O‘zA O`zbek

06.09.2019 Chop etish versiyasi

Muammolarga ko‘zgu tutgan spektakl

Muammolarga ko‘zgu tutgan spektakl

Poytaxtimizda O‘zbekiston davlat drama teatri o‘zining yangi 51-ijodiy mavsumini boshladi.

Shu munosabat bilan teatr binosiga keng jamoatchilik vakillari, teatr muxlislari, talaba-yoshlar taklif etildi.

O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi Yoqub Ahmedov, Madaniyat vazirligining Teatrlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Muqaddas Ahmadjonova, O‘zbekiston davlat drama teatri direktori Bahrom Usmonov mamlakatimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, xalqimiz uchun eng sara va badiiy jihatdan mukammal spektakllarni taqdim etish borasida davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar soha fidoyilari zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklayotganini ta’kidladi.

– Bu sahna shunchaki oddiy sahna emas, – dedi taniqli rejissyor Olimjon Salimov. – Milliy teatrimiz asoslarini yaratishda muhim hissa qo‘shgan insonlarning qadam izlari ushbu muqaddas sahnaga muhrlangan. Shu bois ham bunday mo‘tabar maskanda badiiy mukammal asarlarni tomoshabinlarga taqdim etishga astoydil intilamiz.

Darhaqiqat, mazkur ijodiy jamoa tomonidan tayyorlangan spektakllar o‘zining puxta badiiy yechimi, yuksak ijro mahorati bois mamlakatimizdagi bir qator ijodiy tanlov va festivallar bilan birga xorijiy davlatlardagi xalqaro teatr bayramlarida, ijodiy haftaliklarda, loyihalarda yuqori baholangan.

Yangi mavsum adib Sharof Boshbekovning “Yer baribir aylanaveradi“ asari asosidagi spektakl bilan boshlandi. Sh.Boshbekovning o‘ziga xos ijodiy yondashuvi, mahorati tomoshabinlarni bir lahza bo‘lsa-da, asar voqealaridan fikran chalg‘ishga yo‘l qo‘ymadi. Adibning uslubi ushbu spektakl davomida ham namoyon bo‘ladi, ya’ni, o‘tkir ijtimoiy muammolarni dadil ko‘rsatish, uning ildiziyu sabablari haqida mulohaza yuritish, xulosa chiqarishni esa tomoshabinlarga havola etilishi asar yanada qiziqarli, mushohadaga boyligini ta’minlagan. Korrupsiya, odamlar taqdiriga befarqlik, ishga panja ortidan qarash kabi illatlar bilan birga, oddiy odamlarning haddan ziyod noshudligi, yuzxotirchilikka berilgani, o‘z haqini talab eta bilmasligi, ayrimlarning esa kaltabinligi jamiyatdagi turli qusurlarning yanada avj olishiga zamin yaratayotgani ba’zan dramatik, ba’zan esa yumor vositasida ochib berilgani e’tiborga molik.

Spektakl Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan. Sahna bezaklarini teatr rassomi Sergey Chufarnov ishlagan. Asosiy rollarni Bahodir Mirmaxsudov, Ilhom Berdiev, Elyor Nosirov, Rustam Ahmedov, Tamara Mirmaxsudova kabi aktyorlar ijro etgan.

6 191
Nazokat USMONOVA, O‘zA