O‘zA O`zbek

14.03.2019 20:05 Chop etish versiyasi

Olti oyda oltmish nomdagi kitob

Olti oyda oltmish nomdagi kitob

Milliy matbuot markazida “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi matbuot anjumani oʻtkazdi.

“Sharq” NMAK respublikamizdagi eng yirik noshirlik korxonalaridan biri hisoblanadi. Korxonada barcha turdagi poligrafiya mahsulotlari yuqori sifat va jahon andozalari asosida tayyorlanadi. Ayni kunda korxonada 70 ga yaqin markaziy gazeta va 10 dan ortiq jurnal bosiladi. Asosiy noshirlik yoʻnalishi kitoblar nashr qilishdan iborat boʻlgan nashriyotda har yili 200 dan ortiq nomdagi badiiy, ilmiy-ommabop, diniy-maʼrifiy, ensiklopedik hamda bolalar va oʻsmirlar adabiyotlari chop etiladi.

Anjumanda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori nashriyot faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishda dasturilamal boʻlayotgani taʼkidlandi.

Nashriyot bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi kabi nufuzli tashkilotlar oʻrtasida olib borilayotgan hamkorlik haqida maʼlumot berildi. Nashriyot tarixi, hozirgi faoliyati va kelgusi rejalari haqida toʻxtalib oʻtildi.

– Keyingi paytlarda korxonamiz tomonidan nashr qilinayotgan kitoblar omma oʻrtasida alohida eʼtirof etilayotgani quvonarlidir, –deydi “Sharq” NMAK bosh muharrir oʻrinbosari Nosirjon Joʻrayev. – Ayniqsa, “Alisher Navoiy qomusiy lugʻati”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Tibbiyot ensiklopediyasi” kabi fundamental adabiyotlar, atoqli adiblarning “Tanlangan asarlar”i kitobxonlar tomonidan quvonch bilan kutib olindi. Oxirgi olti oyda nashriyotimiz tomonidan 60 nomdan ortiq kitoblar chop etildi.

Kompaniya tizimida faoliyat yurituvchi “Sharq ziyokori” kitoblar savdo markazi va uning hududiy filiallari orqali kitoblar hamda keng turdagi xalq isteʼmoli mollari oʻz vaqtida oʻquvchilarga yetkazib berilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, OʻzA
957