O‘zA O`zbek

24.07.2020 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekiston jahon fani rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlar vatani”

“Oʻzbekiston jahon fani rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlar vatani”
Eʼtirof

2020-yil 16-17-iyul kunlari «Samarqand davlat universiteti – Ulugʻbek madrasai oliyasining vorisi» mavzuida boʻlib oʻtgan onlayn xalqaro konferensiyaning nufuzli mehmonlari oʻz taassurotlari va fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

photo_2020-07-24_10-52-07.jpg

Halit Eren,
IRSIKA Bosh direktori, professor (Turkiya):


– Tarix va bugunni bogʻlash yoʻlida olib borilgan juda koʻp tadqiqotlarni koʻrganman. Lekin mening nazarimda eng mukammal bogʻlanish va uzviylik bu – Mirzo Ulugʻbek oliy madrasasi va Samarqand davlat universiteti oʻrtasidadir. Toʻgʻrisi, bu izlanishlar boshlanganiga salkam chorak asr boʻldi. Oradan oʻtgan vaqt tarixiy haqiqatlarni ochish, yangi-yangi manbalar bilan boyitish, mustahkamlash uchun yetarli, deb oʻylayman. Men Samarqand davlat universiteti jamoasini butun Oʻzbekiston xalqini mazkur yubiley bilan tabriklayman. Ushbu masalaga bagʻishlangan xalqaro konferensiya minbaridan foydalanib, oʻzimni murojaatimni yoʻllayman.

Dunyoga mashhur oʻzbek hukmdori va astronomi Ulugʻbek 1420-yilda Samarqandda madrasa va Rasadxona tashkil qildi.Bu fan va taʼlim tarixidagi oltin yutuq edi.Ulugʻbek madrasasi ulkan salohiyatga ega taʼlim muassasasiga aylandi va Samarqand davlat universiteti timsolida hozirgi davrgacha yetib keldi.Taʼlim dargohlarining ilmiy izlanishlar va oʻqitish sohasidagi anʼanalari va tajribasi, asrlar davomida muassasaning oʻziga xos muhitini saqlagan holda,oʻzgaruvchan davrlarda taraqqiyot va barqarorlikka moslashuvchanlikni ragʻbatlantiradi.Shu maʼnoda,Samarqand davlat universiteti mumtoz oliy taʼlim dargohi hisoblanmish madrasaning zamonaviy universitetga aylanishiga yaqqol namuna boʻla oladi.Bu dargoh ilm,bilim va taʼlim uzluksizligini saqlagan oʻtmish bilan hozirgi kun oʻrtasidagi bogʻliqlik mahsulidir.

Markazimiz koʻp masalalar qatorida taʼlim muassasalari tarixini oʻrganish borasida ham izlanishlar olib boradi. IRSIKA Islom hamkorlik tashkilotining madaniy organi boʻlib, 56 aʼzo davlatga ega hukumatlararo tadqiqot markazi hisoblanadi.IRSIKA tadqiqot va nashriyot faoliyati bilan ham shugʻullanadi,ilmiy kongresslar tashkil qiladi,islomshunoslikning barcha sohalarida tarixiy va zamonaviy maʼlumotlardan iborat kutubxona va arxivlarni yuritadi,tadqiqotlar olib boradi va eski kitoblar, qoʻlyozmalar, tarixiy asarlar va meʼmoriy merosni saqlash boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazadi.

Islom olamining ilmiy poytaxtlari oʻrtasida bilimlar almashinuvi boʻlib oʻtgan.Samarqand rasadxonasida tayyorlangan Ulugʻbekning Zij jadvali Usmonli astronomlari uchun taqvimlar yaratishda muhim qoʻllanma boʻldi.Samarqand geografiya va astronomiya maktabi islom olamining geografiya va kartografiyaga oid bilimlari uchun asosiy manbalarni yetkazib berdi.Qozizoda Rumiy va Ali Qushchi kabi Usmonli astronomlari Samarqandda Jamshid Koshiy kabi hamkasblari bilan birgalikda ishlagan va dars bergan.Asrlar davomida madrasalar jamiyat rivojida taʼlim markazlari sifatida hal qiluvchi rol oʻynagan.U yerda ilohiyot va diniy fanlar bilan bir qatorda matematika,geometriya,mantiq,tabiiy fanlar,astronomiya va astrologiya boʻyicha maʼruzalar oʻqilgan.Islom olamining turli mintaqalaridagi XX asrning bir qator universitetlari oldingi madrasalarning vorislari hisoblanadi. Xuddi shu kabi,zamonaviy Oʻzbekistonning taniqli universiteti boʻlgan Samarqand davlat universiteti ham Ulugʻbek madrasasining bevosita vorisi sanaladi.

