O‘zA O`zbek

22.03.2020 Chop etish versiyasi

OʻzA loyihasi: Tafakkurni oʻzgartirgan asar

OʻzA loyihasi: Tafakkurni oʻzgartirgan asar

OʻzA “Tafakkurni oʻzgartirgan asar” rukni ostida jahonga mashhur badiiy, ilmiy-ommabop, psixologik, tarixiy va falsafiy asarlar tahlilini berib boradi.

Maqsadimiz – kitobxonlikka hissa qoʻshish. Kolumnist Sevara Alijonova.

Bugun Rey Bredberining “Marsga hujum” asari tahlili bilan tanishasiz. Unutmang, kitob qarshisida jamiki narsalar nursiz boʻlib qoladi.

BIZ YERLIKLARDA BUYUK VA GOʻZAL NARSALARNI VAYRON QILISH ISTEʼDODI BOR

“Hayratga tushish qobiliyati

buyuk ishdir, — dedi faylasuf. –

Kosmik parvozlar bizlarni yana

bolalarga aylantirib qoʻydi”.

“Marsga hujum” asari jahonga mashhur amerikalik fantast yozuvchi Rey Bredberiga olamshumul shuhrat keltirgan ilmiy-fantastik roman hisoblanadi. Turli qahramonlar, hikoyachilar tilidan yilnoma uslubida yozilgan, bob-hikoyalarga boʻlingan roman aslida 1940-yillarning ikkinchi yarmida adabiy jurnallarda kichik hikoyalar koʻrinishida chop etilgan. Asarda 1950-yilning boshlarida Amerika jamiyatini tashvishga solayotgan asosiy muammolar, yaʼni yadro urushi tahdidi, murakkablashib borayotgan hayotni soddalashtirish istagi, irqchilik va senzuraga qarshi kurash aks etadi. Rey Bredberi ilmiy fantastika janrini juda yaxshi koʻrgan, chunki dunyoning hozirgi holatini boricha koʻrsatish(xayoliy kelajak omilidan foydalanish, shu orqali odamlarni oʻtmishdagi xatolarni takrorlash va ularni ogʻirlashtirishdan himoya qilish)da biror bir janr fantastikachalik cheksiz imkoniyatga ega emas, deb hisoblagan.

Chindan ham, kundalik hayotimizda bizga judayam oddiy koʻrinadigan, qachonlardir olamshumul tasavvurga ega kimlardir tomonidan oʻylanib, olimlar va kashshoflar tomonidan turmush tarzimizga kiritilgan minglarcha ixtirolar zamirida fantastika yotadi.

Odatiy fikrlovchi minglab, hatto millionlab odamlardan farqli, aql bovar qilmas xayollar bilan yashayotgan sanoqli kishilar butun insoniyat turmushini oʻzgartirib yuborishga qodir. Ana shunday bashariyat tafakkuriga sezilarli taʼsir etgan shaxslardan biri – yozuvchining oʻzi Rey Bredberidir.

Darvoqe, u asarlarida plazmali televizorlar, bankomatlar va kuzatuv kameralari haqida bashorat qilgan boʻlsa-da, uyida televizor va telefondan boʻlak hech qanaqa texnika boʻlmagan. Rey Bredberi mashina, kompyuter va internetdan nafratlanishini yashirib oʻtirmagan: “Ular bizning yashashimizga xalaqit berishadi, ular bizning vaqtimizni olib qoʻyishadi. Odamlar kompyuterda juda koʻp ishlashadi. Ular bir-birlarini tinglash oʻrniga, juda koʻp vaysashadi”.

***

1999-yilning yozida AQSHda Marsga birinchi ekspeditsiya yoʻl oladi. Bu orada marsliklar nomaʼlum narsaning yaqinlashayotganini his qilishadi. U yerliklar aslida telepatlar boʻlib, bir-birlarining fikrlarini soʻzsiz oʻqiy oladilar. Ammo Marsga yerliklarning kelishi bilan marsliklar ularga moslashib, xayollari tilidan uchib chiqa boshlaydi. Birinchi va ikkinchi ekspeditsiya aʼzolari tub aholi tomonidan oʻldiriladi.

