O‘zA O`zbek

24.07.2020 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekiston-24” telekanali bugun 3 yoshga toʻldi

“Oʻzbekiston-24” telekanali bugun 3 yoshga toʻldi

2017-yilning xuddi shu kuni “Oʻzbekiston-24” telekanali ilk bor efir yuzini koʻrgan edi. Shu qisqa vaqt ichida telekanal oʻz yoʻnalish va tamoyillariga tushib oldi. Bugun esa tomoshabinlar uchun 24 soat xizmatda.

“Oʻzbekiston-24” teleradiokanali Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining eng yosh telekanallaridan biri boʻlishiga qaramasdan qisqa davrda mamlakatimiz media makonidan munosib joy egalladi deyishga toʻla haqlimiz. Aniqrogʻi, bugungi kunda axborot oqimida lokomotiv hisoblanadi.

336 nafar ijodkorni oʻz safiga birlashtirgan informatsion telekanalning ahl jamoasi mamlakatimiz va xorijda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni tezkorlik bilan yoritib kelmoqda. Xolislik, haqqoniylik, tezkorlik tamoyillarini oʻz ish dasturiga aylantirgan jurnalistlar say-harakati bilan “Yangiliklar-24” va “Axborot-24”, har soatda efir yuzini koʻrmoqda. Hafta voqealarini oʻzida jamlagan “Tahlilnoma” dasturi esa yurtimizdagi voqea-hodisalarni atroflicha tahlil qilib boryapti. Bu dasturda ham professional va tajribali jurnalistlar mahoratdan unumli foydalaniladi.

Mamlakatimiz va jahon miqyosida roʻy berayotgan kundalik voqealarni bugungi tomoshabinlarga aniq va loʻnda qilib yetkazishda tajribali ijodkorlar Sherzod Roʻziyev, Navbahor Karimova, Shuhrat Ibragimov, Nazira Mambetsharipova, Muhammadnozim Mavlonov, Ulugʻbek Rahmonkuliyev kabi tajribali ijodkorlar yoshlarga namuna boʻlmoqda.

Kanal ijodkorlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va samaralarini faol targʻib qilishda, yoshlarni istiqlol gʻoyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi bir qator teledasturlarni ham tayyorlab efirga uzatmoqda. Jumladan “Intervyu-24”, “Tafsilot”,“Maxsus reportaj”,“Taraqqiyot formulasi” va “Studiya-24” dasturlari tezkorlik tamoyili asosida efirga chiqadi.

maxresdefault.jpg

Teleradiokanalning asosiy richagi boʻlgan “Hududiy muxbirlar tarmogʻi”ning Baxtiyer Ahmedov rahbarligidagi 30 nafardan ortiq jamoasi mamlakatimizning olis nuqtalaridan tayyorlayotgan rang-barang lavha va reportajlari bilan koʻrsatuvlarning har tomonlama qiziqarli va tomoshabop boʻlishiga xizmat qilishmoqda. Bosh muharririyatining Namangan viloyati boʻyicha muxbiri Ugʻiloy Boltaboyeva, Xorazm viloyati boʻyicha muxbiri Intizor Matchonovalarning mualliflik koʻrsatuvlari, Fargʻona viloyati boʻyicha muxbir Ilxom Eshmatovning reportaj va lavhalari shuningdek iqtisodiy tahlillarga boy koʻrsatuvlari tomoshabinlarimizga yaxshi tanish. Muxbirlar deyarli har biri koʻrsatuv va reportajlari uchun tanlangan mavzularga chuqur yondashgan holda aniq tahliliy misollar orqali voqea hodisalarning mohiyatini ochib bermoqda. Bunday ruhni “Oʻzbekiston-24” telekanaling har bir dasturda uchratish mumkin.

Yana bir yangilik, telekanalning muxbirlar tarmogʻi oʻz ish uslubini “Oʻzbekiston”, “Yoshlar” va “Sport”teleradiokanallarining muxbirlar tarmoqlari bilan muvofiqlashtirgan holda tashkil etishni boshladi. Bu esa oʻz samarasini berib hududlarda boʻlayotgan yangiliklarni tezlikda yoritishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlat telekanallari oʻrtasidagi video axborotlar almashinuvini yana-da takomillashtirishga ham xizmat qiladi.

Shunisi eʼtiborliki, telekanal ijodkorlari hozirgi koronavirus pandemiyasi hukm surayotgan kunlarda asosiy efir vaqtini kasallikning oldini olishni targʻib qiluvchi koʻrsatuvlarga ham ajratgan. “COVID 19 savol javob”, “COVlD vaziyat” turkum koʻrsatuvlar bugungi murakkab vaziyatda barchani “Oʻz sogʻligingni, oʻz bolangni, oʻz oilangni asra!” shioriga amal qiluvchi gʻoya ostida efirga uzatilyapti. Maʼlumotlar esa bevosita soha mutaxassislarning fikr-mulohazalari orqali, ishonchli dalillar bilan tayyorlanib yetkazilmoqda.

24 soat tomoshabinlar uchun ishlayotgan mamlakatimizning birinchi informatsion teleradiokanali – “Oʻzbekiston-24” jamoasi bugun oʻzining 3 yilligini nishonlayapti. Yurtimiz media bozorida faollik koʻrsatayotgan ahl jamoaga ijodiy barkamollik tilaymiz.

photo_2020-07-23_18-05-16.jpg

R.RAJABOV,
jurnalist

17 546
OʻzA