O‘zA O`zbek

31.10.2019 Chop etish versiyasi

Oltin o‘lka

Oltin o‘lka


(ESSE)

(Davomi)

BAZALT KONI

Kim ko‘p narsaga erishmoqchi bo‘lsa, o‘z oldiga katta talablar qo‘yishi lozim.
G‘arb hikmati

Ertalab, nonushtadan keyin, «Neksiya»da Bog‘don tog‘i oralagan so‘qoqdan bazalt koniga o‘rlarkanmiz, ko‘nglimga shu gap keldi: «Turg‘un Ko‘chkin kadr tanlashni bilarkan. Matlab Sarimsoq, Farhod O‘nar, Ubaydulla Soyaqullar o‘z sohalarining chin bilimdonlari, ajoyib insonlar. «Xulq – har kim o‘z qiyofasini ko‘rsatadigan ko‘zgu» degan ekan bir donishmand. Men Farhod, Matlab, Ubaydullalar timsolida Bog‘don kelajagini ko‘rganday bo‘ldim. Ular haromdan hazar qiladigan, halol, ishchan insonlar. Men Yaratgandan shunday insonlar ko‘payishini so‘radim. Bularsiz yurtimizning obod bo‘lishini ko‘z oldimga keltirolmadim.

«Neksiya» qachonlardir ulug‘ otam – Ahmad Oqsoqolning bog‘ uyi bo‘lgan manzilga – «Qayrag‘ochlik»ka qo‘ndi. Bobo makonimda 50 yillar chamasi bo‘lmaganimga yuragim ­hapqirdi, ko‘zlarimdan yosh oqdi. Tiz cho‘kib, aziz tuproqni o‘pdim. So‘ng bobom, bobolarimning nomlariga tilovat qildim.

Bu go‘zal manzil «Qayrog‘ochlik» dey­i­lishiga sabab: Xushnoz (Xushnazar, Ahmat Oqsoqolning amakisi), bobomning bog‘ uyi oldidagi bulog‘i qoshida, hovuz bo‘yida to‘rt tup qayrog‘och o‘sardi. Tangriga beadad shukur, qayrag‘ochlarni burungi holda ko‘rdim va bundan behad sevindim.

Yo‘l boshlovchi Fazliddin Inat qarindoshimiz bo‘ladi. Uning rahmatli otasi Niyat aka ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. Yuk mashina haydardi. U Fazliddin geolog bo‘lishini istardi. Niyati xolis ekan, tilagiga yetdi. Fazliddin Toshkent politexnika institutining geologiya fakultetini tugatdi. Eshitishimcha, u qobiliyatli geolog, g‘ayratli yigit. Yoshi 51 da. Fazliddin meni bazalt koni bilan tanishtirdi:
– Bazalt koni Ahmat Oqsoqol bobomizning bog‘ uyidan boshlanadi va o‘nlab chaqirim g‘arbi shimolga cho‘zilgan joylarni ishg‘ol etadi.

Fazliddin Inat o‘ng qo‘lini cho‘zdi va tog‘ yuzasini qoplagan kulrang-qora tosh­larga ishora qildi. 30 metrgacha «tomir» otgan bu qirrali, qirrasiz toshlar qo‘zi, echki, tuya kattaliklarida ko‘zga tashlanardi.

– « Bazalt» qaysi el so‘zi, Fazliddin?

– Efiopiyacha, chunki u qadim zamonda (birinchi marta) shu yurtda topilgan. Efiopiyaliklar uni «basal’ deyishgan. Adashmasam, Efiopiya tili «Amxara» tiliga mansub. Bazalt – «efiopiyacha «qaynayotgan tosh», «temirga qorishiq tosh» ma’nolarini anglatadi.

– Bazalt qachon, qanday paydo bo‘lgan?

– Buning anig‘ini hech kim bilmaydi, mening taxminimcha, million yillar silsilasida vujudga kelgan, vulqonlar natijasida.

– Yaratganning qudratiga qarang!

– Fazliddin, bazalt to‘g‘risida menga biroz tushuncha bersangiz.

