O‘zA O`zbek

20.02.2019 Chop etish versiyasi

OLTIN OʻLKA

OLTIN OʻLKA
OʻZBЕKISTON YOZUVCHILAR UYUSHMASI YOʻLLANMASI BILAN

Evril TURON

42a7b3c6_a5fe_4b22_9619_220df6d0092d.jpg

OLTIN OʻLKA
“Yoʻldagi oʻylar” turkumidan

Istak, gʻayrat bilan
bitmaydigan ish yoʻq.
Amur Temur

Eng ogʻir damlaringda, keksayib qolgan chogʻlaringda, seni kimdir qoʻllasa, ochun koʻzingga goʻzal koʻrinarkan. Shunda dunyoga kerakligingni yana qayta his etarkansan. Bundan sogʻligʻingga sogʻliq qoʻshilarkan, xatti-harakatlaring jonlanarkan, oʻzingni tetik sezarkansan...

Shu tuygʻu taʼsirida men erta tongda tiniq kayfiyat, tiniq ruh bilan Ota makonga yoʻl oldim. Tangri qoʻllovini, yangi siyosat mevasini tuyaroq...

Bu – 27 yildan keyingi ilk safarim edi. Ahamiyatlisi: Rasmiy... Maqsadim: hozircha Jizzax oʻlkasi timsolida Oʻzbekyurtdagi oʻzgarishlarni koʻrish va qogʻozga endirish edi. Oʻz imkonim, oʻz qobiliyatim darajasida.

Ulugʻ Sharof Rashidov qurgan, boshkent bilan Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Qaraqalpoq oʻlkalarini bogʻlovchi beton soʻqogʻidan yoʻlga tushdim.

Nisbatan keng yoʻl. Nisbatan tekis yoʻl. Ikki yoqlama harakat. Xavfsiz. Qulay.

Soʻqoqning ikki tomonida ham boʻsh yer yoʻq. Ekinzor, Ogʻochzor... Koʻngil yayraydi.

Ming-ming yildan beri tinsiz oqayotgan, Oʻgʻizxon, Chingizxon, Temur hoqonlar kechgan Sayxundan kechdim.

Yuragimda:

Toʻlqin-toʻlqin armon,

Toʻlqin-toʻlqin quvonch,

Toʻlqin-toʻlqin Turon sevgisi...

Yer yuzining ziynati boʻlgan Turon,

Yer yuzining qudrati boʻlgan Turon...

Uzoq kechmishlar...

Orzu boʻlib qolgan kechmishlar.

Amalga oshishga umid bogʻlovchi kechmishlar...

“Oqqan daryo oqadi”... Daryodan bir chaqirim yurishimiz bilan soʻqoq ayri keldi. Toʻgʻriga Sharof Rashidov qurgan yoʻl. U 40 kilometr uzunlikda qozoq dashtini kesib oʻtadi. Yaqin yoʻl. Soʻl – Guliston shahriga. Aylanma, uzoq yoʻl, 89 chaqirim zararga. 89 chaqirim!.. Bundan ulus qancha zarar koʻradi?

Yillar chiqimi: trillion-trillionlar. Vaqt yutqizigʻi!.. Asab yutqizigʻi!..

89 chaqirimdan keyin (Oqoltin tumani hududida) ayri yoʻl toʻgʻri yoʻlga qoʻshiladi.

Oʻzbek bilan qozoq bir tugʻishgan el. Umuman, Oʻrta Osiyo uluslari qondosh uluslar. Gʻanim bosqinidan soʻng bir butun turkiy hudud beshga boʻlingan va besh nom bilan atala boshlangan. Oʻzbek, Qozoq, Qirgʻiz, Turkman, Tojik.

Oʻrta Osiyo ellari – qondosh el ekan, oʻzaro oʻrtani buzish nechun?

Qoʻshnilar bilan tinch-totuv boʻlishni Shavkat Mirziyoyev amalda koʻrsatdi. Bundan, menimcha, koʻpni koʻrgan oqsoqol Nursulton ogʻa koʻp quvondi. Qirgʻiz, Turkman, Tojik prezidentlari ham. Ayniqsa, ellarimiz sevinchlari cheksiz boʻldi.

Qondosh xalqlar aro: “Sendan men zoʻrman!” degan fikrni kim keltirib chiqarsa, u elboshimi, olimmi, oydinmi, oddiy yurtdoshmi (fuqaromi), kimligidan qatʼiy nazar, uni “Xalq yovi” deb atash lozim. Odatda bunday gap: xudbinlardan, kaltabinlardan chiqadi. Oqibat, bundan: ellar zarar koʻradilar, davlatlar zarar koʻradilar.

