O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Muzey yangi binoda faoliyat boshladi

Muzey yangi binoda faoliyat boshladi
Termiz shahrida Surxondaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

photo5337194600353344249.jpg

Mamlakatimizdagi keksa madaniy-ma’rifiy muassasalardan biri bo‘lgan ushbu muzeyga 85 yil muqaddam asos solingan. Muzey bir necha bor ko‘chirilib, Hakim Termiziy majmuasidagi “Meros” muzeyi, Termiz shahridagi sobiq “Harbiy qal’a” va viloyat xo‘jalik sudining eski binolarida faoliyat yuritgan.Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan uch yil muqaddam viloyat markazidagi Tadbirkorlar binosi muzey balansiga o‘tkazilib, madaniy-ma’rifiy muassasaga moslashtirish uchun yirik hajmdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Loyiha uchun 19 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Uch qavatli muhtasham binoga 8 ta zamonaviy infokiosk o‘rnatilib, vohaning boy o‘tmishi va bugunini videotasvirlar yordamida namoyish etish yo‘lga qo‘yildi.

photo5337194600353344250.jpg

Muzey ekspozitsiyasi besh bo‘limdan iborat. Birinchi qavatda tabiat, ikkinchi qavatda arxeologiya va tarix, tasviriy san’at hamda mustaqillik davri, uchinchi qavatda etnografiya bo‘limlari joylashgan. Muzey fondida 16 yo‘nalishda 61 ming 325 eksponat saqlanmoqda. Uning 3 ming 150 tasi noyob ashyo va kolleksiyalardir.


photo5337266257587710992.jpg

photo5337266257587710993.jpg

photo5337266257587710994.jpg

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30 maydagi qarori bilan muzey negizida “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etilib, unga Termiz tumanidagi Zurmala minorasi, Eski Termiz yodgorligi, Sherobod tumanidagi Zarutsoy, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Jarqo‘rg‘on minorasi, Sho‘rchi tumanidagi Dalvarzintepa, Muzrabot tumanidagi Oks Aleksandriyasi (Kampirtepa) madaniy meros ob’ektlari biriktirildi.



595
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA