Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 19:38 Chop etish versiyasi

O‘zini hurmat qilgan kitob o‘qiydi

Kitob davolaydi!

Yaqinda qiziq ma’lumotni o‘qib qoldim: Buyuk Britaniyada kitob terapevti degan kasb bor ekan. Bunday mutaxassislar kitob o‘qitish orqali ruhiy muammolar qurshovida qolgan kishilarni davolarkan. Masalan, iqtisodiy qiyinchilikdan xavotirga tushgan o‘rta yoshdagi kishiga Frensis Skott Fitsjeraldning “Buyuk Getsbi”, Sol Bellouning “Xendersen – yomg‘ir qiroli”, Ayris Merdokning “Qo‘ng‘iroq” nomli kitoblari tavsiya etiladi. Ayollarga Odri Niffenegger qalamiga mansub “Vaqt sayyohining rafiqasi”, Tom Robbinsning “Jaz ohanglari” kitobi ma’qul sanaladi.

Ko‘plab xorijiy davlatlarda yaxshi bir odat bor. Odamlar kitob yoki gazeta-jurnalni o‘qib bo‘lgach xiyobondami, bekatdami o‘rindiqqa qo‘yib ketadi. Uning o‘rniga o‘tirgan boshqa odam o‘sha nashrni bexijolat o‘qiyveradi. Misol uchun, Aleksandr Dyumaning «Uch mushketyor» romani ham Parij bulvarlarida o‘qilgan, tashlab ketilgan kitobchalar ko‘rinishida dunyoga kelgan.

Mamlakat rivojini ta’lim asosiga qurgan yaponlardan ham ibrat olsa arziydi. Ular har kuni qirq daqiqalik vaqtini albatta mutolaaga ajratar ekan. Bu odat oilada bolalikdan shakllana boradi.

Xullas, taraqqiyotni ko‘zlagan davlat borki, xalqini kitobga oshno etishning turli yo‘lu usullarini izlayotir. Savol tug‘iladi: nega endi bunga chora izlash kerak? Nega kitobsevarlikka targ‘ibot zarur bo‘lib qoldi? Axir, hamma kitobni shundog‘am o‘qishi kerak emasmi?!

Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch

Dono davlat rahbari xalqining turmush darajasi, sihat-salomatligi barobarida uning ma’naviyatiga ham alohida e’tibor qaratadi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirdi, xalqimizning dunyoqarashini o‘zgartirdi. Mustaqillikning ilk yillaridan, o‘tish davrining qiyinchiliklariga qaramay, ta’limga, barkamol avlod tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratdi.

“Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart!”, “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” "Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor" kabi asarlar zamirida o‘qishga, izlanishga ulkan da’vat bor. Mamlakatimizda buning uchun keng sharoit ham yaratildi. Nashriyotlar faoliyati qo‘llab-quvvatlandi. Ta’lim maskanlarining kitob fondi yangilandi. Zamonaviy kutubxonalar, axborot-resurs markazlari bunyod etildi.

Bu ezgu ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbari “Biz yoshlarga doir davlat siyosatini hech og‘ishmasdan, qat’iyat bilan davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki bu siyosatni eng ustuvor vazifamiz sifatida bugun zamon talab qilayotgan yuksak darajaga ko‘taramiz. Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz” deb ta’kidladi.

Prezidentimiz bu maqsadga erishishning asosiy omillaridan biri kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni kitobni sevishga o‘rgatish zarurligini alohida qayd etdi. Bu hayotiy da’vat har birimizning, ota-onalar va keng jamoatchilikning ongi va qalbidan mustahkam o‘rin egallamoqda.

Kitobxon uchun tanlash imkoniyati

“Kitob olami” do‘koniga bordim. Kimdir izlagan kitobini topganidan mamnun xaridga oshiqyapti, vaqti bemalolrog‘i bo‘lsa, shinam o‘rindiqqa o‘tirib olgancha, dunyoni unutib sevimli asariga sho‘ng‘ib ketgan. Ichkari kiraversam, kichkintoylar burchagida to‘rt-besh yashar atrofidagi o‘g‘li va qizini ikki yoniga olib, ona kitob o‘qimoqda. Razm solsam, “O‘zbek xalq ertaklari” ekan. To‘satdan bola o‘rnidan turdi-yu, kitoblar rastasi tomon yugurdi. Kitoblarni erinmaygina ko‘zdan kechirayotgan otani qandaydir rasmni ko‘rishga undadi. “Baxtiyor va ma’rifatli oila”, ko‘nglimdan o‘tkazdim.

Dugonam bilan dildan suhbatlashish, o‘zimizcha o‘qigan asarlarimizdan olgan taassurotlar bilan bo‘lishish, fikr almashish uchun biz tanlaydigan qo‘noq – ko‘pincha, “Book cafe” bo‘ladi. Bir finjon qahva ustida yurakka yaqin kishing bilan adabiyotmi, ijodmi, judayam berilib ketsak, hayot haqida suhbatlashishga nima yetsin! Atrofingda yana shunday ilmu kitobga oshno yoshlar bahslashib o‘tirishsa. Sevinib ketasan-da kishi!