Uchinchi ekspeditsiya Marsda Amerikadagi Ogayo shaharchasining xuddi oʻshanday nusxasini, undan tashqari marhum qarindoshlarini koʻrib, hayratdan yoqa ushlaydi. Aslida bu marsliklar nayrangi boʻlib, ularni gipnoz qilishadi va yoʻq qilib yuborishadi.

Astronavtlar Marsga oʻlim urugʻini olib kelishadi: tub aholi suvchechak virusiga qarshi tura olmaydi. Toʻrtinchi ekspeditsiya yoʻq boʻlib ketgan shaharlarni topadi. Ekipaj aʼzolari orasida ichki nizo chiqadi: ulardan biri ekipajdagilarning hammasini oʻldirmoqchi boʻladi. Shu yoʻl bilan u, yerliklar Marsni zabt etish gʻoyasidan voz kechishi va u yerga ham atom bombalarini olib kelolmasligini taʼminlamoqchi boʻladi. Ammo isyonchi oʻldiriladi.

Qizil sayyora oʻzlashtiriladi, daraxt va ekinlar ekiladi, elektr energiyasi oʻtkaziladi. Yerning nusxasi yaratiladi. Shunday qilib, bir marslik yangi kelganlar bilan birga yashay boshlaydi, ammo ulardan birini tanlay olmay, azob-uqubatdan vafot etadi. Marsdan yuzga yaqin marsliklar chiqib ketishadi.

Yerda esa yadro urushi boshlanish arafasida. Yaqinlari va oʻz vatanlari haqida xavotirga tushgan odamlar(uch kishidan tashqari) yana Yerga qaytib keladilar.

20 yil oʻtgach, bir oila Marsga qoʻnadi va yangi hayot qurish, Yerdagi Katta Urushni unutish uchun oʻzlariga oʻxshagan yana bir nechta ishqibozlarning kelishini kutadi...

***

Fantast yozuvchi insonlarning Yerga, tabiatga munosabati izdan chiqqani, hatto Marsni ham Yerliklar egallab olgani, kuni kelib Marsning boshiga ham shu kunlarni solishi haqida iztirob chekib yozadi. Insonlarning oʻz huzur-halovatini oʻylashi ortidan hech narsadan tap tortmasligi, Marsda yashay turib, Yupiter, Saturn kabi yana boshqa sayyoralarni ham koʻzdan qochirmasligi, iloji boʻlsa, agar hayot alomatlari topilsa, oʻsha yoqqa koʻchib oʻtishni rejalashtirishlari haqida kinoya bilan yozadi. Asardan olinadigan xulosalar koʻp. Eng muhimi esa, inson oʻzi yashab turgan Zaminga, tabiatga xiyonat qilmasligi, uni asrab-avaylashi lozimligidir.

Asar shuningdek, tasavvuringizga har kuni ham kelavermaydigan oʻxshatish, fantastik xayollarni aks ettirgani bilan oʻqishli, zavqli. Masalan, Rey Bredberi Mars sayyorasi va marsliklarni quyidagicha tasavvur qiladi:

...Mister Aaa temir piyolasidan elektr alangasini hoʻplagancha tosh terilgan yoʻlakdan ovozlar kelayotganini eshitdi.

...missis K. billur devorlardan yetilib chiqqan oltin mevalarni yemoqda...

...ayol beixtiyor goʻsht boʻlaklarini qaynab turgan olovga tashladi.

...mana bu sharfing, – er unga shisha idishchani tutdi.

