O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV bilan suhbat

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV bilan suhbat


O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV bilan suhbat

– Muhtaram muftiy hazratlari! Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ma’naviyat va ma’rifat masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Yaqinda o‘zingiz bevosita guvohi bo‘lganingizdek, davlatimiz rahbari Samarqandga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Hadis ilmi oliy maktabi faoliyatini takomillashtirish zarurligini alohida ta’kidladilar. Ushbu majmua, umuman, ma’naviyat dargohlarining bunyod etilishi xalqimiz hayotida naqadar muhimligi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Bismillahir rohmanir rohim. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ahamiyati beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi, avvalo, xalqimizni rozi qilish, tinch va farovon hayotga erishishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yurtimizda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi tashkil etilgani Islom ilmini yanada ravnaq toptirishga, muqaddas dinimizning asl insonparvarlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, ma’rifat va ezgulik mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish va targ‘ib etishga xizmat qilishini, mo‘min-musulmonlarga yanada keng shart-sharoitlar yaratishini nafaqat xalqimiz, balki jahon ahli ham yuksak e’tirof etayotir.

Hadis ilmi oliy maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Oliy ta’lim muassasasi o‘z oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o‘rganish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, o‘zbek va xorijiy tillarda nashr etish, konferensiyalar tashkil etishdek katta vazifalarni qo‘ygan.

Oliy maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur’oni Karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur ilm beriladi. O‘qish muddati besh yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyatli o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan o‘n nafar iqtidorli bitiruvchi 2019-2020 o‘quv yili uchun saralab olindi.

Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida diniy ta’lim muassasalarida ta’lim berib, imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlab, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida faoliyat olib borishadi. Bitiruvchilar ta’limni magistratura, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishlari ham mumkin.

Yaqinda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari, talabalar va pedagog-o‘qituvchilarga yaratilgan shart-sharoit bilan tanishish maqsadida ushbu ta’lim muassasasiga bordim. Oliy maktab faoliyati, o‘quv xonalari, kutubxona va ta’lim-tarbiya jarayonlarini olib borishning eng zamonaviy uslublari bilan yaqindan tanishdim. Shuningdek, elektron portal, xorijiy professor-o‘qituvchilar va yurtimizdagi ulamolar o‘tadigan dars mashg‘ulotlarini yozib borish uchun tashkil etilgan multimediya bo‘limini ham ko‘zdan kechirdim, yaratilgan sharoitlar havas qilarlik darajada.

Muhtaram Prezidentimiz kutayotganlaridek bu dargohdan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk allomalar yana yetishib chiqadi, insha Alloh.

– Tarbiya oiladan boshlanadi. Oila ma’naviyati, ota-onaning farzandlari va farzandlarning ota-onalari oldidagi burchlari va mas’uliyatlarini, afsuski, ko‘pchilik teran anglamaydi. Bilganlar ham bunga unchalik e’tibor qaratishmaydi. Diniy idora bu masalani odamlarga tushuntirishda qanday yo‘l tutyapti?

– Islom dinida oila va farzand tarbiyasiga katta e’tibor qaratiladi. Hazrat Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: «Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdorda qilgan nafl sadaqasidan yaxshiroqdir» (Imom Ahmad rivoyati) deganlar. Shuningdek, yana bir hadisi sharifda: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar», deganlar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari, masjidlar imom domlalari oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi va er-xotin munosabatlari bo‘yicha joylarda o‘z ma’ruzalari bilan muntazam ishtirok etib kelmoqdalar.

Diniy idora huzuridagi «Movarounnahr» nashriyoti tomonidan oila farovonligiga oid kitoblar chop etilmoqda. Shuningdek, «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari va «Islom nuri» gazetasida farzand tarbiyasi bilan bog‘liq maqolalar e’lon qilib borilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va yetakchi diniy soha xodimlarining internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalari faol ishlab turibdi. Ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish yoki onlayn savol-javob qilish imkoniyati yaratilgan. Mo‘min-musulmonlarimiz doimiy tarzda ushbu tarmoqlarga bog‘lanib, o‘zlarini qiziqtirayotgan, joiz bo‘lsa, qiynayotgan masalalarga javob olmoqdalar.

– Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar rivojlanmoqda. Albatta, uning qulay tomonlari juda ko‘p. Ammo, taassufki, undan noto‘g‘ri foydalanayotganlar ham bisyor. Dinimizda ulardan foydalanishning tartib-qoidalari, odoblari bormi?

– Yuksak taraqqiy etgan axborot texnologiyalari asrida yashayapmiz. Ko‘pchilik tongda uyg‘onishi bilan telefonini qo‘liga olib, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi. Shu tariqa istasa-istamasa, o‘zini axborot maydoni ichra ko‘radi. Kimlardir bu maydonda – tarqatuvchi, kimlardir – oddiy ishtirokchi, kimlardir – o‘sha axborotlarning qurboni, kimlardir esa – kuzatuvchi...

Internetga kirishdan avval umrning qadrini yodga olish kerak. Keyin esa ma’lumotlarni saralashni o‘rganish darkor. Bolalar internetdan foydalanganda ularni hech ham qarovsiz qoldirmaslik zarur. Insonning do‘st-u yorlari unga katta ta’sir o‘tkazadi. Internetda bolalarimiz kim bilan muloqot qilmoqda, kimlar bilan do‘stlashmoqda – bu nihoyatda muhim. Chunki hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi:

«Yaxshi hamroh va yomon hamroh misoli atir sotuvchi va temirga dam uruvchi kabidir. Atir sotuvchi yo senga xushbo‘ylik surtib qo‘yadi, yo undan xushbo‘ylik sotib olasan, yo undan kelayotgan xushbo‘y hiddan bahra olasan. Temirga dam uruvchi esa yo kiyimingning bir chetini kuydirib qo‘yishi mumkin yo undan kelayotgan qo‘lansa hid dimog‘ingni achitadi» (Imom Muslim rivoyati).

Ijod ahli mehnatining naqadar mashaqqatli ekanini anglagan kishi sifatida ularning sa’y-harakatini doimo qo‘llab-quvvatlayman. Diniy idora barcha ijodkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildiraman.

– Jamiyatimizda bir og‘riqli muammo urchimoqda. Bu erta turmush va noqonuniy oila qurish masalasi. Bu haqda, ularning oqibatlari xususida fikrlaringizni bilmoqchi edik.

– Haqiqatdan ham, bu og‘riqli masala. Orzu-havas ortidan kelayotgan muammolarimizdan. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oilani mustahkamlash, xotin-qizlarning huquqini, farzandlar tarbiyasidagi muhim masalalarni hal qilib berishdagi ko‘rsatmalari barchaga ibrat bo‘lishi kerak.

Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam turmushga chiqayotgan qizlarning o‘zlari bilan maslahatlashish kerakligini aytganlar. Maslahatlashish qizdan kuyovlikka tanlanayotgan yigit haqidagi fikrlarini bilishdangina iborat bo‘lib qolmay, uning kelinlik mas’uliyati vazifalarini qanday tushunishi, ularni ado etishga uquvi, malakasi, sog‘ligi, xohish-­irodasi qay darajada ekanini hisobga olib, yo‘l tutishni ham taqozo etadi.

Ikki asr ilgari ma’rifatparvar olim Rizouddin ibn Faxruddinning «Oila» nomli asarida ilgari surilgan ushbu fikrlar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan: «Har narsaning tabiiy bir o‘lchovi bordir. O‘lchovsiz ish hech vaqtda foyda bermaydi. Nikohning ham ma’lum vaqti bo‘lib, undan oldin yoki kech qolish yo tib, yo axloq jihatiga ko‘ra zarar keltiradi. Nikoh vaqtida er bilan xotun orasida yosh e’tiboriga qarab muvofiq bo‘lishi tabiiy bir ishdir. Nikoh uchun tabiiy bo‘lgan yosh erlarda yigirma bilan qirq orasida, qizlarda o‘n sakkiz bilan o‘ttiz orasidadir. Bundan so‘ng yoki ilk bo‘lgan nikohlar foydasiz bo‘ladi».

Demak, nikoh va oila masalasiga ota­onalar ham doimo katta ahamiyat berishlari lozim. Ular o‘z farzandlarini yosh jihatidan oila qurishga tayyor ekanligiga to‘la qanoat hosil qilib, so‘ngra nikohdan o‘tkazishlari shart.

– Bugun nima ko‘p, televidenieda xorij seriallari ko‘p. Bu mayli-ya, ammo ulardagi behayo namoyishlar tarbiyaga jiddiy putur yetkazmoqda. Matbuot va internetda ziyolilar bu mavzuda har qancha tanqid qilmasin, ijobiy natija bo‘lmayapti. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi seriallar namoyishini tartibga solishda hamkorlikda kurashsa, tashabbus bilan chiqishsa, millat ma’naviyatini asrash yo‘lidagi eng yaxshi ishlardan biri bo‘lar edi...

– Bugun qarshimizda ana shunday xatar turibdi: kino san’ati niqobidagi behayolik xalqimizning aqli va qalbini egallashga urinmoqda. Oqibatda, behayolik atalmish tanazzul belgisi epidemiya kabi jadal tarqalmoqda. Sirtdan qaraganda, zararsiz, zamona zaylidek ko‘ringan bu illat aslida, barchamiz uchun ulkan musibatdir.

Xorijda kino san’ati mahsulotlarining bozori chaqqon bo‘lishi uchun unga uyatsiz unsurlarni qo‘shish odat tusiga kirgan. Fikrimcha, bu lavhalar atayin teletomoshabinlarning ong ostiga ta’sir ko‘rsatish uchun qo‘shilgan. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu kabi seriallarning namoyishini to‘xtatish lozim. Agar andisha qilib, bu holatga ko‘z yumadigan bo‘lsak, oqibatda buning badali juda og‘ir bo‘ladi.

Mamlakat va jamiyatimizda xalq orasidagi hamjihatlik, or-nomus, hamiyatni ich-ichidan yemiradigan, sog‘lom fikr va qarashlarni botqoqqa botiradigan bunday ochiqdan-ochiq tahdidlarga tomoshabin bo‘lib turilgani ajablanarli.

Milliy mentalitetimiz, asl urf­odat va qadriyatlarimizga mutlaq zid bo‘lgan ushbu seriallarga o‘z manfaatinigina o‘ylab bosh-qosh bo‘lgan mutasaddilarni hamma narsadan ustun bo‘lgan millat ma’naviyatiga e’tibor qaratishga chaqiramiz.

– Xabaringiz bor, shu yil 23 avgust kuni Prezidentimiz rahbarligida xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, o‘qituvchilar malakasi va nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda, jumladan, yosh avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada fikr-mulohazalaringizni bildirsangiz.

– Ma’lumki, davlatimiz rahbari ilg‘or fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqdalar.

Muborak dinimiz jamiyat asosining poydevori va istiqboli bo‘lgan yoshlarning har tomonlama komil inson bo‘lib yetishishlarini talab qiladi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarida:

«Kim dunyoni xohlasa tijorat qilsin, kimki oxiratni xohlasa zohid bo‘lsin va kimki ikkisini ham xohlasa ilm olsin». Yana bir hadisi sharifda: «Ilm Chin-Mochin (Xitoy)da bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir», deyilgan.

Tarixdan ma’lumki, ulug‘ bobolarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek barchasi mohir, mehribon, talabchan ustozdan ta’lim olgan.

Xalqimizning ibratli xususiyatlaridan biri – biror yangi ish boshlashdan avval unga bilim, kasb o‘rgatgan ustozdan duo-fotiha oladi. Ustoz duosini olsa, albatta, uning ishi yurishadi, o‘zi kamol topadi. Lekin, afsuski, xalqimiz orasida bu an’analar unutilmoqda.

Ajdodlarimiz o‘z vaqtida ma’naviy, ilmiy merosi, ijodi bilan butun dunyoga ustozlik qilganlar. Ular boshqalarga ergashmagan, boshqalarni o‘z ortidan ergashtirgan. Biz ham bugun ergashuvchi emas, ergashtiruvchi kuchga ega bo‘lishimiz kerak!

Xulosa o‘rnida, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning qariyb bir asr avval aytgan: «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir» degan so‘zlarini eslatib o‘tish, shu bilan birga, har birimiz millat sha’ni, qadr-qimmati, milliy an’ana va qadriyatlarimizni hurmat qilishimiz, xalqimizning diniy, ma’naviy va axloqiy qarashlarini asosiy mezon qilib olishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Barcha xayrli ishlarimizda Alloh taolo madadkor bo‘lsin!

«Ishonch» muxbiri Zebo NAMOZOVA suhbatlashdi.


3 865
O‘zA