Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 16:27 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov spektakllarni jonli efirda ko‘rsatishni taklif etdi

Barcha soha kabi san’at ham o‘z holicha taraqqiy eta olmaydi. Buning uchun ijodkorlarga, avvalo, e’tibor va rag‘bat kerak. E’tibor ijod qilish uchun yetarlicha sharoit yaratib berishni, rag‘bat esa san’atkor mehnatini baholash, har bir asarga, har bir rolga fikr, munosabat bildirishni anglatadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida biz bu hayot haqiqatini yanada teran his qildik.

Chindan ham tarixiy uchrashuv bo‘ldi. Milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish bo‘yicha bir-biriga daxldor shu sohalarning barcha yo‘nalishi vakillari katta davrada jam bo‘lib, fikrlashdi. G‘oyat samimiy va ochiq muloqot bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining milliy teatr san’atini yanada rivojlantirish haqidagi fikrlarini tinglab, ham andak yuzim qizardi, ham ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi.

Qarang, birgina joriy yilda mamlakatimizdagi mavjud 37 teatr faoliyatini ta’minlash uchun davlat byudjetidan 81 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilibdi. Bunga qo‘shimcha ravishda barcha ijodiy tashkilot qatori har bir teatrga homiylar biriktirildi. “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Teatr arboblari uyushmasini qayta tiklashga, yon qo‘shnimiz «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati O‘zbek Milliy akademik drama teatriga yordam ko‘rsatishga bel bog‘labdi. Baraka topishsin. Hokimliklar o‘z hududlaridagi teatrlar faoliyatini kuchaytirish uchun 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratar ekan, ayni ijodiy kamolotga yetgan, pensiya yoshidagi ijodkorlar ham nafaqasini, ham oyligini, ham qalam haqini to‘liq oladigan bo‘ldi – yana nima kerak bizga? Axir bugun manaman degan davlatlarda ham teatr san’ati o‘z o‘rnini shou-biznesga bo‘shatib berayotgan pallada bularning bari O‘zbekistonda sahna san’atidan katta umidlar qilinayotganini, amaliy natijalar kutilayotganini anglatadi.

Ammo biz aktyorlar bunday g‘amxo‘rlikni qay darajada oqlay olyapmiz? Bu haqda har birimiz yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Shundan beri ongimdan bir o‘y ketmayapti: nima qilsak, sahna rostdan ham zaldan baland ekanini amalda isbotlay olamiz?..

Mustaqillik arafasida teatrlarimiz binosi eskirgan, maoshu qalam haqi keskin kamaygan edi. Bugun kulgili tuyular, lekin o‘sha paytlar oddiy dekoratsiya yasash ham katta muammo edi. Agar ozgina e’tiborsizlik bo‘lsa, o‘zbek teatri butunlay yo‘qolib ketishi mumkin edi. Ming shukurki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bu fojiaga yo‘l qo‘ymadi, davlatimiz endi oyoqqa turayotgan o‘ta og‘ir pallada teatr san’atini izchil qo‘llab-quvvatladi – o‘zbek teatrining maqomi belgilandi, yangi teatrlar tashkil etildi, qator teatrlar uchun yangi binolar barpo etildi.

Bozor iqtisodiyoti talabi ekan: odamlarni teatrga qaytarish uchun o‘xshasa-o‘xshamasa komediya tomoshalariga mukkasidan ketilgan paytlar ham bo‘ldi. Bu ham o‘z davrining zarurati edi, biroq yomoni, odamlar kulyapti, deb maishiy mavzularning ichidan chiqolmay qoldik, yengil-elpi, bachkana, odamga ma’naviy oziq, estetik zavq bera olmaydigan tomoshalar sahnani egallab oldi. Mana, bugun xalqimizning turmush sharoiti o‘nglanib, ong-tafakkur o‘zgargan pallada endi ijodkor zimmasida faqat bir vazifa – yuksak saviyali asar yaratish qoldi.

Bugun nima uchun tom ma’noda yuksak saviyali spektakllar kam? Buning asosiy sababi, avvalo, milliy dramaturgiyamiz va rejissuraning ancha kuchsizlanib qolganida. Afsuski, hozir yetuk dramaturg va rejissyorlarimiz barmoq bilan sanarli. Ularning ko‘pi negadir o‘ziga munosib shogird tayyorlamagan. Bugun O‘zbek Milliy akademik drama teatri bosh rejissyorsiz ishlayotganining o‘zi ham bu muammo naqadar dolzarb ekanini anglatadi.

Spektakllarda bugungi kun nafasi, odamlarni o‘ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o‘z aksini topishi jamiyatimizdagi illatlarga qarshi kurashishda juda muhim. Chunki xalq bu illatlarga murosasiz bo‘lmas ekan, bunday muammolarning ildizi qurimaydi.

Prezidentimiz zamonaviy qahramon obrazini yaratish masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqqanining sababi shu: san’at omma orqasidan ergashib ketmasligi kerak, aksincha xalqni buyuk maqsadlarga undashi zarur.

Samarqandlik hamkasblarimiz bilan to‘qqiz oy «Mirzo Ulug‘bek» spektaklini o‘ynadim. Bir-birimizdan ko‘p narsalarni o‘rgandik. Bu tajribani yanada kuchaytirish kerak. Aks holda hadeb bir sahnaga chiqadigan aktyor ijodiy qotib qolishi muqarrar.

Bugun ko‘plab yangi spektakllar yaratilyapti, lekin nima uchun mutaxassislarimiz, xalqimiz ularni atroflicha tahlil qilib, o‘z munosabatini bildirmaydi? Teatr – harakatdagi jarayon. Ikki marta o‘ynalgan spektakl hech qachon aynan takror bo‘lmaydi. Har qanday sahna kamchiligini keyingisida tuzatish mumkin. Lekin buning uchun ijodkorga yangi fikr, doimiy munosabat zarur.

Bu borada bir taklifim bor. Mana, bugun milliy telekanallarimiz uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilyapti: to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiyalar ko‘paymoqda. Shundan foydalanib, aziz hamkasblar, kelinglar, spektakllarni ham jonli efirda bir ko‘rsataylik. Spektakldan so‘ng o‘sha sahnaning o‘zida teatr mutaxassislari, tanqidchilar, ijodkorlar bilan sahna asarlarining tahlilini ham qilaylik. Qani endi imkoni bo‘lsa, mamlakatimizning turli burchaklaridan oddiy odamlar ham shu loyihaga ulanib, deylik, teleradiokanalga qo‘ng‘iroq qilibmi yo ijtimoiy tarmoqlar orqali yozibmi, xullas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda spektakl haqida o‘z fikrini ochiq aytsa: «hozirgina mana bu spektaklni tomosha qildim, menga mana bu jihati yoqdi, mana bunisi yoqmadi», desa, bularning barchasi ijodkorlarning xalq bilan muloqoti bo‘ladi-ku! Eng muhimi, bu bilan fikr almashiladi, san’atkorlar yana ham o‘z ustida ishlaydi, ijodiy o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilmaydi.

Hayotning shafqatsiz qoidalari bor: illatlarga qarshi murosasiz kurashadigan odam hammaga ham yoqavermaydi, unga qarshilik qilishga urinadiganlar, albatta, topiladi. Demak, qarama-qarshilik ritmi yuzaga keladi. Biroq haqiqiy inson illatlarga qarshi hech bo‘lmaganda qalbida murosasiz kurashadi. Tomoshabin sahnada o‘sha qahramonning fojiasida yo yutug‘ida bo‘lsin, o‘zini ko‘rsin, o‘zini topsin. Zamon qahramoni insonga o‘zini ayovsiz taftish etishni, qalbini poklashni eslatib turishi lozim.