Qozoq dashtini kesib oʻtuvchi soʻqoq masalasi Yurtboshilar oʻrtasida (Shavkat Mirziyoyev, Nursulton Nazarboyev) rasman yechilgan. Biroq, 40 chaqirimlik yoʻlga 7 ta nazorat posti oʻrnatilgan. Buni qandoq tushunish mumkin? Oʻrtaga kimlar gʻulgʻula solyaptilar? Turli sabab, vajlarni: toʻqib, bichib, boʻrttirib...

Ular tekshir-tekshir kasaliga yoʻliqqanlar. “Sendan men kammi?” degan kasalga. Soatlab (kamida 2 soat. Shaxsan buning guvohi boʻldim) vaqtni oladilar. Oʻzbegi ham, Qozogʻi ham. Shu bois, bu soʻqoqdan avtoulov yurmaydi. Uzoq boʻlsa ham aylanma yoʻlni maʼqul koʻradi.

Bu borada Ovroʻpa davlatlaridan ibrat olmaymizmi? Ularda chegaralarni kesib oʻtuvchi soʻqoqlar masalalarida muammolar yoʻq. Oʻrischa aytganda, yoʻllar “zelyonny”. Ovroʻpaliklar: inson qadriga yetadilar, vaqtni qadrlaydilar. Shoʻro davrida mashinalar faqat shu yoʻldan qatnardilar. Tekshiruvlar xuddi Ovroʻpadagidek oniy tezlikda oʻtardi. Endi?..

Men umid qilaman: bu masala davlat miqyosida qayta qoʻriladi va hal etiladi. Toʻgʻri soʻqoqning birinchi postida tekshir-tekshirdan zada boʻldik. Yarim soat vaqtimizni shamolga sovurdik. Aylanma yoʻlga qaytdik. Manzil uzoq. Meni xayol qurshaydi. Yengib boʻlmas xayollar...

Menimcha juda koʻp narsalar xayolda pishadi, tugʻiladi: fikrlar, ixtirolar, kashfiyotlar, asarlar...

... Jizzaxga ancha yoʻl. Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo!.. E-he, yana qancha masofa! Ulardan-da narida Xorazm, Qoraqalpoq!.. Yuzlab chaqirim! Minglab chaqirim!.. Goʻyo yerning narigi tomonidagidek tuyuladi menga.

Toshkent qayda? Oʻzbekyurtning eng chekka qismida. Qozoqyurtning biqinida. Ul olis oʻlkalardan Toshkentga kelishguncha, qancha vaqt, qancha mablagʻ, qancha yoqilgʻi ketadi?

Vodiydan-chi? Xuddi shunday xarajat. Yaʼni: trillion, trillionlar!

Bu mablagʻga zavod, fabrikalar, shaharlar qurish mumkin. Davlatchilik tarixi shuni koʻrsatadi: Boshkent – yurtning oʻrtaroq qismida bunyod etiladi.

Oʻris oʻz boshkentini (boshkent – eski turkiy soʻz. Bosh kent. Yaʼni bosh shahar. “Poy” nima? “Taxt” nima? Ulus tushunmaydi. Poytaxt oʻrniga boshkent ishlatilsa, elga tushunarli boʻladi) Peterburgdan Moskvaga bejiz koʻchirmagan. Chunki, Sankt-Peterburg chet el biqinida joylashgan edi.

Men shunday taklif kiritaman: Oʻzbekiston iqtisodiy qudrat choʻqqisiga chiqqanda, Boshkentni mamlakatni nisbatan oʻrtaligʻi boʻlmish – Jizzax oʻlkasiga koʻchirish kerak. Xususan: Gʻallaorol-Bulungʻur tumanlari oraligʻidagi bepoyon (Yuqori nuqtagacha) boʻshliqqa. Anigʻi: Pomir tizmalaridan Gʻoʻbdin togʻiga qadar yastanib yotgan vodiyga, goʻzal Zomin togʻlari etaklariga, Bogʻdonning (Forish, Forish tumaniga Bogʻdon nomi berilsa, tarixiy haqiqat tiklanadi) Qizildengiz (Haydarkoʻl) bilan tutashgan yassi togʻlar oraligʻidagi afsonaviy choʻllarga.

Suv masalasi nima boʻladi?

Oʻzbekistondek davlatga, bu, deyarli muammo tugʻdirmaydi.

1. Togʻlardagi buloqlar, jilgʻalar, soylar kuchi aniq, tiniq hisob-kitob qilinadi. Soʻng qatʼiy reja asosida oʻzanlarga buriladi. Oʻzanlar esa ulkan oʻzanda birlashadi. Bundoq holda bir tomchi suv ham isrof boʻlmaydi.

2. Baxmal (Sangzor), Zarafshon daryolaridan ham irmoqlar tortiladi.

3. Yer osti daryolari yer ustiga oqiziladi.

4. Qizildengiz (Haydarkoʻl) suvi chuchuklashtiriladi.

5. Bir necha million kishining chanqogʻini qondiradigan ULUGʻ SUV havzasi quriladi.

Bu masalada Arab Birlashgan Amirligida, bir giyoh oʻsmaydigan, bir tomchi suv yoʻq yovvoyi sahroda, yaʼni Abu-Dabidagi Liva choʻli ostida qurilgan, chuchuk suv bilan toʻldirilgan sunʼiy rezervuar (dunyoda eng katta) bizga maktab boʻladi, deb oʻylayman.

Ushbu rezervuar 80 metr chuqurlikda joylashgan. Loyiha 315 ta quduqdan iborat tarmoqlardan tashkil topgan. Ular orqali (Shuvayhadagi suvni chuchuklashtirish stansiyasidan) rezervuarga har kuni 232 ming tonna suv kirib tushgan. Rezervuar 27 oy davomida toʻldirilgan. Shunday yoʻl bilan Birlashgan Arab Amirligida 26 million kub metr miqdorda chuchuk suv zaxirasi yaratildi. Loyiha qiymati 435 million dollarga baholandi.

Qaytaraman: Toshkent yurtimizning eng chetida qaror topgan. Shu noqulaylik bilan birga loysuvoq kulbalar pala-partish va zich qurilgan. Yangi binolar bunyod etish uchun ularni buzish, kulba egalarini yashash joy bilan taʼminlash lozim. Bunga qancha pul ketadi? Menimcha: milliardlar...

Agar boshkent Gʻallaorol, Zomin va yoxud Bogʻdon hududlarida qurilsa, milliard-milliard dollarlar tejaladi. Chunki buziladigan uylar yoʻq. Oʻnlab Toshkent joylashadigan boʻsh va bahavo goʻzal yerlar mavjud.

Shubhasiz, Jizzax: saodatli oʻlka, tuprogʻi oltin oʻlka, yer osti bazalt, temir, qoʻrgʻoshin, ruh, ohak, marmar, granit, kumush, oltin...larga boy oʻlka. Oʻn millionlarni boqishga qodir oʻlka.

“Shundoq ekan, hozirning oʻzida ham yangi boshkent qurilishini boshlash mumkin.

Qandoq? Quyidagi-cha:

Yer osti, usti boyligi tejab ishlatilsa;

Oʻmarilgan milliardlar ($) oʻzbek gʻaznasiga qoʻyilsa;

Yigirma besh yillik oltin Vatanga qaytarilsa;

Korrupsiya ildizi tag-tugi bilan chopilsa;

Yurtda shaffof deklaratsiya oʻtkazilsa;

Hasharga chet el davlatlari tortilsa...

Aytishga oson. Qozoq sahroda boshkent (Ostona) qurdi-ku. Biz ham bugun boʻlmasa ertaga... Istak boʻlsa bas. Gʻayrat boʻlsa bas.

Men boshkentni Ostonadan-da mahobatli kent boʻlganligini, undan Gʻarb ham hayratga tushganini koʻryapman. Xayol koʻzi bilan. Yana Amerikadek qudrat otiga minganini ham koʻryapman. Xayol koʻzi bilan.

Men, zamon kelib, shon- shuhratga toʻlgʻuvchi bu boshkentga shunday nom berilishini istayman: TЕMURKЕNT!

Bu oltin tuproqda koʻp saltanatlar qurilgan. Jumladan: Oʻgʻizxon imperiyasi, Qongʻlilar imperiyasi, Kushonlar imperiyasi, Qoraxonlilar imperiyasi, Temur Hoqon imperiyasi... Buyuk Temur 34 yoshida (1374 yilda) Keshda Turkiston saltanatiga asos soladi. U bir tugʻ ostida 27 davlatning boshini qovushtiradi. Yurtlar toʻkin oʻzgarishlardan gullab, yashnaydi.Oʻz zamonida Temur hoqon asos solgan Boshkent – Samarqand dongʻi olamga yoyiladi. Unga turli yurtlardan minglab, millionlab kishilar kelib, ketishgan: sayyohlar, elchilar, olimlar, yozarlar, rejissyorlar, aktyorlar, davlat arboblari...

Hanuz shunday.

Hind podshohi Javoharlal Neru Samarqandga tashrif buyurganida, 4300 yil ilgari bobo-momolari shu yurtdan Kashmirga (Hindistonga) hijrat qilishganini faxr ila aytdi.

Dongʻli kino artist Raj Kapur ham ota makoni Samarqand (Urgut) ekanini mehr bilan tilga oldi.

Soʻnggi umrini Turkiyada yashab oʻtgan buyuk astronom olim Ali Qushchining ham tag-tugi samarqandlik boʻladi.

Temur hoqonning nabirasi Mirzo Ulugʻbek dunyoda ilk marta Samarqandda “HISOBLASH MARKAZI”ni yaratgan. Uning astronomik markazi Ovroʻpaga koʻprik boʻlgan. Taʼriflashda davom etsam, kitobga sigʻmaydi.

Tarixda shaxsning oʻrni buyuk. Temur ayrim beklarning qarshiligiga qaramay, Samarqandni boshkent ayladi. Yanglishmadi.

Oydinlar Prezident Shavkat Mirziyoyevda Amir Temurning gʻayrat, shijoatidek gʻayrat, shijoat bor, deyishadi. Bunga ular uning ikki yilda qilgan ishlarini misol keltirishadi: “Mamlakatimiz boʻyicha koʻngil quvonadigan ishlar boʻlyapti. Bularni televediniyeda koʻrib boryapmiz. Poytaxtning oʻzida, ikki yil ichida: Sirgʻalida shaharcha, Toshkent siti, Muz saroyi, ochiq metro, koʻpriklar-u yoʻllar qurildi. Misli koʻrilmagan tezlikda. Bular tarixiy voqealar...”

Oydinlarning gaplari taʼsirida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Jizzax boʻlimi boshligʻi Mehribonning soʻzi esimga tushdi: “Yashin tezligida desam, lof boʻlmas, viloyatimizda Gagarin, Manas, Xonbandi kabi shahar, shaharchalar qayta yangilandi. Yana qancha qishloqlar obod etildi. Tagʻin, shuningdek, 9 ta: ip yigiruv, toʻqimachilik, tikuvchilik fabrikalari qurildi. Ular Nemis, Avstriya, Turkiya, Italiya, Shveysariya texnologiyalari asosida ishga tushirildi, tushirilmoqda. 9 ta!.. Aytishga oson. Amalda...

SSSR davrida yurtimizda 4-5 ta toʻqimachilik fabrikasi boʻlgan. Endi-chi... Bundan oʻzingiz xulosa chiqarib oling. Viloyatimizda yana uchta fabrika quriladi... Men buni bir chimdim ham paxta, ipakni chet elga xomashyo sifatida chiqarilmaslikka qatʼiy qaror, deb bilaman. Tarixda bunaqasi boʻlmagan”.

Mehribonning gapi sabab: Yurtboshimizning elimiz dardi qotilgan shu soʻzi yodimga tushdi: “Taqdirimiz, erkimiz kimlarning qoʻlida edi?”

Shundan kelib chiqib qaralsa, tub maqsad ayon boʻladi. Qaramlik yillarimiz koʻz oldimizda jonlanadi. Yurtimiz, yurtimizdagi butun boyliklarimiz kimlarning qoʻllarida edi? Anigʻi: qishloq xoʻjalik mahsulotlarimiz, jumladan: ipak, paxta, jun kabi xomashyolarimiz kimlarning qoʻllarida edi?
Yot qonlarning. Ular sovuq yurt sanoatini rivojlantirish, kishilarni ish, maosh bilan taʼminlash uchun oqqan. Tinimsiz oqqan, 126 yil oqqan. Birgina oltinimizning oʻzi bir dunyo boylik. Tasavvur qiling: Yer yuzi mamlakatlari ichida eng koʻp oltin koni bizda mavjud. Fikrimning isboti uchun ikki misol keltiraman: “Oʻrta Osiyo – Rus tojdagi eng qimmatbaho dur”... Vishnegorodskiy,
Rossiya Imperiyasi moliya noziri. “Rossiyaning kelajagi Oʻrta Osiyo bilan...” Gorchakov, Rossiya imperiyasi Ichki ishlar noziri.

Bu gaplardan yaqqol ayon-ki: Rossiya 126 yil, Turkiston boyligiga egalik qilgan. Undan koʻngli tusagancha foydalangan va shu tufayli qudratga kirgan. Egalikni qoʻldan chiqarmaslik uchun elga yovuzlik qilgan. Bu Leninning soʻzidan ham koʻrinib turibdi: “Chor Rossiya – xalqlar turmasi”. Bunga Turkiston general gubernatori Fon Kaufmanning soʻzi ham guvohlik beradi: “Oʻrta Osiyo xalqlarining madaniyatini, ijtimoiy taraqqiyotini uch yuz yilga orqaga surib tashladik”.