Milliy kutubxona-ku, butkul o‘zgacha dargoh. Quvonarlisi, qachon qaramang, gavjum. Ba’zan bo‘sh joy topish ham muammo bo‘lib qolgani-chi. Kerakli kitobingizni elektron qidiruvga berasiz-u, zum o‘tmay, ko‘z o‘ngingizda muhayyo. Ayniqsa, kutubxonaning xorijiy tillarda ravon so‘zlashuvchi yoshlarni bag‘riga olib, suhbat-u diydor ko‘rishishiga imkon berayotganining o‘zi quvonarli hol.

Texnikaning yutug‘idan shodlanib, audio kitoblarni eshitib yurganlar qancha. Har kech “O‘zbekiston”, “Mahalla” radiokanallarida badiiy asarlarning radio talqini efirga uzatiladi. Dangasaroq odam o‘shalarni tinglab ham kitob o‘qigandek zavq olishi mumkin. Buyog‘i endi kitobxonning tanlovi. Xalqimiz bilimini, dunyoqarashini boyitsin, deb qilinayotgan ishlar hammasi.

Kitobsevardan jinoyatchi chiqmaydi

Kitob-kitob deymiz-u, har bir ishini moddiyat va manfaatga quruvchi odamzodga uning afzalligi va foydasi uqtirilmagunicha bu bebaho buyumning qo‘lga olinishi dushvor.

Xo‘p, masalani sizning ko‘nglingizdagicha qo‘yamiz: kitob bizga nima beradi? Har gal shu savolni o‘zimga-o‘zim berganimda, qoniqtiruvchi uch-to‘rt sabab topiladi. Nima deysizmi? «Hurriyat» gazetasining 2012-yil 1-avgust sonida «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov bilan kitobxonlik mavzuida suhbat bosildi. Unda «Hech qaysi jinoyat kitob ustida amalga oshmaydi. Odam televizor ko‘rib, video ko‘rib, komputerdan turib, to‘ydan chiqib jinoyatga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin, faqat kitob o‘qigandan keyin emas...» kabi mulohaza keltiriladi. Haq gap. Kitob qo‘limizni pulga to‘ldirib qo‘ymasligi rostdir, lekin jinoyatdan, kishandan saqlashiga nima deysiz? Eng bebaho ne’mat – umringizni to‘rt devor ichida besamar o‘tishidan asramaydimi?! Demak, gap faqatgina moddiy farovonlikda ham emasga o‘xshaydi!

Shu o‘rinda bir kursdoshim bilan bahsimiz yodimga tushdi. U «Insoniyatga boshqa sayyorani kashf qilgandan yangi taomni kashf qilgan foydaliroq», degandi. Balki o‘zicha haqdir... Uning fikriga rozi bo‘lsak, odam faqat bu dunyoga qorin g‘amida kelib, qorin g‘amida ketar ekan-da. Ilmmi, san’atmi, xullas, qorindan bo‘lak hamma mashg‘ulotni, ana, boshqa mavjudotlar qilaversin! Bizga qornimiz to‘ysa, to‘y qilsak, kifoya! Kitobning menga beradigan ikkinchi foydasi shuki, odamlarni qo‘ya turay, hayvonlardan bir pog‘ona balandda turishga imkon yaratadi. Har tugul hayotning maishiy mavzulariyu ikir-chikirlaridan xoliroq, yashashning mohiyatiga boshqacharoq nazar bilan qarashga ko‘mak beradi.

Keyingi masala – muloqot. Axir, hozircha odamlarning bir-birlariga kechinmalari, fikr-mulohazalarini yetkazib berishning yozuvdan boshqa shakli topilgan emas. Masalan, ikki yuz yildan keyin dunyoga keladigan avlodingizga aytishni istagan yurak izhoringizni so‘zdan boshqa qay yo‘sinda ifoda eta olasiz? Bu bilan siz ham kitob yozing, demoqchimasmiz. Necha asrlar oldingi hayot, odamlarning turmush tarzi, mashg‘ulotlari, o‘y-fikridan shu kitoblar boxabar qilmaganida, o‘zingiz borib, ular bilan uchrashib, suhbatlashib kelarmidingiz? Demak, kitoblar umri bir inson umridan ham uzunroq, bir inson falsafasidan ham qadimroq bo‘lib chiqyapti. Siz bunaqa falsafalarning qanchasini o‘zingizniki qilib olishingiz, qancha umrlarni yashab ko‘rishingiz mumkin, kitoblar hisobiga!

Aksariyat odamlarning badavlat bo‘lish istagiga ham kitob, bilim, aql orqali erishiladi. Xullas, kitobning odamga beradiganlari ko‘p. Oladigani esa vaqtingizu dardingiz.

