O‘zA O`zbek

18.02.2019 Chop etish versiyasi

Musiqa dunyosiga sayohat

Musiqa dunyosiga sayohat

Uning ijrosi tinglovchini hayratlantiradi va taʼsirlantiradi. Uning musiqasida jahonning turli xalqlari sanʼatiga oid taronalar, motivlar yangraydi. Poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” saroyida boʻlib oʻtgan grek kompozitori va musiqachisi Yanni Xrisomallis konsertida tinglovchilar shunday xulosaga kelgani, shubhasiz.

Yanni Xrisomallis 1954 yili Gretsiyaning Kalamata shahrida tugʻilgan. Maʼlumotlarga koʻra, u 14 yoshida erkin uslubdagi suzish boʻyicha oʻz yurtida milliy rekord oʻrnatib, olimpiya chempioni boʻlishni orzu qiladi.

18 yoshida AQSHning Minnesota universitetiga oʻqishga ketgach, oliy taʼlim dargohidagi Chameleon rok-guruhi bilan tanishib, musiqaga qattiq qiziqib qoladi. Universitetni psixologiya ixtisosligi boʻyicha bakalavriat yoʻnalishida tamomlagach, musiqiy guruhda klavishli cholgʻu ijrochisi sifatida qoladi. Musiqani mustaqil oʻrgangan, notani oʻqiy bilmagan ijrochi oʻz ustida tinim bilmay izlanib, oʻziga xos ohang va notalar taʼlimotini yaratadi. Ular asosida betakror musiqiy asarlar yozib, oʻzi mukammal ijro etadi.

Yanni oʻz uslubini izlashdan toʻxtamay, tinimsiz ijodiy eksperiment qiladi. Muttasil rok va jaz uslubi ustida ijod qiladi. Musiqiy asarlar sayqali ustida ishlovchi kompozitor sintezatorli ohanglar ijodiy tajribasi bilan astoydil shugʻullanadi. Oz fursat ichida Yanni Xrisomallis oʻzini studiya musiqachisi, yorqin kompozitor va prodyuser sifatida muvaffaqiyatli namoyon eta olgan ijodkor sifatida tanildi.

1984 yilda “Optimystique” nomi bilan chiqqan ilk musiqiy albomidan soʻng, unga chinakam omad kulib boqadi. Uning ijodi bilan Private Music kompaniyasi qiziqib qolgach, 1986 yilda “Keys to Imagination” albomi tayyorlanadi. Shundan buyon Yanni zamonaviy cholgʻu ijrochiligi musiqasi olamida taniqli sanʼatkorga aylanadi. Uning 1987 yilda chiqqan “Out of Silence” albomi ancha romantik va mayin yoʻnalishda ekani bilan diqqatga sazovor boʻlsa, keyingi yillardan Yanni eng yaxshi musiqiy kompozitsiyalarga remikslar taqdim eta boshlaydi.

Yangi musiqiy usullar ustida betinim izlanuvchi Xrisomallis “Niki Nana” albom-toʻplamini yaratishda oʻziga xos yondashuv asosida ijod qilgani uning muxlislari safini yanada kengaytiradi.

1990 yilda “Reflections of Passion” toʻplamining tinglovchilarga taqdim etilgani kompozitorning yanada yangi ijodiy izlanishidan darak beradi. Oʻzining aytishicha, mazkur albomni ijodkorning hayotga, borliqqa, odamlarga boʻlgan munosabatining oʻziga xos ifodasi deya atash mumkin. Kompozitorning koʻplab albomlari uning shuhratiga shuhrat qoʻshishi bilan ijodiga yangi parvozlar bagʻishlaydi. Buning asosiy sababi Xrisomallis zamonaviy musiqani simfonik ohanglarga ajib tarzda uygʻunlashtira olganida boʻlsa, ajab emas. Uning ijod namunalari musiqa dunyosidagi eng mashhur mukofot Gremmiga munosib topilgan.

Dunyoning koʻplab davlatlarida ijodiy safarlarda, konsertlarda, jahon sahnalarida boʻlgan ijodkor repertuaridagi turli xalqlar musiqasi ohanglarining ajib vobastaligi tinglovchi eʼtiborini oʻziga jalb etmay qolmaydi. Teran falsafiy gʻoya, inson, borliq, koinot oʻrtasidagi bogʻliqlik, umr mazmunini anglash kompozitor asarlarining asosiy mazmunini tashkil etadi.

– Oʻzbekistonga kelganimdan gʻoyat baxtiyorman, – deydi Yanni Xrisomallis. – Musiqa tarjima talab etmaydigan sanʼat. Qalbimdagi kechinmalarim, oʻy-xayollarimni, tuygʻularimni musiqa vositasida muxlislarga yetkazishga harakat qilaman. Oʻzbekiston xalqining musiqani teran anglashi, qadrlashi diqqatga sazovor. Kelgusi yili bu tabarruk yurtga yana kelish niyatidaman.

3 485
Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA