O‘zA O`zbek

07.10.2019 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekiston xalq artistlari klubi” “Koʻngil tuhfasi”ni taqdim etdi

“Oʻzbekiston xalq artistlari klubi” “Koʻngil tuhfasi”ni taqdim etdi

“Istiqlol” sanʼat saroyida “Oʻzbekiston xalq artistlari klubi” hamda “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan “Koʻngil tuhfasi” nomli konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Oʻzbekiston xalq artistlari klubi”ni tashkil etish boʻyicha bildirgan fikrlari ijrosini taʼminlash maqsadida choralar koʻrildi. Isteʼdodli yosh xonandalarning kasbiy va maʼnaviy kamol topishiga, malaka oshirishiga imkon yaratish, shoir-bastakor-ijrochi uchligini doimiy hamkorlikda ish olib borishiga koʻmaklashish, oʻz iqtidorini namoyon etishi uchun zarur tashkiliy masalalarni hal etish, yakkaxon ijrochilar va ijodiy jamoalar faoliyatini qoʻllashga doir amaliy ishlar qilinmoqda.

Klubning asosiy maqsadi, milliy estrada sanʼatini rivojlantirish, yoshi ulugʻ sanʼatkorlarning yoshlarga oʻrnak boʻlishi, bilim va tajribalarini oʻrgatishi, milliy estrada sanʼatini har qanday begona taʼsirlardan, ayniqsa, endigina voyaga yetib kelayotgan yosh isteʼdod sohiblarini “ommaviy madaniyat” ruhidagi oqimlar taʼsiridan himoya qilishga koʻmaklashishdir.

Shuningdek, mazmunsiz, saviyasi past kuy-ohanglar va qoʻshiqlarning paydo boʻlishining oldini olish, xorijiy sanʼatkorlarning ijrosi va xatti-harakatlariga taqlid qilish kabi salbiy holatlarni bartaraf etish, milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan, maʼnaviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot boʻlgan harakatlarning zararli oqibatlarini bartaraf etish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishdan iborat.

– “Oʻzbekiston xalq artistlari klubi” oʻz faoliyati davomida, yurtimiz boʻylab bolalar musiqa va sanʼat maktablarida mahorat saboqlari va ijodiy uchrashuvlar tashkil qilib kelmoqda, – deydi “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasining direktori O.Abduqahorov. – Mazkur mahorat saboqlari orqali yosh avlod qalbida ezgu gʻoyalarni kamol toptirish, yoshlarning sanʼatga nisbatan badiiy saviyasini oshirish, oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini Vatanga muhabbat, el-yurtga sadoqat ruhida kamol toptirish, ularni komil inson sifatida tarbiyalashga hissa qoʻshish, milliy madaniyatimizga yot, vayronkor va buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan himoyalash kabi masalalarga eʼtibor qaratilmoqda. Klub aʼzolari yurtimizdagi nufuzli bayramlar, davlat tadbirlarida faol ishtirok etib, milliy va zamonaviy qoʻshiqchilik sanʼati, opera hamda raqs yoʻnalishlarida yaratilgan oʻz ijod namunalari bilan xalqimizni xursand qilmoqda.

“Koʻngil tuhfasi” nomli konsert dasturi “Oʻzbekiston xalq artistlari klubi” aʼzolarining xalqimiz oldidagi ijodiy hisoboti hamda yosh avlod sanʼatkorlarini qoʻllab-quvvatlashning bir namunasi boʻldi.

Konsertda Oʻzbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Xayrulla Lutfullayev, Zulayho Boyxonova, Gʻulomjon Yoqubov, Zamira Suyunova, Munojot Yoʻlchiyeva, Mahmud Nomozov, Gulsanam Mamazoitova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Ravshan Komilov, Alisher Fayz, estrada xonandalari Sardor Mamadaliyev, Shohruxxon, Ruxshona, Munisa Rizayeva kabi sanʼatkorlar ishtirok etdi.

684
OʻzA