O‘zA O`zbek

20.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻlmas navolar kuychisi

Oʻlmas navolar kuychisi

(Bugun xalqimizning sevimli sanʼatkori, Oʻzbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavallud topgan kun)

Shunday xonandalar boʻladiki, ularning ijrosi yillar oʻtsa-da, yorugʻ kunlarda ham, sinovli damlarda ham muxlislar tomonidan sevib tinglanadi. Komiljon Otaniyozovning joʻshqin ijodi va faoliyati sanʼat muxlislari, oʻzbek, turkman, tojik, qoraqalpoq va boshqa qardosh xalqlar tomonidan gʻoyat ardoqlanadi. Uning betakror qoʻshiqlari mudom qalbimizda yangrab turgandek goʻyo.

Komiljon Otaniyozov 1917-yilning 20-iyulida Shovot tumani Boʻyrachi qishlogʻida tugʻilgan. Otasi Otaniyoz Qori Oxun ziyoli inson boʻlib, Niyoziy taxallusi bilan sheʼrlar yozganlar.

Komiljon Otaniyozov xonanda sifatida ilk bor “Raʼnoni koʻrdim”, “Ustozingdan ayrilma”, “Sayotxon bogʻdadur, bogʻda” kabi doston yoʻllaridan olingan qoʻshiqlar bilan muxlislar qalbidan joy olib, musiqa madaniyati, xususan, Xorazm vohasining qadimiy anʼanalari negizida yuzaga kelgan hamda voyaga yetgan sanʼatkordir. Doston yoʻllarini Bola baxshi Abdullayevdan, Xorazm maqom ashula yoʻllarini Matpano Xudoyberganovdan oʻrgangan.

El nazariga tushgan hamkasblaridan Ollanazar Hasanov (skripkachi), Qurbonboy Bobojonov (surnay, qoʻshnay, bulamon cholgʻularining mohir ijrochisi), Otanazar Abdalniyozov va Saidnazar Otajanov (mashhur doira ijrochilari), Karimjon Ismoilov (Oʻzbekiston xalq artisti, uzoq yillar hamnafaslik qilgan hofiz) ustoz bilan ijodiy hamkorlik qilgan.

Komiljon Otaniyozov ijodining betakrorligi, oʻziga xosligi, jozibasi, barhayotligi siri nimalardan iborat ekani hamon musiqachilarni qiziqtiradi. Mubolagʻasiz u jozibali va kuchli ovoz sohibi boʻlib, har bir asar talqinida badiiy yetuklikka erishgan. Xorazm teatrlarida xonanda va aktyor sifatida ishlab koʻplab obrazlar yaratgan. Teatrda ashula va raqs ansambli tuzib, konsertlar uyushtirgan. Oʻzbekiston xalq artisti darajasiga erishgan Komiljon Otaniyozov nazariy va amaliy bilimlarini oshirish maqsadida 1951-1955 – yillarda Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtini tugatib, 1955-yili Toshkent konservatoriyasida taʼlim olgan. Soʻngra Oʻzbekiston davlat filarmoniyasida yakkaxon xonanda, Xorazm ashula va raqs ansambli badiiy rahbari boʻlgan. Turkmanistonning Toshhovuz viloyati teatrida xalq ansambli, Shovot tumanida “Feruz” ansamblini tashkil etdi.

Uning dasturidagi qoʻshiq va ashulalar, doston yoʻllari, suvoralar, maqom namunalari shinavandalarning koʻngil mulkiga aylanib qolgan.

Ustoz sanʼatkor Xorazm anʼanaviy musiqasining deyarli barcha turlariga murojaat qilgan. Oddiy xalq termalari, laparlaridan tortib oʻziga xos xalfa yoʻllari, doston kuylari, ulugʻvor suvoralar va maqomlarni ham puxta egallashga intilgan. Muxlislar undan doim yangi qoʻshiqlarni kutishga odatlanib qolgan edi. Yirik voqealar, bayram va tantanalarda joʻshqin qoʻshiqlar kuylardi.

Bastakor sifatida ijod qilgan “Salom, senga Xorazmdan”, “Muborak”, “Vatan”, “Olqish”, “Temir yoʻl”, “Oʻzbekiston”, “Xorazm” kabi qoʻshiqlari joʻshqinligi, xalqchilligi bilan ajralib turadi.

Kompozitor sifatida ham dostonchilik merosidan unumli foydalanib , “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Aziz va Sanam”, Sulton Hayitboyev bilan “Soʻnggi xon” musiqali dramalarini kompozitor A.Stepanov bilan hamkorlikda yaratgan.

Komiljon Otaniyozov oʻzbek musiqa sanʼatida ulkan bir maktab yaratgan ustozlardan. Oʻzbekiston xalq artistlari Otajon Xudoyshukurov, Bobomurod Hamdamov, Olmaxon Hayitova, Ortiq Otajonov, Gavhar Matyoqubova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Sharif Sultonov, Bekjon Otajonov, Gulsara Yoqubova va juda koʻp taniqli sanʼatkorlar ustoz maktabidan katta sanʼatga yoʻllanma olgan. Oʻzbekiston xalq hofizi Farhod Davlatov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Rahmatjon Qurbonovlar ustoz maktabi anʼanalarining davomchilaridir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yil Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Urganch shahrida Komiljon Otaniyozov bogʻi va ijod markazi tashkil qilindi. Ijod markazida tahsil olayotgan yoshlarni koʻrib koʻngil quvnaydi.

Komiljon Otaniyozovning ijodi va faoliyati, u ijro etgan doston, kuylari va qoʻshiqlari, maqom namunalari, suvoralari, bastakorlik faoliyati barhayotdir.U baxshichilik, sozandalik, bastakorlik, xonandalik, musiqaning maqom, suvora, xalfa kabi yoʻnalishlarini mukammal egallab, uni tomoshabinlarga katta mahorat bilan taqdim eta olgan. U birgina tor bilan mohir ovozda, eng baland musiqiy pardalarda, jonli ijroda muxlislarni mahliyo etgan sanʼatkordir. U tashkil etgan “Lazgi” ashula va raqs ansambli bugungi kunda xalqimizning sevimli badiiy jamoalaridan sanaladi. Yillar oʻtsa hamki, sanʼatkorning qoʻshiqlari, oʻlmas merosi hamon shogirdlari, muxlislar eʼtiborida, ardogʻida. Bu joʻshqin, baʼzan esa mahzun qoʻshiqlar, nainki, oʻzbekistonliklar, balki xorijlik sanʼat muxlislari tomonidan ham hozirgacha sevib tinglanadi.

Komiljon Otaniyozov ijodi haqida juda koʻp gapirish mumkin. Soʻzimni Oʻzbekiston Qahramoni, shoir Erkin Vohidovning Komiljon Otaniyozov hujjatli filmida keltirilgan mashhur misralari bilan tugallashni maʼqul topdim.

Sanʼatga baxsh umrning soʻngsiz moʻjizasi bor,

U dunyoni tark etsa, undan dunyo qoladi.

Inson umri sarhadli, qoʻshiq umri poydor,

Navosoz yuraklardan oʻlmas navo qoladi.

Darhaqiqat, Komiljon Otaniyozovdan oʻlmas navolar qoldi.

Rustam ABDULLAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi

18 794
OʻzA