O‘zA O`zbek

21.02.2019 Chop etish versiyasi

Oilalar mustahkamligi – farovonlik garovi

Oilalar mustahkamligi – farovonlik garovi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ajrashish arafasida boʻlgan oilalarni saqlab qolish maqsadida oʻtkazilgan tadbir shunday nomlandi.

Tadbirga ajrashish yoqasiga kelib qolgan 38 nafar er-xotin va ularning qaynona-qaynotasi, yaqin qarindoshlari taklif etilib, notinch oilalardagi salbiy holatlarning farzand tarbiyasi, oʻqishi va kelajagiga, shuningdek, xonadondagi fayz-baraka, jamiyat rivojiga taʼsiri xususida muloqot oʻtkazildi.

Shundan soʻng “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan er-xotinlar oʻrtasida ixtiyoriy ijtimoiy tadqiqot oʻtkazildi. Soʻrovnomada ishtirok etgan 19 nafar ayolning 8 nafari oiladagi oʻzaro kelishmovchilik sabab ajrashmoqchi ekanini bildirdi. 2 nafar ayol erining xiyonati sabab, 3 nafari oilasiga yaqin qarindoshlarining aralashuvi sabab, 4 nafari boshqa sabablar bilan ajrashishni maʼqul koʻrishini maʼlum qildi. 2 nafar ayol esa, hech qanday sabab va asosi boʻlmasa-da, ajrashish lozim, deb hisoblaydi. Soʻrovnomada ishtirok etgan 11 nafar erkakning 5 nafari oiladagi oʻzaro kelishmovchiliklar sabab, 2 nafari turmush oʻrtogʻining xiyonati sabab, 1 nafari yaqin qarindoshlarning oilasiga aralashuvi sabab, qolganlari boshqa sabab yoki hech qanday sababsiz ajrashish niyatida ekanini bayon qildi.

Ijtimoiy tadqiqotda, shuningdek, er-xotinlar ajrashishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa omillar boʻyicha ham soʻrov oʻtkazilib, natijalar tahlil qilindi.

Oʻtkazilgan ijtimoiy tadqiqot natijalariga koʻra, ajrashish yoqasida boʻlgan har bir er-xotin, ularning qaynona-qaynotasi, yaqin qarindoshlari bilan yakka tartibda suhbatlashildi. Suhbatda markaz, ichki ishlar organlari va xotin-qizlar qoʻmitasi mutaxassislari, huquqshunos, psixolog va imom-xatiblar tomonidan har bir respondent bilan oilaning muqaddas qoʻrgʻon ekani, uni barbod qilishning salbiy oqibatlari, xususan, mazkur oilalarning ajralishi bilan ularda kamolga yetayotgan 35 nafar voyaga yetmagan bola ota yoki ona mehridan mosuvo boʻlishi xususida tushuntirish ishlari olib borildi.

Malakali mutaxassislar tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 3 ta oila yarashtirildi. 4 ta oilaning alohida yashash muammosi er-xotin va yaqin qarindoshlar oʻrtasida hal qilindi. 5 ta oilaga er-xotinlar oʻzaro bir-birini tushunishiga yordam berish uchun psixologik treninglarda ishtirok etishga tavsiya berildi.

2 621
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA