Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 16:21 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida badiiy ko‘rgazma tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida badiiy ko‘rgazma tashkil etildi San’at insonni ezgulikka chorlovchi ilohiy kuch. Har bir ijodkor san’at namunalarini yaratar ekan, kishilarga o‘z qiziqishlari va ichki dunyosidan so‘zlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida «An’analar etadi davom!» mavzuida tashkil etilgan badiiy ko‘rgazmadan o‘rin olgan milliy hunarmandlik namunalari ana shunday asarlar sirasiga kiradi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi «Hunarmand» uyushmasi a’zolari tomonidan yaratilgan ganchkorlik, yog‘och o‘ymakorligi, xattotlik, naqqoshlik buyumlari, musiqa asboblari yuksak did va mahorat bilan yaratilganki, tomoshabinni hayratga solmay iloji yo‘q.

– Ajdodlarimizdan qolgan ana shunday meros, urf-odatlarimizni ulug‘lash hamda mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yoshlar orasida targ‘ib qilish ularning ma’naviy saviyasi yuksalishiga xizmat qiladi, – deydi muzey direktori Musallim Nuriddinov. – Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, bu yerga kelgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga estetik zavq ulashish, ushbu san’at turlariga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otishdir.

9.JPG

Mamlakatimizda xalq hunarmandchiligi va amaliy san’atini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada ko‘plab iste’dod egalari yetishib chiqmoqda. Ular o‘z ijodiy ishlari bilan xalqaro tanlov va ko‘rgazmalarda ishtirok etib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi «Hunarmand» uyushmasi a’zosi Rahmatilla Zokirov ham "E’tirof – 2017" ko‘rik-tanlovida "Yilning eng mohir hunarmandi" nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Ustaning dutor, rubob, g‘ijjak, tanbur singari ko‘plab amaliy ishlari mazkur ko‘rgazmadan o‘rin olgan.

Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan hunarmandlar, ustalar, rassomlar, ayniqsa, oliy harbiy bilim yurtlari talabalarining turli ijodiy ishlarida yurt manzaralari, tabiat tasviri, vatanparvarlik, samimiylik, tantilik, mehr-oqibat tuyg‘ulari yetakchilik qiladi.

Mohigul Qosimova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 158






Все о погоде - Pogoda.uz