Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 13:26 Chop etish versiyasi

Navoiy shahri va Karmana tumanida zamonaviy kitob do‘konlari qurilmoqda

Navoiy shahri va Karmana tumanida zamonaviy kitob do‘konlari qurilmoqda Mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat ishiga davlat siyosati darajasida yuksak e’tibor qaratilayotgani aholi, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, chekka qishloq va ovullarda o‘quvchilarga keng qulaylik yaratishga xizmat qilmoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi muhim dasturilamal bo‘layotir.

Navoiy viloyatida ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatdagi barcha 47 axborot-resurs markazida zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalaniladi. Jumladan, barcha kutubxonalar ZiyoNET internet tarmog‘iga ulangani, umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari zamonaviy komputerlar bilan jihozlangani, darslik va adabiyotlarning elektron shaklidan foydalanish imkoniyati mavjudligi yoshlarning puxta bilim olishiga ko‘maklashmoqda.

– Markazimizda kitobxonlar uchun namunali xizmat ko‘rsatilmoqda, – deydi Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Shamsiya Baqoyeva. – Qariyb 159 ming kitob, 3 mingdan ortiq elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxonamizda komputerlar ZiyoNET internet tarmog‘iga ulangan. Bu zarur adabiyotlarni yuklab olish hamda elektron ko‘rinishda foydalanish imkoniyatini berayotir.

Birinchi Prezidentimizning 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ta’lim muassasalarida tashkil etilgan axborot-resurs markazlari nafaqat o‘quvchi-yoshlarga, balki keng aholi qatlamiga namunali xizmat ko‘rsatishi belgilangan edi.

Aksariyat tuman va shaharlarda zamonaviy kitob do‘konlari yo‘qligi o‘quvchilarga ma’lum qiyinchiliklar tug‘dirardi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yuqorida zikr etilgan farmoyishiga asosan ixtisoslashgan kitob do‘konlari uchun viloyat va tuman markazlari, shahar va qishloqlarda aholiga qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalasini qayta ko‘rib chiqish belgilandi. Ayniqsa, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini alohida statistik hisobga olish va ularga tegishli soliq imtiyozlari qo‘llash tadbirkorga ham, kitobxonga ham qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-yanvardagi farmoyishi xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi, – deydi Zarafshon shahridagi “Yulduz” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nigora Primova. – Chunki kishi farzandini tarbiyalash uchun o‘zi tarbiyali bo‘lishi kerak. Ota-ona kitob o‘qimasa, ma’naviyatdan yiroq bo‘lsa, u qanday tarbiyachi bo‘lishi mumkin? Nafaqat shahar va tuman markazlarida, balki chekka qishloq va mahallalarda ham zamonaviy kutubxonalar, kitob do‘konlari ko‘paysa, mana shunday kemtikliklar to‘ldirilgan bo‘lardi.

Ayni paytda kitobxonlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Navoiy shahri va Karmana tumanida zamonaviy kitob do‘konlari qurilmoqda. Navoiy shahrida “Kitob olami” majmuasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Qariyb 300 million so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan majmuada 10 ga yaqin bo‘lim mavjud.

– Tarixiy asarlarga qiziqqanim bois Amir Temur bobomiz hayoti haqida hikoya qiluvchi kitoblarni xarid qildim, – deydi Navoiy shahridagi 16-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchisi Gulruh Himmatullayeva. – Kitob do‘koni adabiyotlarga juda boy. Eng muhimi, men izlagan kitob bor ekan.

Kelgusida viloyatning Qiziltepa, Uchquduq, Konimex, Xatirchi, Navbahor tumanlari va Zarafshon shahrida ham shunday kitob do‘konlari barpo etish rejalashtirilgan.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
3 145






Все о погоде - Pogoda.uz