“Surib tashladik”, degani – Turkistonni iloji boricha uzoqroq qaramlikda saqlash, uzoqroq gʻarot qilish va ellariga qiron keltirib turish degani. Agar yov yovuz yoʻl tutmaganda, hozir Turkiston xalqi uch yuz milliondan oshardi. Bu degani: hozirgi Rossiya aholisidan ikki marta koʻp aholiga ega boʻlardi degani.

Dostoyevskiy soʻzi: “Haqiqat Rossiyadan ulugʻ”. Haqiqat Rossiyadan ulugʻ boʻlsa, men ayni haqiqatni aytdim. Hozircha, ochunda AQSH, Ovroʻpa sivilizatsiyasidan oʻzar sivilizatsiya yoʻq. Oʻrta Osiyo xalqi ulardan yomonlik koʻrmagan. Ular bilan tenglik asosida doʻstlik aloqalarini mustahkamlasak, xayrli boʻladi. Chunki Ovroʻpa, AQSHdan oʻrganadigan narsalarimiz koʻp. Oʻris ham ulardan oʻrganib, olgʻa siljigan. Pyotr Ining Oʻrisiyaga qilgan bebaho xizmatini eslang. U startni Ovroʻpadan olgan. Rossiyaning parvozi Ovroʻpa sivilizatsiyasidan boshlangan...

Mening professor Abdurahmon Rajab, akademik Zarif Bakir, professor Mahmud Yoʻldosh, akademik Zoir Ziyot, davlat arbobi Oʻrish Hamid, professor Mavlon Umrzoq, dotsent Ulugʻbek Nayman, Oʻzbekiston xalq artisti Ahmadjon Shukur kabi fikrdoshlarim bor. Ular: “Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni eng qudratli davlatlar qatoriga olib chiqadi” deb aytayapti.

Yuqorida men oltin konlarimiz KOʻP dedim. Biroq geolog oʻrtoqlarimning xomchoʻtlaricha yana shuncha oltin koni bor. Ular yerimiz ostidan yorugʻlikka chiqishni kutib yotibdi...

Oʻzbekistondek boy yurt ochunda kam. Agar u olmon, japoʻn, inglizlardek ishbilarmonlarda boʻlganda edi, yurtimiz chin maʼnoda jannatga aylanardi. Eng qashshoq oʻzbek ham: qasrda yashardi, yurtimiz beqiyos qudratga minardi. amerikacha qudratga, hatto...

Bundoq taqdirda oʻzbek dunyoga sochilib ketmasdi. Ayollar izdan chiqib ketmasdi.

Bunga: Kim sababchi? Nima sababchi?

Yoʻqlik. Yoʻqlik esa ochkoʻzlik, ish koʻzi va yurtni boshqara bilmasdikdan vujudga keladi. Yana: xudbinlikdan, Xudolikni davo qilishdan... Yana: hissizlikdan, ikkiyuzlamachilikdan, soʻzda turmaslikdan, oʻziga bino qoʻyishlikdan...

Munofiqlikning eng irkit koʻrinishi: soxta maqtov, soxta chapak..

Odamni yoʻldan ozdiradigan shu, shular...

Yoʻldan ozgan kas esa el-yurtga kulfat keltiradi. Bitmas-tuganmas kulfat...

Yurtimizda yer osti, usti boyliklarimizni Vatanimiz oʻsuvi yoʻlida ishlata biladigan kishilarimiz yetarli. Menimcha, buning uchun ularga: Fikr, Soʻz, Qalb erkinligini berishimiz lozim.

Bu hol davlatimizni yuksalishga boshlaydi. Oʻylashimcha, Elboshi siyosati xuddi shunga olib boradi. Fikrlardan davlat rivojlanadi.

Boshkent masalasida men shaxsiy fikrimni aytdim. Agar murod hosil boʻlsa, ulugʻvor Toshkent ulugʻvorligicha qoladi. Olmaota misol,
Nʼyu-York misol, Peterburg misol.

Shu oʻrinda Elboshining qoʻyidagi soʻzini keltiraman: “Bizdan kelajak avlodlarga yangi shaharlar qoladi”.

El koʻnglini ilituvchi bul fikrga qoʻshimcha qilaman: Oltin vohada boshkent qurgan shaxs ham tarixda qoladi. Mangu qoladi. Samarqandni qurgan ALP ER TOʻNGʻA (Afrosiyob) misol.

(Davomi bor)

11 529
O'zA