O‘zA O`zbek

02.11.2019 Chop etish versiyasi

Oʻz yurtimning tuprogʻi...

Oʻz yurtimning tuprogʻi...
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!


Yot ellarning bogʻi bilan bogʻchasi,

Oʻz yurtingning yantogʻicha boʻlolmas.

Mahtumquli

Oʻzga yurtning gullar oʻpgan koʻchasi.

Dengizlari, nilufari, gʻunchasi.

Daryolari, yuzlab, minglab qanchasi.

Koʻkni quchgan moʻjizasi, nechasi.

Oʻz yurtimning tuprogʻicha boʻlolmas.

Yot ellarda koʻnglim yashnab kulolmas.

Garchi uchdim, yulduzlar qanotida,

Nasim boʻldim sogʻinchlar sirotida.

Moviy, alvon jilvalarga maftun boʻldim,

Ruh bermadim ruhsizlar hayotiga.

Menga hech kim oʻz elimdek boʻlolmas.

Yot ellarda koʻnglim yashnab kulolmas.

Nurlar koʻrdim, osmon bilan boʻylashgan,

Sirlar koʻrdim, sinoatdan soʻylashgan,

Uchayotgan turnalarni tinglasam,

Oshiyonining sevgisidan kuylashgan.

Yot ellarda koʻnglim yashnab kulolmas.

Dil dardimni marvaridlar ololmas.

Yantoqgullar- bolaligim bayrogʻi,

Xoru xasi, oʻlanlari, yaprogʻi.

Jonga malham qushlarining sayrogʻi.

Koʻzlarimga toʻtiyo itlarining tirnogʻi.

Oʻz yurtimda raqib sochim silolmas

Yot ellarda koʻnglim yashnab kulolmas.

El hajrini gʻaribalar biladi...

Yurt ishqida sargʻayadi, soʻladi...

Koʻkka boqsam yuksalaman, oʻsaman

Nafas olsam olamlarim toʻladi!

Yuragimni zebu zarlar ololmas,

Yot ellarda koʻnglim yashnab kulolmas.

Ozoda BEKMURODOVA,

shoira

1 292
OʻzA