...ularning yuzlari chinakam marsliklardek toza, qorachadan kelgan edi. Koʻzlari oltin tangalardek sap-sariq, ovozlari mayin va yoqimli. Ilgari ular kimyoviy olov bilan suratlar chizishni yaxshi koʻrardilar, sharob daraxtlari limmo-lim toʻlib oqqan anhorlarda suzishni yoqtirishardi, keyin esa tonggacha xilvatgina xonada nur taratib turgan portretlar tagida suhbat qurar edilar.

...siz gʻirt marslik ekansiz! Koʻzlaringiz sap-sariq, badaningiz qoracha…

...siz hatto koʻzingiz rangini almashtirmoqchi ham boʻldingiz – sariq oʻrniga koʻkni, badaningiz qorachadan kelgan emas, balki qizgʻish! Mana bu kostyumingizni qarang, qoʻlingizda esa, oltita oʻrniga beshta barmoq bor! Nima ham derdik, ruhiyotdagi ogʻishlar taʼsiri ostida mutlaqo biologik metamarfozadan boshqa hech narsa emas!

Oʻz navbatida marsliklar bizni shunday tasavvur qilishlari mumkin ekan:

...qop-qora sochlar, koʻm-koʻk koʻzlar, oppoq badan.

...uchinchi sayyora (Yer)da hayot boʻlishi mumkin emas. Olimlarimiz shuni aniqlaganlarki, u yerda havoda kislorod haddan tashqari koʻp. U yerda odamlar yashaganida qanday zoʻr boʻlar edi-ya! Qanaqadir gʻalati kemalarda koinotda sayohat qila olishganda nur ustiga nur boʻlardi.

...Yer boshdan oyoq dengiz, dengizdan boshqa hech narsa yoʻq. U yerda hech qanday quruqlik yoʻq.

Kitobxon bu satrlarni oʻqirkan, beixtiyor oʻzini Marsdagidek his etishi, tasavvurning cheksiz olamiga shoʻngʻishi tabiiy. Fantastik asarlar mutolaasi oʻquvchiga-da qotib qolgan tasavvurlarini jonlantirish, dunyoga boshqacha nigoh bilan qarash, oʻzi kirib, qamalib qolgan qobiqlarni yorib tashlash imkonini berishi bilan ham qimmatli.

Asardan iqtiboslar:

Biz yerliklarda buyuk va goʻzal narsalarni vayron qilish isteʼdodi bor. Agar biz Misrda Qarnoq ehromi xarobalari orasida tamaddixona ochmagan boʻlsak, buning sababi shundaki, xarobalar qiyalikda joylashgan va u yerda tijorat ishlari yurishmaydi.

Vaqtning hidi qanaqa boʻladi? Changmi, soatmi, odammi? Bundoq oʻylab koʻrganda bu vaqt degani oʻzi qanaqa boʻladi? Eshitsa boʻladimi? U bir qarasang zim-ziyo magʻorada shildirab tushayotgan suv, bir qarasang chorlayotgan tovush, bir qarasang boʻsh quti qopqogʻiga toʻkilayotgan tuproqning shuvullashi, bir qarasang yomgʻir.

Nimaga buncha tikilib qarab qoldingiz, dada?

Men yer mantigʻini, sogʻlom fikrni, oqilona hukmronlikni, tinchlik va masʼuliyatni qidirayotgan edim.

Xoʻsh, topdingizmi?

Yoʻq. Topmadim. Ular endi Yerda yoʻq. Bundan keyin ham hech qachon boʻlmaydi. Biz oʻz-oʻzimizni aldab kelgan ekanmiz, chamamda, aslida biz oʻzi yoʻq narsani qidirar ekanmiz.

Nikoh hattoki ilgaridan tanish boʻlgan yosh yigit-qizlarni ham keksa qilib qoʻyadi…

– Sizni, albatta, davolab boʻlmaydi. Baxtiqarosiz, gʻaroyib odamsiz! Sizni faqat oʻlim qutqaradi.

Dunyo urush yoki urush haqidagi fikrlar girdobida qolib ketgan edi.

5 386
OʻzA