O‘zA O`zbek

05.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzligini yorqin ranglarda ifoda eta olgan beqiyos rassom

Oʻzligini yorqin ranglarda ifoda eta olgan beqiyos rassom

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi markaziy koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston xalq rassomi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati Akmal Nurning “Akmal Nur rangtasvirida ramzlar va qadriyatlar“ nomli albom-katalogi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, rangtasvirchi Akmal Nuriddinov Namanganda tugʻilgan.

Akmal Nur ishlarida falsafiy mazmun va shoirona lirik ohang yetakchilik qiladi. U noyob badiiy uslubga ega boʻlib, oʻz asarlarida Farb va Sharq, bugungi kun va oʻtmish anʼanalari uygʻunlashtiradi. Rassom asarlari Oʻzbekiston, Xitoy muzeylarida, Fransiya, AQSH, Hindiston, Isroil kabi va boshqa shaxsiy toʻplamlarda saqlanib kelinmoqda.

Rassomning “Akmal Nur rangtasvirida ramzlar va qadriyatlar“ nomli albom-katalogida uning soʻnggi yillarda yaratgan 196 ta asari jamlangan. “Zamon-press-info” nashriyot uyi tomonidan tayyorlanib, Turkiyaning “Mega-basim” bosmaxonasida nashr ettirilgan albom 252 betdan iborat boʻlib, matnlar rus va ingliz tillarida berilgan.

– Katalogni varaqlarkansiz undagi kartinalarda Sharq sanʼatining maʼnaviy goʻzalligi, komillikka intilish kabi betakror anʼanalar bevosita oʻz ifodasini topgan, – deydi sanʼatshunoslik fanlari doktori Dilafroʻz Qodirova. – Akmal Nur asarlaridagi uslubiy yechimlar turliligi uning badiiy dunyoqarashi yaxlitligini inkor etmaydi, balki, izlanishlari dinamikligi haqidagi gʻoyalarni va ijodkorning falsafiy dunyoqarashi hamda plastik ifodaliligini tasdiqlaydi. Oʻzligini yorqin namoyon eta olgan beqiyos rassom, ijodiy jarayonlar dinamikasida maʼlum darajada temperamentli, har qanday qolipdan yiroq, ruhiyati jihatidan sokin.

Shuningdek, taqdimot doirasida Akmal Nurning 60 yillik yubileyi munosabati bilan muallifning oʻz onasiga bagʻishlagan “Onaizor” nomli shaxsiy koʻrgazmasining ochilishi boʻlib oʻtdi. Yubiley ekspozitsiyasidagi asarlar rassomning maʼlum davr ijodiy izlanishlarini aks ettiradi.

Koʻrgazma bir oy davomida namoyish etiladi.

760
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA