O‘zA O`zbek

18.10.2019 Chop etish versiyasi

"Ona tilim, sen borsan, shaksiz, Bulbul kuyin she’rga solurman..."

"Ona tilim, sen borsan, shaksiz,  Bulbul kuyin she’rga solurman..."


21- oktabr - "Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilingan kun

Milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga istisnosiz beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ shoir, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov hamda buyuk shoir va mutafakkir hazrat Alisher Navoiy tavallud sanalarini roppa-rosa besh yuz yil ajratib turadi. 1441- va 1941 yillar... Millatimiz, milliy adabiy-estetik tafakkurimiz tarixida bu sanalar teran mazmun va yuksak ahamiyatga molik. Zero, roppa-rosa besh asrdan keyin buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy asarlaridagi umrboqiy an’analarni munosib davom ettirgani, milliy she’riyatimizda o‘ziga xos maktab yaratib, uni yangi zamon sharoitida chinakam yuksak darajaga ko‘tara bilgani Abdulla Oripov ijodining beqiyos ahamiyatiga hujjatdir, dalildir.
Savol tug‘iladi: xo‘sh, bu ikki mutafakkir dunyoqarashidagi, ijodiy prinsiplaridagi, poetik kashfiyotlaridagi mushtaraklik, vorisiylik nimalarda ko‘rinadi? Ularning milliy ma’naviyatimiz, adabiyotimiz takomiliga qo‘shgan ulug‘vor hissalarida qanday mutanosiblik bor? Ulkan ahamiyatga ega bu ilmiy haqiqatning ayrim qirralariga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Buyuk beshlik – “Xamsa”ni ijod etar ekan, hazrat Navoiy mana bunday satrlarni bitadi:

Ani nazm etki, tarhing toza bo‘lg‘ay,
Ulusg‘a mayli beandoza bo‘lg‘ay.
Yo‘q ersa, nazm qilg‘onni xaloyiq
Mukarrar aylamak sendin ne loyiq.
Xush ermas el so‘ngincha raxsh surmak,
Yo‘lekim, el yugurmishdur – yugurmak.
Biravkim bir chamanda soyir erdi,
Nechakim gul ochilg‘on – ko‘rdi, terdi.
Hamul yerda emas gul istamak xo‘b,
Bu bo‘ston sahnida gul ko‘p, chaman ko‘p.

Ulug‘ mutafakkir xaloyiq nazm qilg‘onni mukarrar aylamoq – takrorlamoq fikridan yiroq. Ul zotning e’tiqodicha, birovlar ketidan ot surmoq, el yugurgan yo‘ldan yugurmoq ma’qul emas. Boshqalar gul tergan chamanda gul istamoq oqil ishi sanalmaydi. Vaholanki, “Bu bo‘ston sahnida gul ko‘p, chaman ko‘p”. Ya’ni har kim o‘z didiga mos gulni izlamog‘i, termog‘i zarur. Buni ijodga tatbiq etilsa, har kim o‘z so‘zini, o‘zigagina xos uslubda ifodalamog‘i kerak.
Adabiyot olamiga kirib kelgan dastlabki kezlardayoq Abdulla Oripov o‘z oldiga hazrat Navoiyning mazkur fikrlariga har jihatdan hamohang ijodiy dastur qo‘ya bildi va uni mana bu tarzda e’lon qildi:

Men shoirman,
Istasangiz shu,
O‘zimniki erur shu sozim,
Birovlardan olmadim tuyg‘u,
O‘zgaga ham bermam ovozim...

Ana shu dasturiy fikrning poetik ifodasi bilan boshlangan she’r xotimasida shoir benihoya salmoqli xulosaga keladi. Ahamiyatlisi shundaki, bu xulosa ham hazrat Alisher Navoiy nomi bilan bog‘langan:

Xayol kabi keng erur olam,
Mayda gapni ko‘tarmagay she’r.
Kerak bo‘lsa, mening uchun ham
Javob berar bobom Alisher.

Ko‘rinib turibdiki, har ikki ijodkor yakdil fikrda: she’riyatda o‘zgalarni takrorlash (“mukarrar aylamak”) ayb. Chinakam shoir o‘z sozi bilan kuylashi lozim. Boshqalar ketidan ot surmoq, o‘zgalardan tuyg‘u olish haqiqiy ijodkor ishi emas. Taqlidchilik ijod tabiatiga zid. Shuning uchun ham Abdulla Oripov taqlidchi shoirga haqli ravishda mana bunday kinoya qiladi:

Taqlid qila bergin yetsa bardoshing,
Modomiki senda bor ekan havas.
Faqat bir qora kun ko‘tarib boshing,
Asl nusxaman deb dod solmasang bas.

Taqlidchilik hazrat Navoiyning “Ani nazm etki, tarhing toza bo‘lg‘ay” degan fikrlariga ham mohiyatan muvofiq emas. Chinakam ijod namunasi asl va ohorli bo‘lmog‘i zarur, toza tarh bilan bitilmog‘i kerak. Butun ijodiy faoliyati ana shunday yuksak e’tiqod, mustahkam tutum asosiga qurilgani bu ikki buyuk iste’dodning ijodkor sifatidagi tutumlari nechog‘li uyg‘un ekani isbotidir, bizningcha.
Bu ikki buyuk shoir ijod maydoniga chiqqan tarixiy sharoit o‘rtasida ham muayyan mutanosiblik bor. Hazrat Navoiy zamonida adabiyot tili sifatida fors tilining mavqei baland edi. O‘zlari turkiy millatga mansub ikki buyuk ijodkor – Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy “Xamsa”ni forsiyda yaratgan, adabiyot ahli o‘rtasida turkiy tilda bunday ulkan badiiy obidani yaratib bo‘lmaydi, turkiy tilning ifoda imkoniyati bunga yetmaydi, degan qarashlar hukmron edi. Ulug‘ mutafakkir “Muhokamat ul-lug‘atayn”da turkiy tilning fasohati va balog‘ati forsiydan kam emasligini, aksincha, balandroq ekanini aniq dalillar bilan isbotlar ekan, mana bunday yozadi: “Bu alfoz (turkiy til – N.J.) va iboratda bu nav’ daqoyiq ko‘pdurkim, bu kunga degincha hech kishi haqiqatig‘a mulohaza qilmag‘on jihatdin bu yashurun qolubdur... Andin so‘ngrakim, turk tilining jomeiyati muncha daloil bila sobit bo‘ldi, kerak erdikim, bu xalq orasidan paydo bo‘lg‘on tab’ ahli salohiyat va tab’larin, o‘z tillari turg‘och, o‘zga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi. Va agar ikki til bila aytur qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillari bila ko‘prak aytsalar erdi va yana bir til bila ozroq aytsalar erdi. Va agar mubolag‘a qilsalar, ikkala til bila teng aytsalar erdi. Bu ehtimolga xud yo‘l bersa bo‘lmaskim, turk ulusining xushtab’lari majmui sort tili bila nazm aytqaylar va bilkull turk tili bila aytmag‘aylar...”.
Hazrat Navoiy ona tilining taqdiri uchun ana shu tarzda kuyundi, uning mavqeini ko‘tarmoq, millatning sha’nini yuksaltirmoq uchun bor salohiyatini safarbar etdi. Bu millatdan yetishib chiqqan tab’ ahlini –
ijodkorlarni o‘zga lisonda emas, ona tilida bebaho badiiy asarlar bitmoqqa chorladi.
Abdulla Oripov ijod maydoniga kelgan o‘tgan asrning 60-yillarida ham ona tilimiz taqdiri uchun tahlikali vaziyat yuzaga kelgan, ko‘pmillatli sovet xalqining tarkibiy qismi sanalgan millatlar tilining yo‘qola borishi, bir tilga birlashib ketishi haqida “bashorat”lar qilinayotgan edi. Yirik nufuzli anjumanlar tugul kichik tashkilot yoki muassasadagi yig‘inlar ham rus tilida olib borilishi urfga aylangan. Barcha idora ishlari ham o‘zga tilda yuritilar, sobiq ittifoqdagi boshqa milliy tillar kabi o‘zbek tili ham deyarli xonadon tili darajasiga tushish xavfini boshdan kechirayotgan edi. Abdulla Oripov ana shunday vaziyatda ijod maydoniga kirdi. Endi uning oldida ham “millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oinai hayoti” (Abdulla Avloniy ta’biri – N.J.) – tili va adabiyotini yuksaltirish yo‘lida jonbozlik qilish vazifasi turar edi. “Ona tiliga tuganmas ishq, uning taqdiriyu kamoloti uchun mas’ullik va g‘amxo‘rlik – so‘z daholarini birlashtiruvchi birinchi fazilat. Dante italyan tilini xalqaro yo‘qlamada nechog‘lik barqaror etgan bo‘lsa, Navoiy ham shunday vazifani – jahonshumul vatanparvarlik ishini ado etdi. Etnik jihatdan bag‘oyat xilma-xil, qanchadan-qancha shevalarda gaplashuvchi kishilar tiliga xos so‘zlarni o‘zbek adabiy tili doirasiga olib kirdi. Navoiyning jur’ati va jasorati, mahorati tufayli o‘zbek adabiy tili mukammal shakllanishga erishdi”, degan Abdulla Oripovning o‘zi ham bu borada tengsiz xizmat qildi. Shoirning 1965 yilda yozilgan “Ona tilimga” she’ri bu jihatdan alohida ahamiyatga ega:

Ming yillarkim, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman...

