O‘zA O`zbek

29.02.2020 Chop etish versiyasi

Moziyga qaytib: Zulfiya haqida Ozod domla yozgan xotira

Moziyga qaytib: Zulfiya haqida Ozod domla yozgan xotira


Sizni sogʻindim, Zulfiya opa!

Umr oʻtib bormoqda. Umr oʻtgan sari odam bosib oʻtgan yoʻllarini, boshdan kechirgan yillarini tez-tez eslab turar ekan. Inson bosib oʻtgan yillar va yoʻllar – nimadir ular? Masofami, vaqtmi va boshqa narsami, menimcha, ular umring davomida senga roʻpara kelgan, hayotingda iz qoldirgan odamlar – doʻstlar, qarindoshlar, ustozlar, safdoshlar. Afsuski, ulardan ancha-munchalari allaqachon, shoir Shayxzoda taʼbiri bilan aytganda, “hechiston” mamlakatiga rixlat qilishgan, lekin ularning ruhi poklari tirik, bot-bot huzurimga kelib turishadi, gurunglashamiz, dardlashamiz, maslahatlar quramiz. Vaqt oʻtgan sari ularning oʻrni bilinadi, koʻplarining siymosi yana-da tiniqlashadi, yuzlari, koʻzlaridagi nur oʻtkirlashadi. Bunday eslashlar, bunday xotirotlar hamisha kishiga ruh beradi, bardam qiladi, mamnuniyat bagʻishlaydi. Hayot yoʻllarimda shunday ulugʻ zotlarga roʻpara kelgan ekanman, ular bilan hamsuhbat, hamfikr, hamdard boʻlgan ekanman, demak, umrim unchalik ham behuda oʻtmapti.

Bugun tongda Zulfiya opani esladim. Naqadar olijanob, naqadar nuroniy ayol edilar. Oʻylab qarasam, Zulfiya opa oʻzlarining sheʼrlari bilan, iboli va hayoli feʼli atvori bilan, pokiza eʼtiqodiyu zukko fikrlari bilan mening hayotimdan katta oʻrin olgan, maʼnaviy dunyomning katta bir qismini tashkil qilgan inson boʻlgan ekan. U kishi shunday ulugʻsifat ayol edilarki, har gal roʻpara kelganimda darrov hushyor tortar, kiyim-kechaklarimni toʻgʻrilar, qadalmay qolgan tugmalarimni qadar, sochlarimni (ha, ha sochlarimni – bir zamonlar bu bosh ustida qop-qora sochlar ham boʻlar edi) tekislab olardim – xullas, u kishining koʻziga har jihatdan orasta boʻlib koʻrinishga tirishardim. Men Zulfiyaning nomini urush yillaridayoq eshitgan, uning “Hijron” degan sheʼriy toʻplamini, “Uni Farhod der edilar” degan dostonini yod olib, koʻp joylarda oʻqib yurardim. Yaqinroqdan tanishish keyinroq nasib qildi.

1962-yilda Qozogʻistonda oʻzbek adabiyoti dekadasi boʻldi. Dekadaga men ham bordim. Samolyotda Zulfiya opa bilan yonma-yon oʻtirib qoldik. Har xil mavzularda gurunglashib, yoʻlning tanobini tortib oldik.

Gap orasida Zulfiya opa yarim hazil, yarim chin maʼnosida birdan soʻrab qoldilar:

– Ozodjon, nega siz mening sheʼrlarim toʻgʻrisida hech narsa yozmaysiz? Yoki yoqmaydimi?

Men duduqlanib nimalardir deb javob berdim, lekin oʻylanib qoldim – darvoqe, nima uchun shu paytga qadar Zulfiya opa haqida hech narsa yozmadim? Yaxshi ijodni payqamasang, quvonib targʻib qilmasang, sening tanqidchiliging qayoqqa boradi? Shoshma, sen Zulfiya sheʼrlarini oʻqigansan, albatta, lekin ularni uqqanmisan, bu sheʼrlar orqali shoirning qanday inson ekanini bilib olganmisan? Ochigʻini aytganda, oʻsha dekada men uchun Zulfiyani ham kashf qilish dekadasi boʻldi.

