O‘zA O`zbek

10.07.2019 Chop etish versiyasi

Pushkindan ʼʼTumorʼʼ she’rlar

Pushkindan ʼʼTumorʼʼ she’rlar

Tarjima adabiyotida bir-birini inkor etadigan ikki qarash mavjud. Biri hamma narsani tarjima qilish mumkin, degan g‘oya bo‘lsa, ikkinchisi, so‘z tarjima qilinmaydi, degan fikrdir.

Ayrim munaqqidlar Aleksandr Sergeevich Pushkin she’rlarini tarjima qilib bo‘lmaydi, degan fikrni ilgari surgan. Adabiyotshunoslikda fikrlar bir-birini inkor qilgani kabi bu qarash ham o‘z tasdig‘ini topmadi. Pushkin she’rlari o‘nlab tillarga mohirona tarjima qilindi va o‘z o‘quvchilariga ega bo‘ldi. Birgina o‘zbek tilida Pushkinning dilbar she’rlari Cho‘lpon, Hamid Olimjon, Oybek, Zulfiya, Mirtemir, Matnazar Abdulhakim kabi zabardast shoirlar tomonidan mahorat bilan tarjima qilingan. 

7-faqat saytga.jpg

Tarjima va she’riyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Humoyun Akbarning rus she’riyatining quyoshi deb ulug‘lanadigan Pushkin she’rlarini XXI o‘zbek adabiyoti o‘quvchilariga yetkazishda alohida o‘rni bor. 

Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tarjimon Humoyun Akbarning Pushkin ijodidan tarjima qilib to‘plangan ʼʼTumorʼʼ kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

10-faqat saytga.jpg

Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, adabiyotshunos olim Suvon Meli, taniqli shoirlar Abdulla Sher, Shukur Qurbon va boshqalar so‘zga chiqib, adabiyot ahlini yangi kitob bilan tabrikladi, shoirning tarjimada erishgan yutuqlari ta’kidlab o‘tildi. Yangi kitob haqida iliq fikrlar bildirildi.

12.jpg

– Menda ruslarning buyuk shoiri Pushkin she’rlarini tarjima qilish ishtiyoqi tug‘ilganiga ko‘p bo‘ldi. Ustoz shoir Abdulla Oripov tarjimalarimni yuqori baholagan edi. Bu menga yanada ilhom bergan. Yangi kitobga Pushkinning hali o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan 170 ga yaqin she’ri kiritilgan. Orzular bisyor, rus adabiyoti durdonalari asarlarini tarjima qilishda davom etmoqchiman. Shu kunlarda Chexov hikoyalari ustida ishlayapman.

13.jpg

Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Taqdimot qatnashchilariga Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilgan ʼʼTumorʼʼ kitobi sovg‘a qilindi.

4 688
Dilobar MAMATOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA