barcha qiziqish bilan qaramoqda. Xususan, turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida ham ko‘plab ishlar olib borilmoqda. Qo‘qon shahriga qadam qo‘yganimizdayoq bu yerda katta anjumanga tayyorgarlik ko‘rilayotganini, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu yerdagi yog‘och o‘ymakorligi, pichoqchilik hunarining namunalarini ko‘rib, hayratda qoldik. Bu qo‘l mehnatining yuksak san’ati namunasidir.

2 438
M.SULAYMONOV suhbatlashdi, O‘zA