Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 16:51 Chop etish versiyasi

Nazm va navo kechasi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida Alisher Navoiy tavalludining 576-yilligiga bag‘ishlangan "Nazm va navo" kechasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, nuroniy otaxon va onaxonlar taklif etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ijod maktabini mukammal o‘rganish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar yuksak natijalar berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy adabiyotimiz, ma’naviyatimiz rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor yoshlarning kitobga bo‘lgan mehrini kuchaytirish, ijod ahlini yangi-yangi asarlar yaratishga ruhlantirmoqda.

Milliy adabiyotimiz, ona tilimizning jahonga tanilishida Navoiy ijodining hissasi beqiyos. Mutafakkir asarlari yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqat, kattalarga hurmat, baxtiyor kunlar uchun shukronalik ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyatga ega. Ayni paytda shoirning boy ma’naviy merosi yoshlarimizni turli tahdidlar, xatarli g‘oyalardan ishonchli himoyalashda, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda muhim ma’naviy qalqon vazifasini o‘tashi shubhasiz.

– Navoiyni har kuni o‘qish, uqish biz uchun ham qarz, ham farzdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi ijodiy birlashmalar va xalq ijodiyotini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Jamoliddinov. – Butun bashariyatni ogohlik, hamjihatlik, komillik, ahillik va do‘stlik sari undagan daho shoirimizning ijodi barcha san’atkorlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai sanaladi. Musiqiy kecha bejiz mazkur maskanda o‘tkazilmadi. Zero, bobomiz nomi bilan yuritiluvchi ushbu mo‘tabar dargoh bunyodkor xalqimizning Navoiy dahosiga bo‘lgan cheksiz mehri va ehtiromining yorqin namunasidir.

Kechada shoir g‘azallari bilan kuylanuvchi ashulalar, shoir ijodidan namunalar yangradi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
742






Все о погоде - Pogoda.uz