O‘zA O`zbek

13.06.2019 11:43 Chop etish versiyasi

«Ochiq osmon. Sahro simfoniyasi» musiqiy loyihasi Nukusdan boshlanadi

«Ochiq osmon. Sahro simfoniyasi» musiqiy loyihasi Nukusdan boshlanadi

Joriy yilning 18-27 iyun kunlari O‘zbekistonning beshta shahrida katta musiqiy loyiha – «OPEN AIR. SAHRO SIMFONIYASI» bo‘lib o‘tadi. 

An’anaga aylangan loyiha O‘zbekiston Milliy simfonik orkestrining jonli konsertlari va milliy estrada san’atining mohir va yosh san’atkorlari chiqishlarini o‘zida mujassamlashtirgan.

Loyiha Nukusda I. V. Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyi yonidagi markaziy maydonda boshlanadi. Musiqa karvoni konsertlar bilan Xiva, Termiz, Qarshi va Shahrisabz shaharlarining tarixiy va san’at maydonlarida yo‘lini davom ettiradi.

Jumladan, 18 iyun kuni Nukus shahri I.V.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyi oldidagi ochiq maydonda start olib, 20 iyun kuni Xiva shahridagi «Ichan Qal’a» me’morchilik ansamblida, 23 iyun kuni Termiz shahri Surxondaryo viloyati San’at saroyi amfiteatrida, 25 iyun kuni Qarshi shahri markaziy amfiteatrida va 27 iyun kuni Shahrisabz shahri «Oq saroy» tarixiy obidasi oldidagi ochiq maydonda o‘tkaziladi.

Barcha maydonlarda loyiha uchun tashkil etilgan konsert zallari, 3 mingdan 5 mingtagacha o‘rindiqlar, musiqiy chiroq uskunalari bilan yasatilgan sahna, shaharning o‘ziga xosligini aks ettiruvchi vizual ekranlar quriladi.

Konsert dasturlarining har biri viloyatlarning o‘ziga xos tomonlarini hisobga olgan holda alohida tuzilgan. Konsert dasturi mumtoz asarlar, mashhur romantik kuylar va opera musiqalari, filmlar musiqalari, raqs kompozitsiyalarining asl tanlovlari, tomoshabinlar uchun kutilmagan sovg‘a va yana ko‘plab qiziqarli «tuhfa»larni qamrab olgan besh turdagi shoudan iborat.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Open Air Music loyihasi ikki yildan buyon o‘tkazilib kelinmoqda. Shu davr mobaynida O‘zbekiston bo‘ylab ochiq osmon ostida 13 ta konsert dasturlari tashkil etilgan. Konsert dasturiga tashrif buyuruvchilar soni esa 100 mingdan oshgan.

Ye.QANOATOV, O‘zA
586