Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 12:05 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda “So‘z mulki sultonlari” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

Poytaxtimizda “So‘z mulki sultonlari” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan. Ular qoldirgan ulkan adabiy meros adabiyot, san’at va tariximizni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bois Navoiy va Bobur hayoti va ijodini tadqiq etish ilm ahli, yozuvchiyu shoirlar hamda naqqoshu musavvirlarning hamisha diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlab “So‘z mulki sultonlari” deb nomlangan ko‘rgazmaning ochilishi ham bunga misoldir.

Tadbirda Navoiy va Boburning o‘lmas merosi, bebaho badiiy asarlaridagi chuqur ma’no va falsafiy mushohadaning mohirona poetikasi tasviriy san’at vakillarining ham boy ijodiy ilhom manbai ekani alohida ta’kidlandi.

– Navoiy va Bobur nafaqat adabiyotimiz, balki Sharq miniatyura san’atining ravnaqiga ham munosib hissa qo‘shgan, – deydi taniqli rassom T.Sa’dullaev. – Buyuk musavvir Kamoliddin Behzoddek mo‘yqalam sohibining yetishib chiqishida bu ulug‘ insonlarning xizmatlari beqiyosdir. Shu sabab bugun rassomlar ijodida ulug‘ mutafakkirlar falsafasi asosiy mezonga aylangan. Bu ko‘rgazmada namoyish etilayotgan Ch.Ahmarov, M.Nabiyev, S.Abdullayev, T.Sa’dullaev, A.Nur, R.Xudoyberganov, R.Rizomuhammedov, B.Mahkamov kabi taniqli rassomlarning asarlarida yanada aniq namoyon bo‘lmoqda.

Ko‘rgazmada musavvirlarning "Alisher Navoiy Samarqandda", "Farhod va Shirin", "Bahrom yashil qasrda", "May va nay", "Zahiriddin Muhammad Bobur portreti", "Kamoliddin Behzod ish ustida", "Boburni yod etib" kabi o‘ttizdan ortiq asari muxlislar e’tiboriga havola etilgan.

Nasiba Ziyodullayeva, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
993






Все о погоде - Pogoda.uz