Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 21:29 Chop etish versiyasi

«O‘zbegim» milliy qadriyatlar festivali yakunlandi

«O‘zbegim» milliy qadriyatlar festivali yakunlandi “Milliy” telekanali va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur festivalda keng jamoatchilik va diplomatik korpus vakillari, xorijlik mehmonlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sayilgoh ko‘chasi erta tongdan odamlar bilan gavjum bo‘ldi. O‘zbek milliy an’analari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, milliy taomlar, dorbozlar va xalq o‘yinlari, liboslar namoyishi, konsert dasturlari bu yerga kelgan har bir ishtirokchiga olam-olam quvonch bag‘ishladi.

– Jannatmonand yurtimizga faqat bayramlar, tantanalar va bugungidek milliy qadriyatlar namoyishiga bag‘ishlangan festivallar yarashadi, – deydi surxondaryolik Saydali Qurbonov. – Festivalga oilam bilan keldim. Bu yerdagi “Vodillik dorbozlar” namoyishi deysizmi, osmonga uchirilgan ulkan havo sharlarimi yoki milliy adrasimizdan yaratilgan san’at asari darajasidagi ayollar choponi, sumkalari, liboslarini ko‘rib, mag‘rurlanib ketdik. Nega deysizmi? Bular o‘zbekning asl udumlari, qadriyatlari qanchalik ulug‘ ekanining isboti-da. San’atkorlarimiz chiqishlarini aytmaysizmi?! Tandirda tayyorlangan xilma-xil taomlarimiz-chi! O‘zbekning shohona oshi jahon rekordini o‘rnatdi. Bular bizning boqiy an’analarimiz, iftixorimizdir.

13.JPG

Festival doirasidagi tadbirlardan biri – o‘zbek milliy taomi – palovning tayyorlanishi va bu jarayonda Guinness World Records vakillarining ishtirokidir. Mohir oshpazlarimiz diametri 4,2, hajmi 8 metr kub va balandligi 1 metrdan oshiq bo‘lgan qozonda 7 ming 360 kilogrammlik palov tayyorlab, jahon rekordini o‘rnatdi.

– Ginnesning rekordlar kitobida qayd etilish uchun taomga to‘rt tonna masalliq sarflanishi kerak edi, – deydi Guinness World Records vakili Richard Stening. – Bugun ushbu talab oshig‘i bilan bajarildi. Palovni tayyorlash jarayonida Guinness World Records talablariga to‘liq rioya qilindi. Palov tayyorlash bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatildi. Bu, albatta, Ginnesning rekordlar kitobida qayd etiladi.

– Toshkentga birinchi kelishim va u meni go‘zalligi bilan maftun etdi, – deydi rossiyalik jurnalist Svyatoslav Gordin. – Qo‘li gul hunarmandlar va rassomlar qadimiy an’analar uyg‘unligida yaratgan tasviriy va amaliy san’at asarlari menga juda yoqdi. Ulkan qozonda yetti tonnadan ortiq palovning tayyorlanishini kuzatish va uni tatib ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim.

Festivalning asosiy tadbirlaridan yana biri Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida o‘tkazilgan «O‘zbegim» kitobining tantanali taqdimoti bo‘ldi.

2.JPG

Kitob-albom bilan tanishgan o‘quvchilar undagi nodir tarixiy va zamonaviy hujjatlardan xalqimizning moddiy va nomoddiy boyliklari, me’moriy obidalari, boy merosi haqidagi va boshqa ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ladi. «O'zbegim» kitobi loyihasi ustida 10 ga yaqin suratkash ishlagan. Kitob uchun ish jarayonida olingan 10 mingdan ziyod suratdan 2 mingtasi tanlab olingan. Nashrdan 6 ta panoramali surat joy olgan. Eng yirik fotokompozitsiyada 250 dan ziyod kishi tasvirlangan. Ular O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillari bo‘lib, har biri o‘z milliy libosida aks ettirilgan. Suratga olish jarayonida kerakli muhitni yaratishda 50 dan ziyod hunarmand-ustaning 500 dan ortiq amaliy san’at namunalaridan foydalanilgan.

Festival jarayoni poytaxtimiz turli maskanlarida o‘rnatilgan 20 dan ortiq ekranda namoyish etildi. Shuningdek, “Milliy” telekanali, Guinness World Recordsning Facebookdagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatib borildi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

Ziyodulla Jonibekov, Nasiba Ziyodullayeva, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 664






Все о погоде - Pogoda.uz