O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonlik yoshlar orkestri Moskvada tomoshabinlar qalbini zabt etdi

O‘zbekistonlik yoshlar orkestri Moskvada tomoshabinlar qalbini zabt etdi

Moskva shahrida turli millat va elat vakillarini jamlagan “Spasskaya bashnya” XII xalqaro harbiy musiqa festivali bo‘lib o‘tdi.

Musiqiy festival doirasidagi yoshlar loyihasida bolalarga ham alohida e’tibor qaratilib, ularning ijod mahsullari keng namoyish etildi. Xususan, xalqaro harbiy festivalning oltinchi marotaba o‘tkazilayotgan “Spasskaya bashnya detyam” maxsus loyihasining asosiy maqsadi aholining barcha qatlamlari orasida damli cholg‘u asboblari musiqasini ommalashtirish va uning boy tarixini keng targ‘ib qilishdan iboratdir.

Bugungi kunga qadar “Spasskaya bashnya detyam” dasturida Rossiya Federatsiyasining turli viloyatlaridan orkestr va musiqiy jamoalar ishtirok etgan. Joriy yilda esa festivalda rossiyalik 23 ta musiqiy jamoa bilan bir qatorda 3 ta xorijiy orkestr, jumladan, O‘zbekiston Respublikasidan borgan orkestr o‘z ijro mahoratini namoyish etdi.

Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining yoshlar damli cholg‘u orkestri Moskva shahrida tashkil etilgan “Spasskaya bashnya detyam” xalqaro festivalida ilk marotaba ishtirok etdi.
Ushbu orkestrning repertuaridan turli janrdagi 100 dan ortiq asar, shu jumladan, madhiyalar, marsh va fanfaralar, jaz kompozitsiyalari, xalq va hatto mualliflik asarlari o‘rin olgan. Yoshlar orkestri bir qator xalqaro va respublika tanlovlarining laureati hisoblanadi.

Bolalar festivalining xalqaro sahnasida belgilangan dasturidan tashqari bizning yosh orkestr bir necha marotaba o‘z mahoratini namoyish etib, minglab tomoshabinlarni hayratda qoldira oldi, desak adashmaymiz. Turli janrdagi kompozitsiyalarni mahorat ila ijro etishlari bilan mahalliy va xorijiy ishtirokchilarning ham olqishlariga sazovor bo‘lishdi.
Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu festivalda Milliy gvardiyaning yoshlar orkestri ilk marotaba qatnashayotgan bo‘lsa-da, festivalning tashkilotchi mutaxassislari tomonidan yoshlarimiz iste’dodiga yuksak baho berildi.
– Toshkentdan tashrif buyurgan yoshlar musiqiy jamoasi festivalimizning ishtirokchisi bo‘lganidan juda ham xursandmiz, – dedi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti orkestri dirijori, “Spasskaya bashnya detyam” xalqaro festivali badiiy rahbari, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, polkovnik Ye.Nikitin. – Bunday iste’dodli yoshlarning ijro mahoratidan taassurotim o‘zgacha. Bizning bolalar festivali tarixida bugunga qadar hech kim 3 kun davomida 4 marotaba sahnaga chiqib, tomoshabinlar qalbini zabt eta olmagan. Orkestrning barcha musiqiy chiqishlari tomoshabinlarning iltimoslariga binoan ijro etildi.

Tadbirlar yakunida Yevgeniy Nikitin tomonidan mazkur festivalda ishtirok etgan har bir guruhga festival laureati diplomlari topshirildi.

Barcha chiqishlardan so‘ng o‘zbekistonlik yoshlar orkestri uchun Moskva shahrining diqqatga sazovor joylari, Kreml saroyi, Aleksandr bog‘i, Moskva markaziy hayvonot bog‘i, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiya qo‘shinlarining Mixail Sholoxov nomidagi Moskva Prezident kadet maktabining muzeyiga ekskursiya tashkil etildi.

Sayohat davomida “Vorobyovы gorы” maydonida yoshlar damli cholg‘u orkestri ijrochilari Moskva shahrining mahalliy va xorijiy mehmonlari uchun kichik musiqiy dastur ijro etib berdi. “Yalla” guruhi qo‘shiqlaridan popurri, mashhur “Katyusha” va “G‘alaba kuni” harbiy qo‘shiqlarini o‘z ichiga olgan ushbu dastur ko‘plab tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.

Nafosat ZAFAROVA,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi.

4 621
O‘zA