O‘zA O`zbek

18.09.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston uchun yashamoq mumkin

Oʻzbekiston uchun yashamoq mumkin

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Oʻzbekiston uchun yashamoq mumkin

Yashashga ne yetsin!... Dunyo-sehrli,
Oʻlguncha sehriga toʻymaydi koʻzing.
Boshingdan goh nurday quyar mehrni,
Goh toshlar yogʻdirar - yetmaydi toʻzim.

Goho qorin gʻamida chekasan zahmat,
Obroʻ talashmoqdan goh dilda tugun...
Ammo chin yashashni istasang, faqat,
Oʻzbekiston uchun yashamoq mumkin.

Oʻlim ham bor narsa - kalxatday uchar
Chumchuqday joningni bergani qurbon.
Birovning titragan tovushi oʻchar,
Birov oʻz gʻamida adoyi tamom.

Mayli, oʻlimni ham aylagin hurmat,
Bandasi dunyodan bitta jon qarzdir...
Chindan qurbonlikka jahd qilsang, faqat
Oʻzbekiston uchun jon bermoq arzir.

Mangu yashamoqning sirimi? Oshkor!
Bekorga har taraf uringaydirsan:
Magarkim, jon berding yurt deb necha bor,
Onchakim, qaytadan tirilgaydirsan.


Maktub

Senga hech narsa qilolmadim,
Vatan.
Faqat dardkashing boʻldim:
jonim ogʻridi,
umrim qisqardi -
telbavor toʻlgʻondim
ogʻriqlaringda.
Yigʻlasang
koʻz yoshing
yuragimga tushdi;
quvonsang,
quvonching
koʻzlarimga.
Ha, yana...
Sheʼrlar yozib,
koʻnglingning bir zarrasini qurdim -
rostu chin maqomida.
Shu.
Meni kechir.
Beradigan boshqa hech narsam qolmadi.
Endi
faqat
bir hovuch
tuprogʻinga aylanmoqchiman,
Vatan...

Usmon Azim,
Oʻzbekiston xalq shoiri.

2 840
OʻzA