O‘zA O`zbek

18.04.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – London: O‘zbek emasman, o‘zbekcha bilmayman, ammo...

O‘zbekiston – London: O‘zbek emasman, o‘zbekcha bilmayman, ammo...

O‘zbek emasman, o‘zbekcha bilmayman, ammo mazza qildim. Hayratda qoldim. Bu men uchun kutilmagan bo‘ldi. Juda chiroyli, nihoyatda hayajonli edi...

Britaniyalik tomoshabinlardan biri o‘zbekistonlik yosh ijodkorlar tomonidan Angliyada qo‘yilgan "Gamlet" spektakliga ana shunday baho berdi.

Buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspir qalamiga mansub o‘lmas asar bu gal britaniyalik taniqli rejissyor Jon Taker tomonidan sahnalashtirilgan.

O‘zbek Gamlet O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi, O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat instituti va Londondagi yetakchi Rose Bruford College of Theatre & Performance teatr oliygohining hamkorlikdagi uch yillik mehnati mahsuli bo‘ladi.

photo5314610305101310464.jpg

Bunaqasi ham O‘zbekiston va ham Britaniya tarixida bo‘lmagan.

Tomonlarga ko‘ra, bundan keyin ham birgalikda yangi ijodiy loyihalar ustida ishlash, teatr va drama sohasida o‘z hamkorliklarini davom etdirish istagidalar.

O‘zbek Gamletni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida ham namoyish etishga ulgurgan yosh ijodkorlar esa, hozir Toshkentda.

Mazkur spektakl taqdimoti Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining O‘zbekistonga amaliy tashrifi arafasida kuzatilgan.

Alan Dunkan Toshkentda ekan, shaxsan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilingan.

Prezident Mirziyoev so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.

Toshkentda jurnalistlarga gapirgan Britaniyaning yuqori martabali diplomatiga ko‘ra, o‘zbek hukumatining virtual qabulxona va boshqa muloqot mexanizmlarini ishga tushirishi "ko‘plab ijobiy natijalar"ga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston, London, Bunyod: Yo hayot yo mamot

photo5314610305101310465.jpg

O‘zbekiston va Angliya tarixida ilk bor bir ingliz teatri o‘zbekistonlik yosh ijodkorlar ijrosidagi "Gamlet" spektakliga mezbonlik qildi.

Angliyadagi mazkur namoyish Xalqaro teatr simpoziumi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur spektakl ustiga ustak O‘zbekiston va Britaniya tomonining o‘zaro ijodiy hamkorligining mahsuli bo‘ladi.

Uzbek Hamlet yoki O‘zbek Gamletini yaratish g‘oyasi 2015 yilda paydo bo‘ladi.

Bu ishga O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi, O‘zbekiston Davlat San’at va madaniyat instituti hamda Angliyaning yetakchi Rose Bruford College of Theatre & Performance xalqaro teatr oliygohi bosh qo‘shishadi.

Bir necha oydan bir necha yilga cho‘zilgan ijodiy ishlar goh O‘zbekiston, goh Britaniyaning o‘zida kechadi.

Oradan uch yil o‘tib, gohida bevosita, gohida bilvosita hamkorlik orqali ibtidosidan intihosiga qadar, ta’bir joiz, ingliz teatri mezonlarida yaratilgan o‘zbekona talqindagi "Gamlet" spektakli dunyoga keladi.

Akademik o‘quv programmasi doirasidagi bu spektalni yaratish jarayonida boshdan-oyoq Buyuk britaniyalik taniqli rejissyor Jon Taker bosh-qoshlik qiladi.

Asrlarki, jahon dramaturgiyasining eng zabardast va o‘lmas asarlaridan biri sifatida e’tirof etilgan "Gamlet"dagi barcha rollarni esa, o‘zbekistonlik talabalar ijro etishadi.

Gamlet bo‘ladimi yoki Ofeliya, pesadagi eng og‘ir rollar ijrosi ham, hatto, birinchi kurs bo‘lmaydimi, O‘zbekiston Davlat San’at va madaniyat institutining talabalariga ishonib topshiriladi.

E’tirof 

photo5314610305101310466.jpg

Mazkur qo‘shma ijodiy loyihaga bosh qo‘shgan har uch tomonning birdek va oshkora e’tirof etishlaricha, birgalikda yaratgan mehnatlari mahsullaridan ko‘ngillari to‘q.

