O‘zA O`zbek

06.08.2019 Chop etish versiyasi

Musulmonlar idorasi masjidlar va imomlar haqida notoʻgʻri maʼlumot tarqatayotgan gazetalarga munosabat bildirdi

Musulmonlar idorasi masjidlar va imomlar haqida notoʻgʻri maʼlumot tarqatayotgan gazetalarga munosabat bildirdi

Inson bu dunyoda jismonan sogʻlom boʻlib yashashi uchun suv va havoga qanchalik muhtoj boʻlsa, maʼnan milliy qadriyatlarga, maʼrifatga shunchalik ehtiyoj sezadi. Bu qadriyatlarning, maʼrifatning ildizi Islom taʼlimoti bilan sugʻorilgan boʻlsa, ikki karra saodatdir! Aksincha boʻlsa, qashshoqlikdan boshqa narsa emas.

Soʻnggi paytlarda internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, bosma nashrlarda tarqatilayotgan xabarlar, maqolalarni oʻqib, kishining hayrati oshadi. “Oʻrgimchak toʻri” shunchalar rivojlandiki, fikringiz boʻgʻzingizdan tovush boʻlib chiqar-chiqmas, butun dunyoga tarqalib ketyapti. Bu – yaxshi, albatta: maqolani koʻrasiz, kuzatasiz, oʻqiysiz, uqasiz va xulosa chiqarasiz.

Ammo... maqola asossiz, milliy va diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan boʻlsa-chi...

Yaqinda gazetalardan birida chop etilgan tanqidiy maqolani oʻqib, ochigʻi, hafsalam pir boʻldi. Chunonchi, bugun mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ommaviy axborot vositalari erkinligi taʼminlanib, xalqning chinakam minbariga aylantirilayotgan bir paytda, asossiz “shov-shuvlar” ketidan quvib, oʻquvchilarni chalgʻitish, muqaddas dinimizning sofligiga putur yetkazishni kasb qilib olayotganlar haliyam borligi kishini oʻyga toldiradi. Muxbirning-ku aqli yetmagandir, deyish mumkin. Bosh muharrir qayoqqa qarayapti?!

Ming afsuski, soʻnggi vaqtlarda ayrim noxushliklarni Islom shiorlari bilan bogʻlab yoritish – “masjid bunday boʻldi”, “imom unday boʻldi” deyish holatlari uchrayotgani kishini tashvishga soladi. Bulardan maqsad nima? Shunday nobakor yoʻl orqali, yaʼni diniy qadriyatlar shaʼniga putur yetkazish evaziga arzonfurush maqola bilan ommaning eʼtiborini jalb qilishdan kimga, nima naf?..

Xoʻsh, aslida tanqid qanday boʻlishi kerak?

Keling, maʼrifatparvar bobolarimizning yozganlariga quloq tutaylik. Mahmudxoʻja Behbudiy: “Majalla (oynoma) va jaridalar(roʻznoma)ning katta bir xosiyati tanqid, yaʼni saralamoqdur. Sarroflar aqchani, tujjorlar matoʼni saralaganidek, muharrirlar ham umumiy hol va maishatgʻa taalluq nimarsalarni saralaydurki, boshqa soʻz ila “tanqid” atalur”, (“Oyna” jurnali, 1914-yil 32-son) degan.

Tanqid oʻrinli, asosli, jamiyatda urchigan illatlarga murosasiz boʻlish, inson manfaatlarini taʼminlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash niyatida yozilgan boʻlsa, xalqning tahsiniga sazovor boʻlishi tayin. Biroq milliy qadriyatlarimizga tosh otish, muqaddas dinimiz shiorlarini obroʻsizlantirishga boʻlgan har qanday urinish oqibati halokatlidir.

Koʻnglidan oʻtgan fikrni aql tarozisiga solmay, mulohaza qilib pishitmay, dinimiz mezonlariga rioya qilmay, tayyor xomashyo sifatida soxta obroʻ orttirish ilinjida maqolaga kiritib yuborish tanqid emas. Axborot tezligi asrida aytilgan gap – otilgan oʻq. Borib tekkan, oʻrnashgan joyini kuydirib yuborganidan soʻnggina hushimizga kelamiz.

...Ayrim maqolalarda keltirilgan faktlar masjiddan ancha olisda sodir boʻlgan esa-da, sarlavhaga “masjid” soʻzi olib chiqilgan. Xalqimiz “Allohning uyi” deya mehr ila ulugʻlab, eʼzozlaydigan, azizu muqaddas va tabarruk joyni inson aytishga ham uyaladigan soʻzlar bilan yonma-yon ishlatishga hech kimning haqqi yuq! 