– Bu tosh hayotimizning ajralmas qismiga aylanyapti, – dedi fikrini jamlab Fazliddin Inat. – Sababi, u eng muhim tarmoqlarda ham qo‘llanmoqda. Harbiy sanoat, uchoqsozlik, kemasozlik, kosmos va suv inshootlari usiz «nafas» ololmaydi. Bazalt mahsulotlarining 70-80 foizi shu sohalarga ketmoqda. Qolgani (20-30 foiz) bino, metro, ko‘prik… deyarli barcha qurilishlarga ishlatiladi. Temir yo‘l, so‘qoqlarning ko‘tarmalarida ham qo‘llaniladi. Chunki bazalt mahsulotlari (armatura, kompozit simto‘r, fabrivolka) temirnikiga nisbatan 40 foiz arzon, 10 marta yengil, mustahkam, zanglamaydi. Issiqlikka chidamli. Anig‘i: selsiy bo‘yicha 3000 darajagacha chidamli. Toksik moddalar ajratmaydi, ekologik toza.

Bazalt armaturaning xizmat muddati – 80 yil. Ular simlar va plastik xomutlar orqali mahkamlanadi. Bu payvandlashga nisbatan mustahkam bo‘ladi. Olimlarning talqinicha, bu usul cho‘ntakbop, yengil, qulay, zilzilaga chidamli.

Beixtiyor boshimdan shu fikr kechdi: «O‘zini tutishidan, gap-so‘zidan oqil yigitga o‘xshaydi. Turg‘un Ko‘chkin qobiliyatli kishilarni ishga jalb etgan ko‘rinadi» .

Ulug‘ otamning bog‘i ustida (hozir bu uzumzorga Muxtor Xudon otli qarindoshimiz qaraydi) bir ekskavator bazalt toshlarini «MAN» (Samarqandda ishlab chiqilgan mashina)ga yuklamoqda. Ikkinchi «MAN» navbat kutmoqda.

– Bular Hoji otaning texnikasi, – dedi Fazliddin va picha sukutdan so‘ng qo‘shimcha qildi, – Men dunyoga kelib, Hoji otadek ish ko‘zini biladigan kishini ko‘rmaganman. U bir ishga kirishishdan oldin ming o‘ylab ko‘radi, aqlli kishilar bilan maslahatlashadi, keyin, ya’ni shu ishning uddasidan chiqishga ishonch hosil qilsa, reja tuzadi. Bu uning temir odati, balki buni tug‘ma odat desa bo‘lar.

Hoji otaning yana bir odati bor. U bir ish bilan to‘xtab qolmaydi. Yangisini o‘ylab topadi. Uni mukammal amalga oshirish uchun tinmaydi.

Bir odamga olqish…

Bu maqtovlarning samimiyligiga ishonsam-da, ko‘nglimning bir chetida ikkilanish ham bordek edi. Tuman hokimi o‘rinbosari Jahongir Jiyan mendagi o‘zgarishni sezdi shekilli: «Hoji ota maqtovga loyiq inson,– dedi jiddiy bir tarzda.– Sizga bir misol aytaman. Bazalt zavodini ochish uchun Hoji ota birinchi galda toshning sifati to‘g‘risida bosh qotirdi. Mutaxassislar bazaltni sifatli deyishsa ham, buni amalda sinashni istadi.

«MAN»ga 30 tonna tosh yuklatdi va uni Ukrainaga – avval Kiev tog‘ ma’danlarini o‘rganish institutiga, so‘ng Xarkov bazalt zavodiga olib bordi. Ular mana shu ko‘rib turganingiz Qayrag‘ochlikning bazalt toshini sifatli, deb baholashdi. Shundan keyin Hoji ota cho‘lda bazalt zavodini qurishga jazm etdi.

– Fe’li shundoq, har ishni yetti o‘lchab, bir kesadi. – Xolmat Mamat Jahongirni tasdiqladi.

Geolog Fazliddin Inat bilan xayrlashdik. Markaziy Osiyoda birinchi, yer yuzida to‘rtinchi atalmish – O‘zbek bazalt zavodiga yo‘l oldik.