Ularning Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatlarida aytishlaricha, shogirdlarining ijrosidan boshlari osmonga yetgan va g‘ururdalar.

Yangi spektakl namoyishiga ham Rose Bruford College of Theatre & Performance oliygohining teatrlaridan biri mezbonlik qilgan.

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bu namoyishni yaqindan tomosha qilish jarayonida u yerga yig‘ilgan tomoshabinlarni ham suhbatga tutishga muvaffaq bo‘ldi.

Ingliz tomoshabinlaridan birining aytishicha, hatto, o‘zbek tilida ekaniga qaramay, ijrochilarning mahoratidan spektaklni to‘lig‘icha tushunib yetgan.

O‘zbekistonlik yosh ijodkorlar qanchalik zalvorli bo‘lmasin, "Gamlet"ning bor mazmun-mohiyatini o‘z ijrolari bilan ifodalab bera olishdi, deydi u.

"Gamlet" buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspir qalamiga mansub.

Yaratilganiga to‘rt asrdan ortiqroq vaqt bo‘lgan bu pesa haqli ravishda jahon dramaturgiyasining bebaho va betakror namunalaridan biri sanaladi.

Badiiy jihatdan tanqidlarga tutilib kelinsa-da, asar falsafasi, asrlarki, jahonning eng yetuk, old va sara faylasuflarining e’tiborini o‘ziga tortib kelgan.

O‘lmas pesa orada kechgan vaqt davomida butun dunyo bo‘ylab minglab marta sahnalashtirilgan.
Goh turk, goh armani, goh o‘zbek, goh rus va goh yapon Gamlet bo‘lib, "Yo hayot yo mamot", deya teatr sahnalarini zil titratishgan.

Bu rolni har bir davr va har bir zamonning eng yetuk va eng sara ijodkorlari ijro etishgan.
Rose Bruford College of Theatre & Performance butun Yevropadagi eng peshqadam teatr oliygohlaridan biri sanaladi.

Oliygoh butun dunyo bo‘ylab o‘z tarmoqlariga ega, o‘zining nazariyot va amaliyotni qanchalik omuxta olib bora olishi bilan butun jahonga tanilgan.

O‘zbekiston va "Gamlet"

photo5316650934257953447.jpg

"Gamlet" O‘zbekistonda hali 1935 yilda sahnalashtirilib, tilga tushadi.

O‘z davrining eng zabardast ijodkorlari, deya e’tirof etiluvchi Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘raevalar yulduzlik qilgan spektakl O‘zbek teatri tarixidagi eng zo‘rlaridan biri sifatida tan olingan.

Bu spektaklni bir marta tomosha qilish uchun odamlar butun O‘zbekistondan poytaxt Toshkentga oqib kelishgani, unga chipta olish uchun navbatlar haftalarga cho‘zilgani aytiladi.

"Gamlet"ning bundan keyingi talqini O‘zbekistonda 2009 yilda "Ilhom" teatri tomonidan yaratiladi.

Ijodkorlarining o‘ziga xos yondashuvi asosida yaratilgan bu spektakl ham teatr tanqidchilarining ijobiy baholariga sabab bo‘ladi.

2015 yilda esa, poytaxt Toshkent aynan Shekspirning o‘zi tomonidan asos solingan "Globus" teatri ijodkorlari ijrosidagi "Gamlet" spektaklini bevosita tomosha qilishga muvaffaq bo‘ladi.

Tomonlarning ijodiy hamkorliklariga ham xuddi ana shu voqe’lik turtki beradi.

photo5316650934257953448.jpg

Ammo, shunda ham, bugun Londonda namoyishi bo‘lib o‘tgan O‘zbek Gamleti aynan Britaniya tomoni bilan hamkorlikda, ingliz va Shekspir teatri tili mezonlarida yaratilgani bilan ulardan farq qiladi.

Tomonlarga ko‘ra, bundan keyin ham birgalikda yangi ijodiy loyihalar ustida ishlash, teatr va drama sohasida o‘z hamkorliklarini davom etdirish istagidalar.

Pesa xuddi shu kunning o‘zida boshqa bir katta tadbir doirasida O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida ham o‘ynaldi.

Ilk premerasi O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining o‘zida bo‘lib o‘tgan spektakl bungacha mamlakatning o‘zi bo‘ylab ham sayohat qilishga ulgurgan.

BBCning o‘zbek xizmati

1 051
O‘zA