O‘zA O`zbek

14.03.2019 19:33 Chop etish versiyasi

Ohangaronda Navroʻz bayrami tantanalari boshlandi

Ohangaronda Navroʻz bayrami tantanalari boshlandi

Mamlakatimizda Navroʻz bayramining keng miqyosda nishonlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bahorning iliq kunlari, dala-dashtning yashillikka, daraxtlarning ajib bir goʻzallikka burkanishi koʻngillarga oʻzgacha kayfiyat ulashmoqda. Bu esa bizga Navroʻzdan darak bermoqda.

Bu gal Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Navroʻz tantanalari biroz vaqtliroq boshlandi. Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, viloyat hokimligi va “Sevimli” telekanali hamkorligida tashkil etilgan tadbir chindan haqiqiy bayramga aylandi. Karnay va surnay sadolari ostida mehmonlarning kutib olinishi, folklor jamoalarining chiqishlari, milliy hunarmandlik namunalari namoyishi, tantanalar oʻtkazilgan maydondagi oʻzgacha shukuh barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

– Yurtingizga ilk bor kelishim, – dedi Rossiyaning Qozon shahridan kelgan jurnalist Artur Valiyev. – Ochigʻini aytsam, taassurotlarim bir olam. Bugun biz, xorijlik hamkasblarim bilan Navroʻz bayrami tantanalari shohidi boʻldik. Biz uchun juda qiziqarli. Milliy taomlar namoyishi, sumalak va palovning tayyorlanish jarayonlarini kuzatdik.

Xalq sayli tadbirlari, polvonlar bellashuvi, “Yor-yor” va “Oʻlanlar” aytishuvlari, dorbozlarning chiqishlari ishtirokchilarga yanada zavq-shavq bagʻishladi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
1 342