MARKAZIY OSIYoDA
BIRINChI BAZALT ZAVODI

Bilki, mayda narsalar aro
Maydalashib ketadi odam.
Ulug‘likka kim bo‘lsa hamdam,
Katta ishlar qilur doimo,
Ulug‘ bo‘lur shunda o‘zi ham.
GYoTE

Cho‘l oralab, bir og‘och o‘smaydigan qir etagiga – 10 000 m2 maydonni egallagan «MEGA INVEST INDUSTRIAL» otli zavod – (bazalt zavodi)ga yetib keldik. Uning so‘l yonida turkiyaliklar qurgan sement zavodi gupurib ishlamoqda. O‘rtani temir yo‘l kesgan. Ikkala tomonda allanimalarga mo‘ljallangan binolar ham bor. Ular ­atrof­ga salobat to‘kib turibdi.

Men o‘zimni go‘yo shaharga kelib qolganday his etdim. «Qip-qizil cho‘lda shunday mahobatli binolar-a!» dedim ichimda.

Zavod qopisiga yaqinlashishimiz bilan, u o‘z-o‘zidan ochildi. «Hatto Toshkentda ham o‘z-o‘zidan ochilib-yopiladigan qopilar kam», deb o‘yladim. Qoyil! Turg‘un Ko‘chkinga qoyil! Alisher, G‘anisher, Zafar, Uyg‘unlarga qoyil!

Bizni (Jahongir Jiyan, Xolmat Mamat, Evril Turon) ko‘rkam bir yigit jilmayib qarshi oldi. Quchoqlashib ko‘rishdik.

– Mamadali aka, meni tanimadingiz-a? – istihola bilan so‘radi u.

– Uzr… Ko‘zimga issiq ko‘rinyapsiz.

– Men Yorqinman, «Yorqin Tilab» der edingiz meni. Yunusoboddagi uyingizda bo‘lganman, onam bilan. Vatan qizingiz bilan Iroda singlim dugona.

– Esladim! – Yorqin Tilab bilan qayta quchoqlashib ko‘rishdim.

– Men shu zavodda direktorman, Mamadali aka.

– O‘-ho‘! Zo‘r! Tabriklayman, Yorqin!

Yorqin Tilabning ortiqcha jihozsiz ofisiga kirdik. Kotiba qiz bir choynak ko‘kchoy va bir likobchada konfet olib kirdi. Choy icharkanmiz, Yorqin Tilab mening bermoqchi bo‘lgan savolimni yuz-ko‘zimdan sezdi va quyidagilarni ­ayt­­di:

– Hoji otaning sharofati bilan zavodni juda tez fursatda – 2017 yilda qurib bitkazdik. Bunda uning o‘g‘illari – Alisher, G‘anisher, Zafar, Uyg‘un to zavod ishga tushgunicha, tun-u kun, navbatma-navbat bu yerda bo‘lishdi. O‘zingiz bilasiz, Mamadali aka, maqsadga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Maqsad metin iroda, qat’iy ishonch, chinakam mehnat birlashuvi bilan amalga oshadi. Bu Hoji otaning so‘zi. Uning o‘g‘illari shu so‘z bilan ish tutishadi, men ham.

Shu on, tuyqus, bir hikmat xayolimga keldi: «Jiddiy, teran, haqiqiy iroda, eng avvalo, maqsadga erishishga bo‘lgan ishonch tasavvuri bilan uyg‘unlikda ifodalanadi».

– Zavodimizda 330 nafar odam 4 smenada ishlayapti, – Yorqin Tilabning gapidan xayolim tarqadi, – Bir kecha-kunduzda 3,5 tonna tola ishlab chiqaryapmiz. Undan Jizzax shahrida joylashgan korxonamiz turli shakl, hajm, uzunlikda armatura tayyorlaydi.

– Nega Jizzaxda? Bu iqtisodiy zarar-ku! Tag‘in ortish, eltish, tushurish uchun qancha vaqt shamolga sovuriladi. Shu uchun armatura zavodini shu bepoyon cho‘lda – bazalt zavodi yonida qurish lozim.

– To‘g‘ri, biroz iqtisodiy kuchga kiraylik, so‘ng Hoji ota ham, menimcha, shundoq fikrda.

– O‘zi ko‘rinmayaptimi?

– Toshkentda, O‘tagul momom (Turg‘un Ko‘chkinning umr yo‘ldoshi E.T.) bilan birga «Chinobod» sanatoriysida dam olyapti.

Men sanatoriyga borishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Yorqin Tilab zavod ishini tushuntirishda davom etdi:

– Ishlab chiqarish turini kengaytiramiz. Chunki bazalt mahsulotlariga faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyoda ehtiyoj katta. Mashinasozlikda undan avtomobillarga karbon, bufer, gulishitellarga to‘r yasaladi. Raketasozlikda ham u juda muhim ahamiyatga ega. Kompozit quvurlar (trubalar) ham shu mahsulotdan tayyorlanadi. O‘t o‘chiruvchilarga kiyim-kechaklar ham shu mahsulotdan tikiladi. Gapning qisqasi, u hamma sohaga kerak. Chunki bazalt mahsulotlari metall va boshqa mahsulotlarga qaraganda ko‘p marta sifatli. Eng muhimi, o‘tga o‘ta chidamli, korroziyaga uchramaydi va har qanday holatda ham o‘z texnik xususiyatini yo‘qotmaydi. Yana bir afzalligi – bazalt armatura ishlatilgan binolarda mobil aloqa signali yaxshi o‘tadi.

O‘zbek «Ming eshitgandan, bir ko‘rgan afzal» deydi. Olman, turk, yapon, rus texnologiyasi asosida ishlayotgan, davlatga milliard so‘mlab foyda keltirayotgan zavodni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdik. Men noyob uskunalardan bazalt toshlar ipakdek eshilib chiqib, tolaga aylanayotganidan hayratga tushdim. O‘z ko‘zlarimga ishonmay, ularni qayta-qayta ushlab ko‘rdim.

Afsona! Toshdan shunday mahsulot! IPAK TOLA! IPAKDEK MAYIN TOLA!

Xolmat Mamatning ham bu yerga birinchi kelishimi yoki yangi narsani har ko‘rganda hayajonlanadigan kishilar toifasidanmi, bilmadim, u ham mendek hayratlandi: MO‘JIZA!

– Shu mo‘jizadan tumanda yana 4 ta qurish kerak, Yorqin.

– Men ham ko‘pdan shundoq (bog‘donlik­lar «shunday»ni «shundoq», «bunday»ni «bundoq» deyishadi .E.T.) fikrdaman, Mamadali aka. Hozirgi qazib olishimizdan kelib chiqib aytsam, bazalt 1000 yilga emas, 5 ming yilga yetadi. Hatto, undan ham ko‘pga desam, yanglishmayman. Shundoq ekan, tag‘in 4-5 ta bazalt zavodi qursak, adashmaymiz. Bular yurtimiz iqtisodi keskin o‘sishiga sabab bo‘ladi. Men bunga aminman.

Yuqorida aytganimdek, bazalt – xaridori chaqqon mahsulot, o‘lmas, buzilmas, aynimas mahsulot. Hozirning o‘zidayoq, bizga o‘nlab davlatlar murojaat etishmoqda. Biroq, hozir bu narsa o‘zimizdan, O‘zbekistondan ortmayapti.

Jahongir Jiyan fikrimizni quvvatladi:

– Yaqinda bu zavodga muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashrif buyurganda, bazalt zavodlari sonini ko‘paytirishimizni alohida ta’kidlab aytdilar.

– To‘g‘ri, to‘g‘ri!– dedi Yorqin Tilab.

– Men hokim muovini sifatida bundan ko‘p sevindim. Zavodlar qurilishi tumanimiz iqtisodini ko‘taradi. Shu bir korxonaning o‘zi ham bizga tog‘dek tayanch bo‘lyapti.

– Zavodimizda 330 nafar yigit-qiz ishlayapti, – Yorqin Tilab Jahongir Jiyanning gapidan ilhomlandi.

Biz turli hajmda tosh maydalaydigan uskuna ( drabilka) va bazalt, tola sifatiga mas’ul laboratoriyani ko‘zdan kechirdik. Ikkovida ham tartib, tozalik ustuvor.

Maxsus, ozoda kiyimlari o‘zlariga yarashib turgan Islom Shoqosim, Muhayyo Jo‘ra, Shahnoza O‘ktam kabi ishchi, laborantlar bilan qo‘nishdik. Ularning kayfiyatlari yaxshi va o‘z yumushlaridan rozi ekanliklari yuz-ko‘zlaridan sezilib turardi.

Tun-u kun yemoq pishiradigan oshxonaning saranjom-sarishtaligi ham, oshpazlarning xushmuomalaligi ham bizga yoqdi. Shunda xayolimdan bir donishmandning shu gapi o‘tdi: «Xursandchilik bilan ishga kirishgan va qilgan ishidan mamnun bo‘ladigan odam baxtiyordir».

TUGANMAN

Xitoy xoqonining ipak gazmoli ko‘p,
lekin o‘lchamay kesilmaydi.
Xitoy maqoli

Men yana 3 kun oltin vodiyni kezdim. Turg‘un Ko‘chkinning Jizzax shahridagi 2 ta ip yigiruv fabrikasida bo‘ldim. Birinchisi tamiz (sof) nemis texnologiyasi asosida ishlayapti. Ikkinchisi (yirigi) Olmoniya, Avstriya, Turkiya, Italiya texnologiyalari bilan endi ish boshlaydi.

Fabrikalarning bosh­liqlari bog‘donlik Temur Madamin, A’zam Burxon. Ish bilar yigitlar.

Birinchi fabrikada 150 nafar yosh (asosan xotin-qizlar) bir kecha-kunduzda (ish 4 smenali ) 20 tonna ip yigiradi. Buning bir yilligi xomcho‘t qilinsa, 240 tonna bo‘ladi.

Ko‘nglim og‘ridi: Men bor-budimdan ayrilsam ham, shuncha ezilmasdim. Biroq xalqimning mang­lay teri bilan yaralgan bu behisob boylik Shimolga suv tekinga oqayotganiga ezildim. Agar bu oltin iplar o‘zimizda gazlama va kiyim-kechak qilib sotilsa, undan beqiyos foyda ko‘rilardi. Mardikorlikda tinka-madorlari qurib yurgan qondoshlarimiz ham ish bilan ta’minlanardi.

Men yuqorida Chin maqolini bejiz keltirmadim. U sal o‘zgartirilsa, ya’ni «O‘zbekning gazmoli ko‘p, biroq o‘lchamasdan kesadi» deyilsa, undan «O‘zbek tejamaydi» degan ma’no chiqadi. Jizzaxning ip yigiruv fabrikasi bunga bir misol. To‘lib-toshilsada, tejamli bo‘lish kerak. Yo‘qsa, tog‘ ham chidamaydi…

Tarixchi olimlar xato qiladilar. Aslida, bu maqol Xitoyda 150 yil hukmronlik qilgan (6-7-yuzyilliklar), alal oqibat xitoylashgan Turk tavg‘achlarining maqoli.

Buyuk Qoshg‘orli Mahmud so‘zi: «Tavg‘och hoqonining gazmoli ko‘p, biroq uni o‘lchamasdan kesmaydi».

Men Toshkentga qaytgan zahotim ulug‘ ishbilar Turg‘un Ko‘chkin bilan oltin iplarni Shimolga yuborilishi to‘xtatilishi, yangi to‘quv, tikuv fabrikalari qurilishi haqida qo‘nishmoqni oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Shunda professor O‘rdabeklining gapi miyamda tug‘yon urdi: «Agar tanqid beg‘araz, yurakdan bo‘lsa, meva beradi».

Temir Madamin xayolimni bo‘ldi:

– Fabrikamiz har oyda elektr energiya­­ga 3 yuz million, gazga 1.5 million, davlatga 550 million so‘m soliq to‘lashiga qaramay, katta foyda beryapti.

– Agar xomashyoning yo‘li Shimolga to‘silsa, bundan 10 marta ortiq foyda ko‘rasizlar, Temur, – dedim.