O‘zingizni hurmat qilasizmi?

Mutolaa – mehnat. Kitobni kino ko‘rganday, musiqa eshitganday yo‘l-yo‘lakay o‘qib bo‘lmaydi. Hafsala, qunt lozim. Odamzod hamisha yengillikka intiladi, osonini tanlaydi. Shu sababli ham mutolaa eng oxirgi o‘ringa tushib ketadi. Bu – insonning o‘zini qiynashni istamagani, dangasaligidan.

Ikkinchi omil – kitobxonlik ko‘nikmasining yo‘qligi. Kitobni ko‘zi ko‘rib, qo‘li ushlab o‘rganmagan odamning birdaniga kitobxon bo‘lib qolishi amri mahol.

Axborotning ko‘pligini ham sabab qilib keltirish mumkindir. Turli ma’lumotlar bilan to‘lgan miya «ortiqcha ozuqa»ga ehtiyoj sezmas balki?

Bu va boshqa omillar xalqning yoppasiga kitobxon bo‘lolmasligini tasdiqlaydi. O‘zini yenggan, bolaligidan kitob o‘qish ko‘nikmasiga hamda axborot va bilimlarni saralay olish qobiliyatiga ega bo‘lgan odamdangina kitobxon chiqadi.

Shu topda Gyotening: «Kitobxonlikka o‘rganish uchun qanchalik ko‘p vaqt sarf qilinishini odamlar tasavvur qilolmaydilar. Buning uchun men hayotimning sakson yilini bag‘ishladim. Lekin hali ham o‘rgandim, deb ayta olmayman» degan so‘zlari yodga tushadi.

Bolani bir umrlik bunday og‘ir va zavqli mehnatga tayyorlashda oilaning o‘rni beqiyos. Ota-ona farzandini mutolaaga mehr uyg‘otishi barobarida uni tarbiyalab ham boradi. Masalan, noma’qul ish qilgan farzandni urish, tanbeh berishdan ko‘ra biror asardan ibratli misol keltirish orqali to‘g‘ri yo‘lga solgan yaxshi emasmi? Bu bilan go‘dak xushxulqli bo‘lib o‘sadi, qolaversa, o‘sha asarni topib, o‘qishga ishtiyoqi ortadi. Tug‘ilgan kun yoki rag‘batlantirish uchun har bir ota-onaning sovg‘asi kitob bo‘lsa, qaniydi! Ba’zan aks-ta’sir ham foyda beradi.

Kitob javonimizda mingdan ortiq kitoblar terilib turardi. Yettinchi yo sakkizinchi sinf edim, chamasi. Yozgi ta’tilda kitob o‘qigim keldi-yu, klassik asarlar orasidan Mushfiq Kozimiyning “Qo‘rqinchli Tehron”ini tanladim. Endi o‘qishga tushgandim, ayam qo‘limdan kitobni olib: “Avval mana bularni o‘qib tugat. Buni o‘qishga hali yoshlik qilasan”, dedi-yu, javonning yuqori rastasiga qo‘yib qo‘ydi. Shu endi o‘sha kitobni o‘qigim kelaveradi-kelaveradi. “Nimasi qo‘rqinchli ekan Tehronning?” degan savol aylanaveradi miyamda. O‘sha kitobni o‘qish uchun nechta-nechta asarlarni tugatib yubordim. Hamon ruxsat yo‘q. Xayolimning bir chekkasida o‘sha asar turaveradi. Axiyri universitetni bitirish arafasida o‘qib chiqdim. Biroq negadir Mopassanning “Azizim”, Markesning “Buzrukning kuzi” va boshqa shunga o‘xshash asarlarni o‘qib, anchagacha o‘ziga kelolmay yurgan men qiziquvchiga intiqib kutganim – “Qo‘rqinchli Tehron”ning qo‘rqinchi sezilmadi... Bugun meni shu yo‘l bilan kitobga qiziqishimni orttirgan, saralab o‘qishni o‘rgatgan ayamga rahmat deyman.

Hozir o‘z-o‘zidan hech kimning qistovisiz dunyoni imkonim darajasida, ko‘proq bilishni istaganim, muayyan voqea-hodisalar qiziqtirgani, zamonning ziyoli kishilari bilan hamnafas, hamfikr bo‘lishni xohlaganim vajidan, gohida tushkunlikka tushganda, gohida yolg‘izlikdan najot izlab, qo‘limga kitob olaman.

Kitoblardan topgan hikmatim, olgan xulosam oddiy. Umri davomida bitta kitobni varaqlamay ham yashab o‘tish mumkin, biroq o‘zini hurmat qilgan odam, albatta, kitob o‘qiydi. Kitobxon – o‘zini taftish qilishga, dunyoni anglashga uringan odam.

Sevara Alijonova, O‘zA
2 993






Все о погоде - Pogoda.uz