O‘zA O`zbek

17.10.2018 Chop etish versiyasi

Oʻzbek yoshlari uchun xitoycha festival

Oʻzbek yoshlari uchun xitoycha festival

“Turkiston“ sanʼat saroyida mamlakatimizdagi xitoy tilini oʻrganayotgan yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari vakillari, xitoyshunoslar, Konfutsiy instituti talabalari, mustaqil faoliyat olib borayotgan oʻquv markazlari tinglovchilari ishtirok etdi.

Festivalda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan soʻzga chiqib, mamlakatimizda xitoy tilini oʻrganishga bel bogʻlagan yoshlar safi ortib borayotgani, ular uchun Xitoydagi nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olish imkoniyati yuqori ekanini taʼkidladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda Xitoy bilan boshqa sohalar qatori madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu oʻzbek yoshlarining ushbu mamlakat tarixi, tili va madaniyatini oʻrganishga qiziqishi tobora ortib borayotganida ham namoyon boʻlmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi qator oliy taʼlim muassasalari, jumladan, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik va Samarqand davlat chet tillari institutlarida yoshlarga xitoy tili oʻrgatib kelinmoqda. 2004 yildan boshlab Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va 2014 yilda Samarqand davlat chet tillari instituti qoshida Konfutsiy instituti filiallari ochilgani yoshlarimizning xitoy tilini oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Festivalda yoshlar ijrosida xitoycha raqslar, kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan festival soʻngida faol talaba-yoshlar ragʻbatlantirildi.

4 348
Dilobar Mamatova, OʻzA