She’rda bulbul – betakrorlik ramzi. Boshqa hech kimnikiga o‘xshamagani uchun uning kalomi ming yillar o‘tsa-da, o‘zgarmaydi. Bunga ehtiyoj ham sezmaydi. To‘ti esa – taqlid timsoli. Shu boisdan u achinmoqqa sazovor. Shu sababdan ham unga nisbatan “sho‘rlik” epitetini qo‘llaydi shoir. Shoirning bulbul kuyini she’rga solayotgani sababi – ona tilining mavjudligi. Tilini yo‘qotganlar ham to‘ti bilan qismatdosh bo‘lishga mahkum – ana she’rdan chiqarilgan o‘ziga xos poetik xulosa.
–Bu she’rning tarixi juda uzun, – deb yozadi muallif. – Sakkiz qatorlik shu she’r boshimga sakkizta bomba bo‘lib tushishini tush ko‘ribmanmi? Hozirgi yoshlar ona tilimizga Davlat tili maqomi berish haqidagi qonunni “hatto” uddalab bajara olishmayapti. U mahallarda-chi?...
She’r chiqqach, “Hali sening ona tiling bormi? Hali sen jahon sotsializmi g‘oyasiga qarshimisan? Ota-onang kim? Qaysi millatchining bolasisan?” – degan bir dunyo tazyiq ostida qolganman.
Katta minnatdorchilik bilan bir gapni aytib o‘tishim kerak: balki qamashga, balki meni yo‘q qilib yuborishga asos bo‘ladigan uch-to‘rtta she’rim, ya’ni “Ona tilimga”, “Minorai kalon tepasidagi laylak”, “O‘zbekiston” kabi tizmalar Aleksandr Tvardovskiy hamda Qaysin Quliev yordami bilan markaziy nashrlarda (“Novыy mir” jurnalida – N.J.) bosilib chiqmaganida edi, o‘sha taqdir charxpalagi qayoqqa qarab aylanib ketishi mumkinligini men hozir hatto tasavvur ham qila olmayman.
Ona tilimiz taqdiriga kuyinish millatning qismatiga kuyinish demakdir. Hukmron kommunistik mafkura milliy tillarning bora-bora yo‘qolib, yagona tilga singib ketishi haqidagi soxta va zararli g‘oyani targ‘ib qilib turgan bir vaziyatda bunday she’rni yozish boshini kundaga qo‘yish bilan barobar edi. Faqat buyuk jasorat sohibigina bunday ishga qo‘l urishi mumkin edi. Bu amalda mustaqillik orzusini qalamga olish bilan barobar edi.
«Katta shoir hamisha o‘z vaqtida maydonga keladi, u – hamisha tarixiy. Zotan, katta shoir o‘z xalqining ovozi, uning orzu-umidlari va inson qalbi iztiroblarining ifodachisidir. Abdulla Oripov menga XXI asrga qadam qo‘ygan davrlarimizning buyuk madaniy ahamiyatga molik ana shunday shoiri bo‘lib gavdalanadi». Dunyoga mashhur qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning Abdulla Oripov haqidagi e’tirofi shunday.
«Abdulla Oripov so‘zning ifoda kuchini bexato sezadi, hayotni o‘z bilishicha, o‘ziga xos yangi nazar bilan ko‘radi. Abdulla Oripov she’rlari bilan har bir uchrashuv she’riyat bayramiga aylanib ketadi». Bu fikrlar Qaysin Qulievga tegishli.
Yevgeniy Yevtushenko «O‘zbeklarga xos donishmandlik, bag‘rikenglik, xokisorlik va andisha Abdulla Oripov poeziyasiga singib ketgan»ini e’tirof etsa, O‘ljas Sulaymonov fikricha, «Abdulla Oripov lirikasida
qadimiy o‘zbek she’riyatiga xos eng go‘zal jihatlar mujassamlashgan. U o‘zbekning ramzi bo‘lgan ijodkor».
Bunday e’tiroflar o‘z-o‘zidan dunyoga kelgan emas. Bir paytlar ovozi ikki daryo oralig‘ida qolib ketganidan o‘kingan shoir istiqloldan keyin dunyo miqyosida e’tirof etildi. Asarlari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilindi. O‘zbekning, O‘zbekistonning vakili sifatida ko‘plab xorijiy davlatlarda bo‘lib, she’rlari jahon minbarida yangradi.
O‘z-o‘ziga mahliyo bo‘lish – illat. Ajdodlarimiz benazir bo‘lgani rost. Tarixda hayratga arzirli yutuqlarga erishganimizdan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin chinakam saodatga erishmoq uchun bulardan faxrlanishning o‘zigina kifoya qilmaydi. Buning uchun o‘sha ajdodlarga munosib bo‘lmoq, ularning yutuqlarini yangilari bilan boyitib bormoq zarur. Afsuski, biz har doim ham bunga muvaffaq bo‘lavergan emasmiz. Tokioda yozilgan quyidagi to‘rtlik ana shu armon ifodasi o‘laroq yaralgan:

