O‘zA O`zbek

13.02.2019 Chop etish versiyasi

“Navoiy vorislari” Navoiyda bahslashdi

“Navoiy vorislari” Navoiyda bahslashdi

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan Navoiy shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bagʻishlab “Navoiy vorislari” koʻrik-tanlovining mamlakat bosqichi oʻtkazildi.

Koʻrik-tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda tanlovning viloyat bosqichlarida gʻolib boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirok etdi.

– “Navoiy vorislari” koʻrik-tanlovi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yirik loyihalaridan biridir, – deydi partiya markaziy kengashi Yoshlar boʻlimi boshligʻi Hamdam Niyozov. – Mazkur tanlov partiya dasturi va saylovoldi platformasida belgilangan vazifalar asosida yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, Alisher Navoiy hayoti va ijodini oʻrganish, uning yuksak insonparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan asarlari mazmun-mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga singdirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni oʻrganish va keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Alisher Navoiy merosi bizni, avvalo, ota-bobolarimiz yoʻlini munosib davom ettirishga, hamisha ezgulik yalovini mahkam tutishga, maʼnaviy kamolot va saodatga intilib yashashga oʻrgatadi.

Ishtirokchilar dastlab viloyat markazidagi Alisher Navoiy istirohat bogʻida oʻrnatilgan shoir haykali poyiga gullar qoʻyib, buyuk mutafakkir dahosiga hurmat bajo keltirdi.

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda ishtirokchilar eng koʻp gʻazal yod olish, gʻazalni bexato va ifodali oʻqish, gʻazal matnining nasriy bayonini yarata olish, undagi soʻzlar mazmun-mohiyatini izohlab berish kabi shartlar boʻyicha bahslashdi. Alisher Navoiy ijodi, lirikasi, gʻazallarining mavzu yoʻnalishi, talqini, izohlari, shoir sheʼriyatidagi janr va timsollarga doir maʼlumotlar nafaqat ishtirokchilar, balki tomoshabinlar uchun ham gʻoyat qiziqarli boʻldi.

Ishtirokchilarning ulugʻ shoir gʻazallaridan kamida 40 tasini yod olgani va ularning nasriy bayonini taqdim eta olish qobiliyatiga eʼtibor qaratildi.

Koʻrik-tanlovning taqdirlash marosimi “Farhod” madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi. Birinchi oʻrinni Toshkent viloyati sharafini himoya qilgan ishtirokchi Shukrullo Zikrillayev egalladi. Ikkinchi oʻringa Navoiy viloyati vakili Lobar Davronova, uchinchi oʻringa sirdaryolik Xurshida Akbarqulova sazovor boʻldi.

Gʻolib va ishtirokchilarga Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi va Navoiy viloyati hokimligining diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov soʻzga chiqdi.

5 006
Nuriddin RAHIMOV, S.Aslonov (surat), OʻzA