Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 18:26 Chop etish versiyasi

Nukusdagi I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida “Vatanni kuylab” nomli ko‘rgazma ochildi

Nukusdagi I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida “Vatanni kuylab” nomli ko‘rgazma ochildi Nukusdagi I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Bozorboy Sarekeyev ijodiga bag‘ishlangan “Vatanni kuylab” nomli ko‘rgazma ochildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Bozorboy Sarekeyev o‘zining rang-barang mavzu va janrlardagi sermahsul ijodi bilan qoraqalpoq tasviriy san’atiga munosib hissa qo‘shgan ijodkor.

Rassom o‘z ijodini Nukusdagi badiiy san’at ishlab chiqarish ustaxonasidan boshlagan. Turli xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etgan.

Manzara, portret, natyurmort janrlarida ijod qilgan musavvir o‘z asarlarida qoraqalpoq xalqining milliy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlari, turmush tarzi, madaniyatini aks ettiradi. Rassomning “Bog‘da” (1969), “Xotira” (1971), “Sozanda” (1969), kabi dastlabki kartinalariyoq muxlis va mutaxassislar e’tiborini tortgan. Uning ijodida portret janri asosiy o‘rin egallaydi. Asarlarida qahramonning ichki kechinmalari, hayotga munosabati yorqin aks etadi. “Ota va farzand”, “Rassom oilasi”, “Qizimning portreti”, “Yosh dutorchi” singari kartinalar shular jumlasidandir. Turli yillarda yaratilgan “Bahor shamoli”, “Cho‘pon va bahor”, “Xiva. Kalta minora”, “Uzum terimi”, “O‘tov oldidagi kechki musiqa” kartinalarida yurtimiz tabiati turfa ranglarda jilolanadi.

19.jpg

Rassom keyingi yillarda tasviriy san’atda yangi texnika – applikatsiya usulida ham asarlar yaratdi. Turli rangdagi iplardan foydalangan holda ishlangan “Yosh oila” (2008), “Sahro qo‘shig‘i” (2013), “Olma terimi” (2016) kartinalari tomoshabinlarga zavq bag‘ishlaydi.

Bugunning global muammosi – qurib borayotgan Orol dengizi rassom ijodini chetlab o‘tmagan. Ayniqsa, “Orol balig‘i”, “Orolni tark etayotganlar” asarlari hech kimni bee’tibor qoldirmaydi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
2 062






Все о погоде - Pogoda.uz