Yana bir muammo haqida ko‘p yillardan beri gapiramiz: ayrim aktyor-aktrisalarimiz uchun teatr shunchaki xobbiga aylanib qolgan. Ular to‘ydan, charlardan bo‘shamaydi, yana ba’zida «nega menga unvon berilmayapti?», deb hayron bo‘ladi. San’atkor uchun ijod qismat yo taqdirga aylansa, unvon ham, shon-shuhrat ham o‘zi keladi.

Prezidentimiz yuksak unvonlarning nufuzi va obro‘sini saqlash lozimligi haqida so‘z yuritar ekan, achchiq bir haqiqatni ta’kidladi: «ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan san’at shafqatsiz o‘ch oladi». Chindan ham shunday. Bugun, ayniqsa, yosh hamkasblarimiz bu hayot haqiqati mag‘zini chaqishini istardim. «Repetitsiyada ishlatilmagan pichoq sahnada qo‘lni kesadi», der edi ustozlarimiz. Teatrda ishlayotganimga 51-yil bo‘ldi. Shukur Burhonning qancha dakkisini eshitsam ham ustozim etagini qo‘yib yubormaganman, lekin bugun ayrim yosh hamkasblarimizni ozgina tanqid qilsangiz, siz bilan hatto gaplashmay qo‘yadi.

Teatr aktyorlarimiz uchun tom ma’noda hayot mazmuniga aylanishida «ustoz-shogird» maktabini kuchaytirishimiz kerak. Yaqinda maxsus san’at o‘quv markazi tashkil qildik. Ko‘p iste’dodlarni kashf qilyapmiz. Ayni paytda faqat pul yo shon-shuhrat uchun aktyor-aktrisa bo‘lishni xohlagan yoshlarimizga ham ko‘p duch kelyapmiz. Yaqinda bir yigitcha keldi. Savol berdim: «Oxirgi marta qaysi pyesa yo romanni o‘qiding?». U aytdiki, «siz tushunmayapsiz, men aktyor bo‘lmoqchiman, buning uchun kitob o‘qish shart emas-ku». Yoki bir singlimiz keldi: chehrasi, qaddi-basti sahnaga ham, kinoga ham mos, ammo undan «Mirzo Ulug‘bek haqida nima bilasiz?», deb so‘rasam, yuzimga o‘zga sayyoralik odamni ko‘rayotganday angraydi. Tushuntirdim: «sahna chiroyli qosh-ko‘zlar bilan emas, iste’dod, mehnat va bilim bilan zabt etiladi, singlim. Qachon kitob o‘qishni o‘rgansang, keyin kelarsan».

Balki shu ukamiz yo singlimiz boshqa kasbda nom qozonar, el-yurtga foyda keltirar, lekin ularning albatta aktyor yo aktrisa bo‘lishi shart emas-ku! Yoshlarimizga bu haqiqatlarni bugun aytmasak, qachon aytamiz?!.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvidan katta kuch-quvvat oldik. Bu bizni ko‘plab yangi g‘oyalarga undamoqda. Endi vazifamiz – shu paytgacha san’atimizda yo‘l qo‘ygan xatolarimizni obdon tahlil qilib, istiqlol tufayli qadr topgan milliy sha’nimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, milliy an’analarimiz va ezgu fazilatlarimizni kamol toptirish yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib ishlashdan iborat. Ishonamanki, shunda yuksak saviyali, o‘zbek dramaturgiyasi va san’ati asrlarga yetaklab o‘tadigan spektakllar yaratiladi. O‘shanda madaniyat sohasiga mas’ul bo‘lgan rahbarlarimiz bu sahna asarlariga Prezidentimizni ham bemalol taklif qila oladi.

Erkin Komilov,

O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori,
O‘zbekiston xalq artisti.

O‘zA
1 221






Все о погоде - Pogoda.uz