O‘zA O`zbek

03.10.2019 Chop etish versiyasi

Ona tilim - oltin sandig‘im

Ona tilim - oltin sandig‘im


21 oktabr - O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun


ONA TILIM

Yobonlarning cheksizligi,
Ham samumi, ham hovuri,
Onajonlar allasidan,
Ko‘z yoshidan, oq sutidan;
To‘qaylarning tengsizligi,
Jilg‘alarning sho‘x g‘ovuri,
Yigitlarning yallasidan,
Suluvlarning sukutidan —
Yo‘g‘rilgan til —
Ona tilim.

Daryolarning toshqin payti
Arslon yanglig‘ arillashi,
Dovonlarning ko‘k qiyosi,
Qorli tog‘lar jilosidan,
Cho‘ponlarning qamish bayti,
Childirmaning darillashi,
Go‘ro‘g‘lining alp siymosi,
Alpomishning da’vosidan —
Tug‘ilgan til —
Ona tilim.

Tulporlarning asovligi,
Tosh chaqishi, olovligi,
Bobolarning oltin so‘zi,
Bo‘yoqchining o‘lanidan:
To‘quvchining alg‘ovligi,
Chilangarning dalg‘ovligi,
Bu tuproqning qo‘sh ho‘kizi,
Qo‘shchisi ham qo‘lanidan —
Yaralgan til —
Ona tilim.

Shu tuproqning jon ayamas
Tarlonlari, burgutlari,
Kelinlarning dildoshligi,
Yor-yorlarning jarangidan;
Bosqinlarning bedodligi,
Buvilarning o‘gitlari,
Do‘mbiraning mungdoshligi,
Dutorning ham tarangidan —
Taralgan til —
Ona tilim.

MIRTEMIR,

O‘zbekiston xalq shoiri


ONA TILIM O‘LMAYDI

Notiq dedi:
«Taqdir shul,
Bu jahoniy iroda.
Tillar yo‘qolur butkul,
Bir til qolur dunyoda».

«Ey voiz, pastga tushgin,
Bu gap chiqdi qaerdan!»
Navoiy bilan Pushkin
Turib keldi qabrdan.

Kim darg‘azab,
Kim hayron,
Chiqib keldilar qator:
Dante, Shiller va Bayron,
Firdavsiy, Balzak, Tagor.

«Va’zingni qo‘y, birodar,
Sen aytganing bo‘lmaydi».
Barcha dedi barobar:
«Ona tilim o‘lmaydi».

— Hey, bu qanday aqida! —
Qo‘lida tabarruk jom,
Go‘zal forsiy haqida
Ruboiy aytdi Xayyom.

Ehtirosli, otashdil
Beranje so‘rdi nolon:
— Nahotki, farangi til
Yo‘qolgusi bir zamon!

Neruda, Lorka turdi
Servantesning yoniga:
— Kim qasd etib tig‘ urdi
Ona tilim joniga!

Fuzuliy yondi:
— Ozar
Tili guldek so‘lmaydi.
Barcha dedi barobar:
«Ona tilimo‘lmaydi».

Kamalakdek rango-rang
Bo‘lsin deb san’at, tillar,
Asrlarcha qildik jang,
Armon qildik ming yillar.

Beqadr bo‘lsa, nahot,
Tillardagi tarovat!
Yo‘qoldi bu kun, hayhot,
Qabrlarda halovat!

«Faust» yondi gurillab,
«Xamsa» o‘tga tutashdi.
Bir sado jahon bo‘ylab
Taraldi, tog‘lar oshdi.

Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo‘lmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim o‘lmaydi!

ERKIN VOHIDOV,

O‘zbekiston xalq shoiri


805
O'zA