Dunyoda tugamas ekan armonlar,
O‘tdi qancha zamon, qancha sarbonlar.
O‘tira beribman buyukman deya,
Manzilga yetibdi boshqa karvonlar.

Vatan mavzui Abdulla Oripov ijodida o‘ziga xos yuksak maqomga ega. Ijodkorning bu mavzudagi she’rlari she’riyatda mavjud qoliplarga aslo mos kelmaydi. “Vatan” so‘zini suiiste’mol qilish, targ‘ibot-tashviqot ruhi shoir ijodiga mutlaqo begona. Abdulla Oripov Vatan mavzuiga betakror yondashadi, kutilmagan tashbehlarni qo‘llaydi, misralar quyilib keladi. Natijada ularni mutolaa qilganlar qalbida o‘z-o‘zidan ona zaminga muhabbat tug‘iladi. Ko‘ngillarga Vatan qadri nechog‘lik yuksak ekani haqidagi tuyg‘u inadi. Binobarin, haqiqiy she’rning, chinakam shoirning vazifasi ham shu: tuyg‘uni tushuntirib, izohlab o‘tirmasdan yuqtiradi, shuurlarga nur bag‘ishlaydi, ruhni yuksaltiradi. “Bu yurtda” to‘rtligi ana shu fazilatni mujassam etgani bilan alohida ajralib turadi:

Toki tong otqunchalik intiq qilar quyoshni,
Qishning beli yoy kabi bukilgaydir bu yurtda.
Bolg‘a bilan bir ursang uchragan har bir toshni,
Oltin qumi shovillab to‘kilgaydir bu yurtda.

Mashhur adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov mana bunday yozgan edi: «...men adabiyotshunos sifatida Abdullajonning ijodidan uch-to‘rtta maqola e’lon qilganman-u, lekin uning ijodini har tomonlama tadqiq etuvchi, XXI asr she’riyatida, qolaversa, jahon she’riyatida Abdulla Oripov fenomenini to‘la bo‘lmasa-da, bir qadar mukammalroq ochib beradigan durustroq bir maqola ham yozgan emasman. Har gal bu ishga kirishmoqchi bo‘lganimda, bu she’riyat qarshisida qalamimning benihoya ojizligini his qilardim».
Darhaqiqat, Abdulla Oripov she’riyati haqida yozilgan tadqiqotlarni zarracha kamsitmagan holda, e’tirof etish kerak, adabiyotshunosligimiz bu she’riyat oldida qarzdor.
Bugungi kunda she’riyatimiz ham shaklan, ham mazmunan evrilishga yuz tutdi. Bu hol ko‘pincha adabiyot ravnaqiga xizmat qilayotgani ham rost. Abdulla Oripov ustoz ijodkor, atoqli so‘z san’atkori sifatida she’riyatdagi har bir o‘zgarishni, yutuq va muammolarni muntazam kuzatib keladi. Kuzatadigina emas, katta ijodiy tajribasidan kelib chiqib, munosabat bildiradi. Shoirning Vatanimiz endigina mustaqillikka erishgan kezlari aytgan mana bu fikri, ayniqsa, ahamiyatli va qiymatini hech qachon yo‘qotmaydi desak, mubolag‘a bo‘lmas: “Hozirgi she’riyatimizda shakldagi rang-baranglik qaror topayotgani meni quvontiradi. Rang-baranglik hech qachon eskirmaydi. Faqat uning zamirida betakror mazmun, go‘zal tashbeh, sirli ruh bo‘lsa, bas”.
Ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, ana shu betakror mazmun, go‘zal tashbeh, sirli ruh - ustoz Abdulla Oripov she’riyatining umrboqiyligini ta’minlab kelayotgan bosh omildir. Binobarin, toki millat va uning adabiyoti bor ekan, shoir ijodi “o‘tkir yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi” o‘laroq yangidan yangi avlodlarning ko‘ngil tashnaligini qondirajakdir. Nur o‘laroq shuurlarni yoritguvsidir.

Nurboy JABBOROV,

Filologiya fanlari doktori, professor.


2 313
O‘zA