Markazimizning fan tarixi boʻyicha loyihalari va nashrlarida Samarqand rasadxonasi va madrasasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻplab keltirilgan.1994-yilda IRSIKA va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida “Islom dunyosidagi fan va texnologiyalar” mavzuida xalqaro simpozium tashkil etildi.2004-yilda Samarqand davlat universiteti professori Boturxon Valixoʻjayev qalamiga mansub “Ulugʻbek davri madrasalari” asarining turk tilidagi nashri IRSIKA tomonidan chop etildi.Bizning Oʻzbekiston hukumati huzuridagi madaniyat idoralari va Oʻzbekiston universitetlari,akademik institutlari bilan keng va faol hamkorligimiz Oʻzbekistonning Islom dunyosida madaniyat va maʼrifat rivojiga qoʻshgan hissalarini oʻrganish uchun koʻplab kontekstlarni taklif qiladi.

Samarqand davlat universiteti jamoasini yubiley bilan samimiy tabriklayman.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga hamda Samarqand viloyat hokimligiga oʻz minnatdorligimni izhor qilaman.

photo_2020-07-24_10-52-15.jpg

Krista Pikkat,
YUNESKO Markaziy Osiyo Klaster vakolatxonasining rahbari:


– Samarqand davlat universiteti Ulugʻbek madrasasining vorisi mavzusiga bagʻishlangan xalqaro onlayn-konferensiyada ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Konferensiya dasturiga kiritilgan maʼruzalar Mirzo Ulugʻbek madrasasi va zamonaviy taʼlim tizimiga asos solingan sananing 600-yilligiga bagʻishlangan. Dasturdan koʻrinib turibdiki, ilmiy anjumanda boy tajribaga ega yirik mutaxassislar qatnashmoqda.

Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining markazlaridan biri boʻlgan Markaziy Osiyo va uning “yuragi” Oʻzbekiston jahon fani rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan buyuk allomalar va mutafakkirlarning vatanidir.

Buyuk matematik va astronom, davlat rahbari,ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat fidoyisi, qomusiy olim Mirzo Ulugʻbek ushbu mutafakkirlar qatorida alohida oʻrin egallaydi.

Amir Temur va Temuriylar Renessansining shakllanishi va rivojlanishida Markaziy Osiyodagi qadimiy madaniyat va maʼrifat markazlaridan biri boʻlgan Samarqand shahri muhim ahamiyat kasb etadi.

Sharq koʻlyozmalarini tahlil qilganda, Oʻrta asrlar davrida ilm-fan rivoji jadal rivojlangani koʻzga tashlanadi. Oʻsha paytdagi ilm-fan va taʼlim jarayoni holatini tahlil qilgan Mirzo Ulugʻbek jamiyat ravnaqi va barqaror rivojlanishida zamonaviy taʼlim va taʼlim olish huquqiga barcha fuqarolar ega boʻlishi muhimligini anglab mintaqada bir qator madrasalar qurishga kirishgan.

Manbalarda koʻrsatilganidek, Ulugʻbek madrasasi – madrasai oliya maqomiga ega boʻlib, unga tutash yana bir nechta madrasalar oʻz faoliyatini hamkorlikda olib borgan.

YUNESKO faoliyatida hamkorlikda tashkil qilingan kafedralar alohida eʼtiborga sazovor. Shuning uchun Samarqand davlat universitetida YUNESKO shafeligida Samarqand tarixi kafedrasini tashkil qilish maqsadga muvofiq boʻladi, deb oʻylayman va tashkilotimiz tomonidan amaliy yordam koʻrsatishga tayyormiz.

Mazkur kafedra xodimlari bir qator nufuzli universitetlar jamoalari bilan hamkorligida mintaqadagi ilm-fan, taʼlim, maʼnaviyat va maʼrifat tarixini oʻrganib ushbu jarayonlarning bugungi kunga mos yutuqlarini chuqur tahlil etib, universitetlarda qoʻllashlari mumkin boʻladi.

YUNESKO fan va taʼlim tarixiga bagʻishlangan izlanishlarni, loyihalarni har doim qoʻllab-quvatlaydi. Mazkur yoʻnalishda tadqiqotlar olib borayotgan olimlarning ishlariga befarq emas.

Tarix – bu bizning kelajagimiz hayotimizga boʻlgan toʻgʻri munosabatimiz.

Men Samarkыand davlat universiteti professor-oʻqituvchilarini, talabalarini SamDUning 600-yilligi bilan tabriklayman. Ushbu yoʻnalishdagi ishlar davom etishiga, yangi-yangi maʼlumotlar va maktablar topilishiga ishonaman.

18 611
OʻzA