O‘zA O`zbek

12.09.2020 Chop etish versiyasi

Oqtogʻning narisida, Qoratogʻ berisida

Oqtogʻning narisida, Qoratogʻ berisida

Koronavirus voqeasi butun insoniyatni hushyor torttirdi. Odam va olam munosabatlari oʻzagini yangiladi, goʻyo. Ammo, hayot davom etar ekan, bugun va ertaning tashvishlari tugamaydi. Ayniqsa, oʻzbekchilikda. Shahar hayotidan chekinib, olis qishloqlarni kuzatamiz. Koʻrinmas, dushman oramizda boʻlsa-da, unga tayyor turishimiz, ogoh va oʻzimizni idrok etishimiz darkor.

Hech kim eʼtibordan chetda emas

– Avvalo, koronavirus balosi odamlar ongida vahima uygʻotdi, – deydi Nurota tumanidagi “Qadoq” qishloq mahalla fuqarolar yigʻini raisiEgam Doʻstmedov. – Vaholanki, vahima qoʻrquv bor joyda bu balo bilan kurashib boʻlmaydi. 20 yil umumtaʼlim maktabida, 20 yil Navoiy Davlat pedagogika institutida talabalarga dars berdim. Bilasiz, qishloqda maʼnaviyatning asosiy targʻibotchisi, ziyoli qatlami asosan oʻqituvchilar hisoblanadi. 2019-yil may oyida mahalla raisligiga saylangach, birinchi ishni maktablar faoliyatini jonlantirishdan boshladim. Taʼlimga qoʻyilayotgan bugungi talab, tezkor islohotoqimini kuzatib turib muammolarning ildiz otganini seza boshlaysiz. Bugun oʻqituvchiga eʼtibor ortmoqda, maoshlari koʻpaytirilayapti. Oʻqituvchining faqatgina taʼlim bilan shugʻullanishi talab etilayapti, ammo samarachi? Baʼzi maktablarda oʻtgan yili, bor yoʻgʻi ikki nafargina bola oʻqishga kirgan. Hayot tezlashib onlayn taʼlimga suyanib turibmiz. Baʼzi maktablarda oʻqituvchilar onlaynning oʻzi nimaligini tushunib ulgurgani yoʻq. Hayot esa pandemiya sharoitida ishlab, yashashni taqozo etayapti. Qolaversa, omma yaxshi xabar qolib, bemaza xabarning orqasidan chopadi. Bu esa aholining sarosimaga berilishiga olib keladi. Yana qishloqda ziyoli qatlam – oʻqituvchimaʼnaviy koʻmak vaxalqqa dalda berishga masʼul. Mahallamizda 1285 xonadonda 35800 nafar aholi istiqomat qiladi. Qishloqlar tarqoq, infratuzilma ham shunga yarasha. Hududlarimiz buyogʻi Qoʻshrabod, Kattaqoʻrgʻon, Xatirchi tumanlari bilan chegaradosh boʻlib, Navoiy shahridan 150 km olislikda joylashgan. Biz asosan Oqtogʻ va Qoratogʻ etaklarida yashaymiz. Qishloqda internet yoʻq. Uni olib kirishni tezlashtirishimiz kerak. Anʼanaviy taʼlim boshlansada, bari bir onlayn taʼlimdan ham foydalanamiz, usiz qishloqlarda taʼlim sifatini oshirib boʻlmaydi. Qolaversa, bugun dunyoda har daqiqada voqea-hodisa roʻy berayapti. Taʼlimda innovatsiya yaratilmoqda. Onlayn taʼlimga jamoatchilikni tayyorlashimiz kerak. Vaqt esa kutib turmaydi. Hayotning oʻzi pandemiya davrida ishlashga, moslashishga va yana insonning oʻzini-oʻzi asrashga intilishiga majbur qilmoqda.

222222.JPGYangi oʻquv yili boshlanayapti, karantin talablariga rioya etishni ota-ona bolasining qulogʻiga qoʻyishi kerak. Mavjud 11 qishloqdagi “temir daftar”ga kiritilgan 31 oilaga iyul, avgust oylarida yordam koʻrsatildi. 5 nafar boquvchisini yoʻqotgan oilaga moddiy yordam berildi. “Tikonli” qishlogʻidagi boquvchisini yoʻqotgan Mukarram Arziyevaning uyini taʼmirlashga yordam berdik. Qadoq qishlogʻidagi 15-umumtaʼlim maktabini 1970-yilda tamomlagan sinfdoshlar marhum Erkin Omonovning uyini taʼmirlashga yordam berish tashabbusi bilan chiqishdi. Bunday misollar koʻp. Ammo kasallik chekinishi uchun fuqarolar mavjud qoidalarga rioya etishlari,maʼlum cheklovlarni ham tushunishlari kerak. Biz baribir uni yengamiz, ammo oramizdan ketgan insonlar qaytib kelmaydi. Menimcha shu togʻlar bagʻrida hayotga katta umidlar bilan qarab yashayotgan insonlar Oʻzbekistonning eng kattaboyligi. Ular hech qachon eʼtibordan chetda qolmaydi. Davlatmiz rahbarining 26-avgustdagi “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, muhtoj oilalar bolalariga kiyim-bosh, maktab formasi, oʻquv qurollari va ijtimoiy moddiy yordam koʻrsatiladi. Muhimi, oʻsha xonadonning farzandlari oʻksimasligi kerak. 40 yillik murabbiy, mahalla raisi sifatida meni bu juda oʻylantiradi.”

Shu kunning qahramonlari

– Ayni kunlarda keng jamoatchilik yangi oʻquv yilini boshlashga tayyorgarlik koʻrmoqda, – deydi Sirtsiluv qishlogʻidagi 16-umumtaʼlim maktabi direktori Abdumutal Tursunov. – Rosti, murabbiylar ham, oʻquvchilar ham, maktabni rosa sogʻinishdi. Mamlakatimiz rahbarining 28-avgustdagi videoselektor yigʻilishidayangi oʻquv yiligatayyorgarlik yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishida yaqin kunlardagi amalga oshirishimiz lozim boʻlgan vazifalar tilga olindi. Ayniqsa, Prezidentimizning “Mendan bugungi kun qahramonlari kim deb soʻrashsa, bu sogʻliqni saqlash xodimlari bilan bir qatordahurmatli ustozlarimiz, deb aytgan boʻlar edim” degan soʻzlari biz qishloq murabbiylariga katta kuch bagʻishladi. Toʻgʻrisi maktabni hamma sogʻindi. 14-sentyabrdan boshlab esa yangi oʻquv yiliga bolajonlar maktab ostonasiga qadam qoʻyadilar. Birinchi talab maktablarda tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etishga qaratilgan. Eng muhimi oʻquvchilarga infeksiya yuqmasligi, darslar bir maromda kechishi lozim. Albatta, bu borada mahalla, ota-onalar, jamoatchilik yordamiga tayanamiz. Maktabimiz 91 yil oldin taniqli murabbiy Oʻtamurod Xalilov tomonidan hashar yoʻli bilan tashkil etilgan. Marhum adabiyotshunos, OʻzMUda koʻpyillar dars bergan Nurotaning Kirhovut qishlogʻida tugʻilib oʻsgan Haqnazar Xalilov maktabimiz tarixiga bagʻishlangan “Irfon yoʻli” kitobini ham yozgan. Oʻtgan yilgi yubileyimizdasobiq maktab oʻquvchilari “90 yilga 9 kitob” aksiyasi doirasida maktab kutubxonasini boyitdi. Bilasiz qishloqda yagona maʼnaviyat dargohi maktab. Anʼanaviy darslar davom etsa-da, ilgʻor texnologiya – onlayn tizimi qishloq aholisi uchun ham zaruriy ehtiyoj. Buning uchun qishloqlarda ham internetga ulanishni tezlashtirish kerak. Elektr toki oʻchmasligi, umuman taʼlimda uzilish boʻlmasligi lozim. Yuqorida tilga olingan majlisda videodarslarni sifatli tayyorlash va oʻtish, bu jarayongadavlat va nodavlat telekanallarini faol jalb etish, oʻquvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi ishlab chiqilayotgani quvonarli.

зууур.JPG

Inson aziz, inson muhtaram

Nurotaning Koʻkbuloq qishlogʻidamiz. Mening bu yerlarda bolaligim oʻtgan, koʻzimga aziz koʻrinadi. Shu qishloqlik Esonboy Omonov 2012-yil ishlab chiqarishda juda ham ogʻir jarohat olib tibbiyot xodimlarining koʻmagida hayotga qaytgan. Aniqroq aytsak, oʻlimning oldidan qaytib kelgan. Uning qalb yarasini tirnasakda, u boshidan oʻtkazgan azoblaru-uqubatlar bugungi kunlar uchun achchiq saboq boʻlishini bilaman.

– Izlab kelganlaring uchun rahmat, ammo bu dardlarni doston qilmanglar, – deydi suhbatdoshim, qishloq odamlariga xosvazminlik bilan. – Oddiy qishloq farzandiman. Harbiy xizmatdan qaytgach, “Navoiyazot” korxonasiga ishga kirib, 28 yil ishladim. Xizmatimdan nolimayman. Shu ish tufayli obroʻ topdim, oila boqdim. 2012-yil 10-iyun kuni odatdagi ish kunlarining birida atseton ishlab chiqarish sexida ishlab turganimda stanok portlab ketdi. Endi bu voqeani eslagingiz kelmaydi. Albatta texnik falokat, uskunalar eskirgan. Hali uylanmagan yosh bola portlab ketdi. Men esa sudralib zoʻrgʻa sexdan chiqib oldim. Badanim 90 foiz kuygan. Keyin esa 40 kundan oshiq hushsiz yotganman, ammo yuragim urib turgan. 3 oyda oyoqqa turdim. Tortgan azobim oʻzimga maʼlum, ammo hayotdan nolimayman, tirik qoldim, oilam bagʻridaman. Kuyib ketgan terim oʻrnida 40 kundan keyin nur orqali davo choralari orqali yana teri oʻsib chiqqan. ”Navoiazot” birlashmasi tibbiyot qismining barcha jamoasidan minnatdorman. Mana koʻzga koʻrinmas balo koronavirus tufayli qanchalab xonadonning aziz aʼzolari, zamondoshlarimiz hayotdan koʻz yumdi. Bu kasallik butun insoniyatning tinchini buzdi. Shunday ogʻir sharoitda xalqimizga shifo ulashayotgan shifokorlar esa chinakam fidoiylar, zamonamizning haqiqiy qahramonlaridir. Garchand azob tortgan boʻlsamda, tirikman. Yashash uchun kurashish kerak. Shuning oʻzi baxt. Insonlarga tilagim, tinchlik va hayotning qadriga yeting!”

Suhbatdoshimning bu soʻzlaridan avvalo, bir ijodkor sifatidakoʻp narsani anglaganday boʻldim. Qoraqalpoq xalqining buyuk oqini Berdaq bobomiz bir paytlar “Bu dunyoning koʻrki inson bolasi” deganida ming bora haq ekan. Uzoqdan koʻrinib turgan baland togʻlarga termulib, bir paytlar qogʻozga tushirgan bir sheʼrim yodimga tushdi.

Bu yurtda zilol chashma suvini zar yaratgan,
Yoshlari orzusi moʻl osmonga boʻy taratgan.
Qarilari toʻliqib, duoga qoʻl uzatgan,
Oqtogʻning narisida, Qoratogʻ berisida.

Oʻljaboy QARSHIYEV

12 983
OʻzA