O‘zA O`zbek

29.10.2019 Chop etish versiyasi

Ona tilim

Ona tilim
Ona tilim - oltin sandigʻim

Ona tilim

Ona tilim oltindan qimmat,

Sensiz qolsam kim boʻlaman men?

Borsa kelmas yoʻllarda gʻoyib,

Tosh boʻlaman, chim boʻlaman men.

Ona tilim sensiz sargʻayib,

Bir chekkada jim boʻlaman men.

Oʻzga tillar saltanatida,

Bir yugurdak yetim boʻlaman men.

Kimdir aytdi: “Baxtsiz til – bu til”,

Seni baxtsiz qilgan menmasmi?

Oʻz onasi bir chetda qolib,

Oʻzga tilga mahliyo, mastmi?

Nima qilsam kechirasan ayt?

Kuygan nondek isrofligim ayt!

Buxoriydek imonligim ayt!

Termiziydek insofligim ayt!

To Oʻrxundan Enasoy qadar,

Hoqon tilim, qurbon tilim ayt!

Xos Hojibdek eshon tilim ayt!

Shoh Boburdek choʻlu dasht aro,

Tojsiz qolgʻon sulton tilim ayt!

Kel poyingga boshimni qoʻyay,

Olovlardan chiqqansan omon.

Sen bolam - deb, beshikdan olib,

Qulogʻimga aytgansan azon.

Mening uchun sendan ulugʻ yoʻq,

Ona tilim – buzrukvor shohim.

Mendan oʻtdi kechir, afv ayla,

Ona tilim - olampanohim.

Allohimni tanitgan hayrat,

Nima qilsam mendan rozisan?

Navoiydek muhtasham, hazrat,

Qoshgʻariyning joynomozisan.

Avliyolar tutgan tasbehsan,

Sochilmassan, tuproq boʻlmassan.

Olovlardan oʻtgan Qaqnussan,

Sen oʻlmassan! Yoʻq, sen oʻlmassan!

Qoʻlyozmalar yonmaydi, yonmas,

Asrab turar mustahkam devor.

Loqaydlikning qoʻldan gugurtin,

Tortib olar tilshunnoslar bor.

Mening uchun sendan ulugʻ yoʻq,

Ona tilim- buzrukvor shohim.

Sen bordirsan demak, oʻzbek bor,

Ona tilim - olampanohim.

Zulfiya MOʻMINOVA,
shoira

948
O'zA