U o‘ylanib qoldi.

Jizzax o‘lkasi bo‘yicha 9 yuz million AQSh dollariga bunyod etilgan ikkinchi fabrikaga o‘tdim. A’zam Burxon bir og‘iz gapirdi:

– Korxonamiz uzog‘i bilan 20-30 kunda ishga tushadi. Unda 200 nafar odam ishlaydi.

Shu on, ne uchun bilmayman, Islom O‘g‘izning she’ri qalbimda qanot qoqdi:

Har narsada bordir karomat,

Ko‘rar uni kim topsa toqat…

Zomin, Paxtakor, Zarbdor, qisqasi, Jizzax vodiysida yengil sanoat tarixda ko‘rilmagan darajada tez rivojlanayapti. Buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

Matbuot, radio, televedinie shohid: butun O‘zbekyurtda shundoq yuksalish.

Beixtiyor Leninning so‘zini esladim:

«Mazlumlarni ozodlikka olib chiqib, odil xalq hokimiyatini barpo etamiz, yer yuzini har qanday zulum va zo‘ravonlikdan, qullik va xorlikdan xalos etamiz».

Xalqlarni shundoq ezgu so‘zlar bilan aldab, hokimiyat tepasiga chiqqan proletariat dohiysi o‘z gapining teskarisini qildi. Qullik zanjirini battar mustahkamladi. O‘zbekis­tonga nomiga 3-4 ta korxona (hozirgidan ming marta kam) qurdi. Buni ham bo‘lsa, o‘zga tilli aholilar zich yashayotgan kentlarga. Vatanni paxta qulligiga aylantirdi. Bu bilan «madaniy o‘lim» (paxtaga uchoqda zaharli dorilar sepilgan. Bundan behisob dehqonlar o‘lim topgan, tag‘in qanchasi tuzalmas kasalga yo‘liqqan)ni keng ko‘lamda joriy etdi. O‘zbekistonning (butun Turkiston – Turon ellarining ham) o‘z so‘zi, O‘zlik so‘zi yo‘q edi.

She’r:
Kundan-kunga Turkiston ojiz,
G‘aflatidan turmas uyg‘onib.
Turon qoldi dunyoda yolg‘iz,
O‘z dardiga o‘zi chulg‘onib. (Islom O‘g‘iz)

G‘animning makrga g‘arq hukmi bilan beshga bo‘lingan Markaziy Osiyo Markazning xomashyo bazasiga aylandi. Bu ­xomashyo bilan Markaz iqtisodiy, harbiy salohiyatga erishdi.

Yaratganning sharofati bilan o‘zlik (mustaqillik)ka erishganimizdan keyin ham, tom ma’nodagi siqintilardan, yolg‘on, tuhmat, hamd-u sanolardan, bo‘rttirib ko‘rsatish va korrupsiya illatlaridan qutulolmadik.
Quruq maqtov, «ura-ura»chilik bilan ish bitadimi?

Uch yilki, o‘z eliga SO‘Z, QALB, E’TIQOD erkinligini berib kelayotgan O‘zbekiston har sohada o‘sdi.

Bugun ko‘zi ochiq odam mamlakatda hamma sohada o‘sish bo‘layotganini, jumladan, qurilishda ham o‘nlab, yuzlab yo‘l, ko‘prik, metro , bino, shahar, shaharchalar qurilganini ko‘radi.

Ko‘zi ochiq odam shu yilning o‘zida 132 ta zavod, fabrika barpo etilganini ko‘radi.

Ko‘zi ochiq odam O‘zbekiston dunyoga yuz tutganini ko‘radi.

Ko‘zi ochiq odam dunyo O‘zbekistonga qalbini ochganini ko‘radi.

Men Jizzax safaridan qaytarkanman, boshimdan shular o‘tdi. Yana Tangridan xalqimga ahillik, noshukurlarga insof so‘radim. Yana Amerika, Ovro‘pa, Rossiya davlatlaridan ibrat olishni, el-yurtimizning omonligi va farovonligi yo‘lida zamonaviy zavodlar qurishimizni o‘yladim.

Evril TURON


836
O‘zA