O‘zA O`zbek

14.02.2019 Chop etish versiyasi

Nazm va navo kechasi

Nazm va navo kechasi

Poytaxtimizdagi “Turkiston“ saroyida gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bagʻishlab konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi badiiy jamoalarining ustoz sanʼatkorlari hamda yosh ijrochilari ishtirokidagi musiqiy dastur hamyurtlarimiz eʼtiboriga havola etildi.

Mumtoz musiqa sanʼatimiz rivojida Navoiy va Bobur ijodiy merosi oʻziga xos oʻrin tutadi. Ularning betakror gʻazallari bilan kuylanuvchi musiqiy asarlar sanʼat muxlislarining koʻngil mulkiga aylangan. Ayni paytda mazkur musiqiy asarlar mukammalligi, betakrorligi, teran va yuksak badiiy-falsafiy ruhi bilan ham qadrlidir.

Musiqashunoslarning fikricha, buyuk ajdodlarimiz soʻzlariga bastalangan badiiy barkamol qoʻshiqlar tinglovchilarning estetik didini yuksaltirish, musiqiy saviyasini oshirish, ona tilimizga yanada koʻproq hurmat va eʼtibor bilan munosabatda boʻlishda oʻziga xos oʻrin tutadi. Navoiy va Bobur ijodidagi mushtaraklik musiqa, tarix, tasviriy sanʼat, meʼmorchilik ravnaqiga oid asarlarida, ushbu sohalar rivoji yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlarida hamda sanʼat va hunar ahliga muttasil homiyligi va gʻamxoʻrligida ham yaqqol namoyon boʻladi. Har ikki ijodkor gʻazal va ruboiylarining ajib musiqiyligi ajdodlarining noyob zakosidan darak beradi.

Nazm va navo kechasida badiiy jamoalar va xonandalar ishtirokida chin insoniy fazilatlar, ezgulik, odamiylik, mehr va sadoqatni tarannum etuvchi qoʻshiqlar, jozibali raqslar ijro etildi.

3 283
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA