O‘zA O`zbek

11.03.2020 Chop etish versiyasi

Naqshband avlodlari haqida risola

Naqshband avlodlari haqida risola
Yangi kitoblar

Bugun butun dunyo xalqlari donishmandlarning, ulugʻ valiy zotlarning asarlariga ruhan ehtiyoj sezmoqda. Xususan, buyuk bobokalonimiz Bahouddin Naqshband kitoblarini mutolaa qilishmoqda. Keyingi yillarda jahonning turli mamlakatlarida Bahouddin Naqshband tariqati boʻyicha qator yigʻilishlar, anjumanlar boʻlib oʻtdiki, bu ham dunyo ahli bu tariqatning yuksak insoniy jihatlariga muhtoj ekanligi, Osiyo va Yevropa olimlarining bunga qiziqishi tobora kuchayib borayotganini koʻrsatadi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, adib Toʻlqin Hayitning “Olam naqshi jahon kaftida” risolasida ham Hazrati Bahouddin Naqshband avlodlari haqida soʻz yuritilib, komil inson tarbiyasi, insonning maʼnaviy dunyosini boyitish yoʻllari haqida hikoya qilinadi.

“Riyokorlik, badnafslik, koʻzboʻyamachilik, taʼmagirlik va yulgʻichliklarga; tarozidan urish, soddalarni laqillatish, oʻgʻirlik, tovlamachiliklarga, xullas, insonni toʻgʻri yoʻldan ozdiruvchi buzgʻunchiliklarga kim qarshi tura oladi? Hayotning ana shu salbiy holatlariga qarshi turadigan kuch esa bizda qadimdan mavjud va u tizimga solingandir” deyiladi kitob soʻzboshisida.

Risolada millatimiz ulugʻ farzandlarining bosib oʻtgan hayot yoʻllari yosh avlodga ibrat namunasi sifatida gʻoyat sinchkovlik bilan ochib berilgan. Bugun ommaviy madaniyat niqobi ostida maʼnaviy, ruhiy xurujlar tus olgan davrda yoshlarning toʻgʻri yoʻl topishida ushbu kitob oʻziga xos tarbiya vazifasini oʻtashi, shubhasiz.

Kitob hazrat Bahouddin Naqshbandning 700-yilligiga bagʻishlab chop etilgan.

5 699
Ozoda Bekmurodova, OʻzA