Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2017 16:07 Chop etish versiyasi

Muzeylar – xalq boyligi

Mamlakatimizda muzeylar faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, muzeyshunoslik ishini davr ruhi bilan hamqadam tashkil etishga alohida e’tibor 
qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining "Muzeylar    to‘g‘risida"gi qonuni sohaga zamonaviy  axborot-kommunikatsiya
 texnologiyalarini joriy etish, yoshlar tarbiyasida muzeylarning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirishda, muzeylar ekspozitsiyasini boyitishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mamlakatimizdagi muzeylar fondi tarkibiga kiritilgan ashyolar va kolleksiyalar to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hujjat – Milliy muzey fondining davlat katalogi sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Sertifikatsiyalash va komputerlashtirish markazi tomonidan 2012-yildan buyon milliy muzey fondining elektron shaklini yaratishga oid maxsus dastur amaliyotga joriy etilmoqda. Ushbu avtomatlashtirilgan dasturiy tizim yagona milliy muzey fondi katalogini shakllantirishni nazarda tutgan.

Milliy muzey fondining yagona elektron bazasini o‘z ichiga qamrab oluvchi ushbu tizim "SKM-muzey" dasturi deb nomlanib, uni yaratishda dunyoning yetakchi mamlakatlarida joriy etilayotgan bir qator ilg‘or avtomatlashtirilgan tizimli dasturlar atroflicha o‘rganildi. Mamlakatimizdagi barcha muzeylarda saqlanayotgan ashyolarga, muzey fondlari va kolleksiyalariga oid ma’lumotlarni ushbu dasturga kiritishga e’tibor qaratildi. Mazkur dastur muzey osori-atiqalarining hisobini yuritish, ularning xavfsizligini ta’minlash, ilmiy inventarizatsiyalash bilan birga turli ko‘rgazma va ekspozitsiyalarga tayyorgarlik ko‘rish, ilmiy izlanishlar olib borishga mo‘ljallangan.

"SKM-muzey" dasturi muzeyda saqlanayotgan barcha ashyolarni ro‘yxatga olib, ashyoning rasm ko‘rinishi, ilmiy tavsifi va boshqa axborotlarni o‘z ichiga qamrab oladigan ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.

Ushbu dasturiy tizimning barcha toifadagi muzeylar faoliyatiga joriy etilayotgani muzeydagi predmetlar hisobi va boshqaruvini zamonaviy avtomatlashtirilgan tarzda olib borish, ularni saqlashga oid ishlarni yanada takomillashtirish bilan birga saqlanayotgan ashyolar holati, harakatining ochiqligini ta’minlash, turli toifalar bo‘yicha ashyolarni qidirish va saralashni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi yurtimiz va jahonning turli mamlakatlari tasviriy, amaliy san’at, haykaltaroshlik san’atiga oid ko‘plab nodir ashyolar, kartinalar, turli buyumlar, libos namunalarini o‘zida jamlagan maskandir.

Davlatimiz tomonidan muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik natijasida mazkur muzey tubdan ta’mirlandi.

Muzey eskpozitsiyasining katta qismini o‘zbek tasviriy san’atining darg‘alari ijodiga mansub kartinalar tashkil etadi. Yurtimiz tabiatining kuychisi O‘rol Tansiqboyev, Navoiy asarlaridagi nafosatni chizgilarda mahorat bilan aks ettirgan musavvir Chingiz Ahmarov, shuningdek, Abdulhaq Abdullayev, Lutfulla Abdullayev, Rahim Ahmedov, Ne’matilla Qo‘ziboyev kabi mo‘yqalam sohiblarning ijod namunalari milliy tasviriy san’atimizning taraqqiyot bosqichlaridan so‘zlaydi. Ganch, yog‘och, tosh o‘ymakorligi, zargarlik, gilamchilik, kashtado‘zlik, kulolchilik buyumlari o‘zbek amaliy san’atining naqadar boy va qadimiy ildizlarga ega ekanidan darak beradi.

Muzey fondi hamisha to‘ldirib borilmoqda. Bo‘limlarning ilmiy xodimlari albomlar, kataloglar va bukletlar yaratish uchun to‘plangan materiallarni ixtisoslashtirish bo‘yicha ish olib borib, fond va to‘plamlarning ahamiyati, mazmunini puxta o‘rganmoqda. Oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlarining ilmiy bazasi hisoblangan ushbu maskanda rassomlar, san’atshunoslar, muzeyshunoslar va restavratorlar amaliyot o‘tashi yaxshi an’anaga aylangan.

Muzeyda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bilan birga mavjud ekspozitsiyani "SCM-muzey" dasturiga o‘tkazish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Bu muzey ashyolarining elektron holatdagi yaxlit tizimini va ularga oid ma’lumotlarning to‘liq majmuasini shakllantirish, eksponatlarni asrash, xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida bugungi kunda ushbu avtomatlashtirilgan tizimli dastur faoliyatini davr talabiga moslashtirish, modernizatsiyalash, texnik jihatdan yanada takomillashtirish choralari ko‘rilib, ushbu yo‘nalishdagi taklif va mulohazalar, tavsiyalarni to‘plash ustida ish olib borilmoqda.

Nazokat Usmonova, O‘zA
1 990






Все о погоде - Pogoda.uz