Qanday vazifada ishlashi yoki ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, Islom shiorlarini yomonotliq qilishga urinish – xalq mutlaqo kechirmaydigan qingʻirlik. Ayrim kishilar matbuot sohasidagi erkinlikni suiisteʼmol qilib, hurmat-ehtirom kabi insoniy tuygʻular, sharqona odob-ahloq, milliy-diniy anʼanalar, oʻlmas qadriyatlar va umumbashariy qonun-qoidalar kabi oliy mezonlarga rioya qilmayotganini kuzatib turibmiz.

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “U (inson) biron soʻzni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi (farishta u soʻzni yozib olur)” (Qof surasi, 18-oyat), deb bayon qilgan.

Boshqa bir oyati karimada esa: “Ey moʻminlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qoʻyib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon boʻlmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) koʻringiz!” (Hujurot surasi, 6-oyat), deb marhamat qilinadi.

Ushbu oyati karimalardan jurnalistning aytganlari va yozganlarini kuzatuvchi farishtal

ar borligi, vaqt-soati yetib “daftar koʻtarilganda”, bugun yozganlari ertaga oʻzlarining foyda yoki zarariga hujjat boʻlishi, qalam ahli eshitgan narsasini tekshirib koʻrmasdan qogʻozga tushirmasligi ayon boʻladi. Har qanday noxush va bemaʼni materiallarni odamlarni hayratga solish maqsadida qasddan Islom shiorlariga bogʻlab yozishdan saqlanish kerak.

Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham muborak hadisi shariflarida: “Eshitgan narsasini gapiraverishi kishininig gunohkor boʻlishiga kifoya” (Imom Muslim rivoyati), deyilgan. Demak, eshitgan narsani yozaverish, bilib-bilmay dinimizni malomat qilaverish ham katta va ogʻir jinoyat ekani oydinlashadi.

Hammani lol qoldiradigan yo keng ommani jalb etadigan material yozaman deya, arzon shuhratga uchib, Islom shiorlariga zarar yetkazish – jurnalistika etikasiga ham, millatimiz axloqiga ham, muborak dinimiz taʼlimotiga ham mutlaqo toʻgʻri kelmaydi!

Har bir soʻzimizni yozishga chogʻlanar ekanmiz, ongimizda Yaratgan Parvardigorimiz – Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, ajdodlarimiz ibrati, Islom dini qadr-qimmati shakllansa, soʻz aytish masʼuliyatini yanada teranroq anglagan boʻlar edik. Zotan, qalam ahllarining sharafli kasbida qoʻlga kiritadigan yutuqlarini taʼminlovchi muhim omil shu aslida.

Shu oʻrinda yana bir jihatni taʼkidlash kerak. Ommaviy axborot vositalariga oid qonun hujjatlarida ham biror-bir tashkilot yoki shaxs faoliyatiga oid xabarni tarqatishdan avval, uning toʻgʻriligi va haqqoniyligini tekshirish qayd etilgan. Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunining (yangi tahriri) 5-moddasida: “Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar boʻladi”, deb alohida koʻrsatib qoʻyilgan.

Xalqimiz ardoqlaydigan moʻtabar maskanlarga shunday munosabatda boʻlish – yurtimiz tinchligiga raxna solish, xalq orasida fitna qoʻzgʻatish yoki “koʻrinmas kuchlar”ning nayrangiga uchishdan boshqa narsa emas. Bunday xatolar takrorlanmasligi uchun muqaddas dinimiz shaʼniga putur yetkazayotgan kimsalarga yetti oʻlchab, bir kesmasa, ishini Xudoning Oʻzi toʻgʻrilab qoʻyishi mumkinligini eslaridan chiqarmasliklarini taʼkidlaymiz.

Xulosa qilib aytganda, bugun shuhratning ketidan quvib, “mish-mishlar”ga uchib, uydirma axborot tarqatayotgan, asossiz maqolalar yozib, dinimizni haqoratlayotgan mualliflar tutumida, fikru zikrida shaytoniy “men!” ustuvor. Ular “men”ini kibr bilan yoʻrgaklab olishgan. Bundaylarni, avvalo, ogohlantirish zarur. Shunda ham tiyilmasa, ularga Allohning Oʻzi kifoya: agar xohlasa, shu dunyoning oʻzida, xohlasa, oxiratda jazo beradi.

Iloho, oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, oʻtganlarimizning ruhi shod boʻladigan, xalqimizni xursand qiladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari


3 118
O'zA