Aeroportda qoʻnishimiz bilan qozoq doʻstlarimiz bizni quchoq ochib kutib olishdi – allaqachon Sobit Muqonov Gʻafur Gʻulomni quchoqlab olib, unga nimalarnidir uqtiryapti. Gʻafur aka chust doʻppisini yarimta kiyib olib, Sobit ogʻaga sof qozoq tilida bir narsalar deyapti. Sochlari oppoq oqargan, novcha boʻyli Abdilla Tojiboyev hissasini sermab, Mirtemirning tevaragida girdikapalak. Tavba, men qozoq va oʻzbek yozuvchilarining inoqligi, ijodiy hamkorligi toʻgʻrisida koʻp eshitgan edim-u, bunaqa samimiyatni, bunaqa yaqinlikni kutmagan edim.

Men mashinaga Zulfiya opa bilan birga oʻtirdim. Bizga Tursunxon Abdurahmonova degan qozoq shoirasi hamroh boʻldi. Tursunxon bu yil sakson yoshga toʻlar ekan. Umri uzoq boʻlsin, yuzga kirsin. Lekin men bu shoiraning saksonga kirganini hech tasavvur qilolmayman. U ochiq chehrali, xushsuvrat, oʻta dilbar bir ayol sifatida esda qolgandi. Zulfiya opani bilar ekan, bir zumda quvnoq gurung boshlandi. Tursunxon yaxshi sheʼrlar yozish bilan birga juda chiroyli qoʻshiqlar ham aytar ekan. Manzilga yetib borgunimizcha, uch-toʻrtta ajoyib oʻlanni kuylab tashladi. Qozogʻiston diyorida koʻp uchrashuvlar boʻldi, har uchrashuvda Zulfiyaning nomi alohida tilga olinar, undan sheʼr oʻqib berishini talab qilishardi. Qozoqlarning bizning shoiramizga muhabbati shu qadar choʻng ekanki, bir-ikki joyda u favqulodda oʻziga xos tarzda namoyon boʻldi.

Safar davomida biz Koʻkchatovga bordik. Benihoya goʻzal maskan ekan. Chiroyli qaragʻayzorlar tevarak-atrofga muattar hidlar taratadi. Yengil tuman ichida elas-elas koʻrinayotgan togʻlar havoda muallaq turganga oʻxshaydi. Lekin Koʻkchatovning dovrugʻi togʻlariyu oʻrmonlarida emas, koʻllarida ekan. Bir viloyatning oʻzida katta-kichik saksonta koʻl. Suvlari tiniq, bamisoli koʻzguga oʻxshaydi. Unda sohildagi daraxtlar ham, tip-tiniq osmon ham aks etib, oʻzgacha joziba kasb etgan. Ayniqsa, Oynakoʻl degan kattagina koʻlning goʻzalligi har qanday taʼrifdan yuqori. Qirgʻoqqa yaqinroq joyda suv ichidan kattagina qoyatosh chiqib turibdi. Bu tosh darhol suv parilarini eslatdi – bunaqa goʻzal koʻlda koʻldan-da goʻzal suv parilari boʻlsa ne ajab. Eng qiziq voqea biroz keyin – tushlik vaqtida roʻy berdi. Tushlik sheʼrxonlikka, sheʼrxonlik qoʻshiqqa ulanib ketdi. Gurung avji qizib turgan bir paytda qozoq shoirlaridan biri turib, Zulfiyaga bagʻishlangan sheʼrini oʻqib berdi. Unda shoir boyagi taʼrifi ketgan Oynakoʻlni Zulfiyaga tortiq qilgan edi. Garchi bu sovgʻa ramziy boʻlsa-da, Oynakoʻlni koʻtarib ketishning iloji boʻlmasa-da, hammamizni juda xursand qildi.

Bir-ikki kundan keyin Balxashga bordik. Kunduzgi uchrashuvlardan keyin biroz dam olib, oqshomgi adabiy kechaga joʻnashimiz kerak edi. Birdan Zulfiya opa gʻoyib boʻlib qoldilar. U kishining qayerda ekanini hech kim bilmaydi. Mezbonlarimiz esa miyigʻlarida sirli kulib, “xavotir olmanglar, kelib qoladilar” deb bizni tinchitgan boʻlishadi. Darhaqiqat, qorongʻi tushganda Zulfiya opa kirib keldilar – u kishining yonida chipta qopga oʻralgan uzun narsa koʻtarib olgan uchta odam bor edi. Maʼlum boʻlishicha, ular Balxash baliqchilari ekan, Zulfiya opa bilan uchrashuvga koʻpdan beri mushtoq ekanlar. Shoiraning Balxashga kelishini eshitib, shoiraning oʻzi bilan gaplashib, uni dengizga oʻxshagan ulkan koʻl boʻyiga olib ketishibdi. Sheʼrxonlik boʻlibdi. Qoʻshiqlar kuylashibdi. Baliqxoʻrlik qilishipti. Xullas, toʻyib diydorlashishibdi. Baliqchilar koʻp mashaqqatlar chekib, shoiraga sovgʻa qilish uchun ikki metr keladigan osetra baligʻini ushlab qoʻyishgan ekan. Boyagi chiptaga oʻralgan uzun narsa osetra baligʻi ekan. Bilmadim, keyin baliq nima boʻldi – Toshkentga olib kelishdimi yo oʻsha yerda qolib ketdimi? Lekin buning ahamiyati yoʻq edi – muhimi oddiy qozoq mehnatkashlari shoiraga boʻlgan hurmat-eʼtiborini ifodalashning gʻoyatda insoniy va original yoʻlini topishgan edi.

Oʻshanda qozoq doʻstlarimizning Zulfiyaga munosabatini koʻrib xijolat tortib ketdim – shoiraning dovrugʻi shunchalik boʻlsa-yu, tanqidchilar u tomonga bir qiyo boqmasa?

Keyin Oʻzbekistonda ham Zulfiyaning ijodiy kechalarida koʻp qatnashdim. Yaypanda, Popda, Margʻilonda, Toshkentda… Qoʻqondagi bir uchrashuv ham gʻoyatda maroqli boʻlgan edi. Qoʻqonliklar shoiraga siyohdon sovgʻa qilishdi. “Bu siyohdon Nodirabegimning siyohdoni. Nodirabegim sizga qalamini meros qoldirgan. Siz Nodirai davronsiz. Nodira aytolmay ketgan qoʻshiqlar sizning qalamingizdan toʻkilsin”, deya lutf qilishdi.

Zulfiya opaning dovrugʻi butun jahon boʻylab taralgan edi. Qaysin Quliyev, David Qoʻgʻultinov, Mustay Karim kabi ulkan sanʼatkorlar uning yaqin doʻsti edi. U “Nilufar” xalqaro mukofotining, Neru nomidagi xalqaro mukofotlarning sohibasi edi. Lekin mukofotu unvonlar orasida bittasi bor ediki, u unvon bilan Zulfiya opa alohida magʻrurlanardi. U Oʻzbekiston xalq shoirasi edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, “Baxtim shul – oʻzbekning Zulfiyasiman” deya xitob qilgandi.

Men, albatta, Zulfiya opa haqida yozdim, uning toʻgʻrisida bir adabiy portret yaratdim, yangi sheʼriy kitoblariga taqriz yozdim, maqolalarda uning toʻgʻrisida mulohazalar yuritdim. Lekin, aytmogʻim kerakki, mening yozganlarim bu ulkan shoiraning ijodi oldida urvoq ham boʻlolmaydi, men uning nafosatini, goʻzalligini, fikriy boyligini koʻngildagidek, oʻsha sheʼriyatga munosib tarzda ochib berolgan emasman. Mana, hozir ham yozayapman-u, lekin qalamim eski oʻrganib qolgan maddohlik yoʻliga toyib ketayotganini sezib turibman. Nechundir mening tasvirimda Zulfiya opa farishta misol boʻlib chiqyapti. Holbuki, u inson edi va har qanday inson hayot yoʻlida duch keladigan hamma sinovlar, mashaqqatlar, iztiroblar uning ham boshiga tushgan edi. Koʻpgina sheʼrlarida Zulfiya opa oʻzining “kemtik baxti” haqida gapirdi. Umrining soʻngida yozgan “Xotiram siniqlari” dostonida esa oʻsha mashaqqatlar toʻgʻrisida benihoya mardonalik bilan yozadi. Bu asar teranligi va mardonavorligi bilan menga Anna Axmatovaning “Rekviyem” degan asarini eslatadi.

Shoiraning sheʼrlari haqida, ularning latofati, insoniy jozibasi, teranligi toʻgʻrisida juda koʻp gapirish mumkin. Lekin men bugun boshqa bir savolga javob izlayapman – Zulfiyani odamlarga ardoqli qilgan, adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylantirgan, XX asrning buyuk ayollari qatoriga qoʻshgan asosiy omil nimadir? Menimcha. Bu – uning eʼtiqodi, juda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlari, dili bilan tilining birligi, sheʼrlarida madh etgan insoniylik, vafo, sadoqat va diyonat degan narsalarga oʻzi hayotda ogʻishmay amal qilganida. Isteʼdod ulugʻ neʼmat, lekin isteʼdodning oʻzi bilan ish bitmaydi, shekilli. Ming afsuski, bizda ayrim isteʼdodli shoirlar va shioralar bor, biroq ular oʻzlarining isteʼdodlariga berilib ketadilar-u, shunga yarasha inson sifatida ham ulugʻ boʻlish keraklgini unutib yuboradilar. Ular vijdonlariga xilof ish qilishdan ham, oʻzlari ulugʻlagan qadriyatlarni ikki chaqqacha sotib yuborishga yoki aroqqa qoʻshib ichib yuborishga tayyor. Bunaqa odamning ijodi biron-bir tiyinli qimmatga yoxud salmoqqa ega boʻlmasligi oʻz-oʻzidan ayon. Zulfiya opaning ibrati shundan dalolat beradiki, har qanday isteʼdodning yoniga insoniy fazilatlar qoʻshilsagina, ijod muayyan salmoq kasb etadi. Bunga esa butun umr boʻyi davom etadigan mashaqqatli mehnat bilan, astoydil jon kuydirish bilan erishiladi. Zulfiyaning oilaviy hayoti, muhabbati tarixi koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Zulfiya shoir Hamid Olimjonni sevib, u bilan 1935-yilda turmush qurdi. Biroq oradan toʻqqiz yil oʻtgach, nogahoniy falokat tufayli ikkita farzand bilan eridan beva qoldi. Keyin esa umrining oxirigacha Zulfiya Hamid Olimjonga muhabbatini boshi ustiga qoʻyib, avaylab, asrab, gard yuqtirmay olib oʻtdi. Baʼzan Zulfiya toʻgʻrisida ikki bolani otasiz katta qildi deyishadi. Menimcha, bu unchalik toʻgʻri emas, chunki Hamid Olimjon ruhan oʻz xonadonini biron kun ham tark etgan emas, devorlardagi suvratlardan Hamid Olimjon yirik-yirik koʻzlari bilan muttasil Zulfiyaga, farzandlariga qarab, ularning holidan xabar olib turardi, javondagi kitoblardan uning salobatli ovozi eshitilib turadi. Otaning ruhi tirik boʻlsa, u oilaning hamma ishlarida, shu jumladan, bolalar tarbiyasida ham ishtirok etaverar ekan.

Zulfiya – atoqli shoira, yirik davlat arbobi, jamoat ishlarida faol, el nazaridagi inson. Lekin u birinchi navbatda ayol, ayol boʻlganda ham oʻzbek ayoli edi. U ayol sifatida muayyan burchga ega edi. Hamid Olimjondan erta ayrilgan farzandlarini oʻstirib, odam qilib yetishtirmogʻi kerak edi. Bu esa – eh-he – dunyodagi eng qiyin, eng mashaqqatli ishlardan biri. Qizigʻi shuki, siz farzandlaringizni moddiy neʼmatlarga koʻmib yuborishingiz mumkin. Ular yaxshi kiyinishi, yeb-ichishi, shuhratingiz shuʼlasida gerdayib yurishlari mumkin. Lekin bularning hech qaysisi farzandning qobil boʻlib chiqmogʻi uchun yetarli boʻlmasligi mumkin. Nima uchundir u narkoman, bezori, buzuq, oʻjar, oʻgʻri boʻlib chiqishi hech gap emas. Zulfiya opa 29 yoshida beva qolgan edi – 29 yashar ayolga atalgan bu dunyoning jami huzur-halovatidan, lazzatidan kechdi, qalbining butun qoʻrini farzandlariga bagʻishladi. Buning oqibatida qizi Hulkar olima boʻldi, nafaqaga chiqqaniga qadar dorilfununda dars berdi, Oybek domlaga munosib kelin boʻldi. Oʻgʻli Omon esa Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan huquqshunos. Eng qizigʻi shuki, men Hulkarni ham, Omonbekni ham qirq besh yildan beri bilaman, lekin hali ularning biron marta kalondimogʻlik qilganini, burni koʻtarilganini, boshqalarni mensimay qoʻyganini koʻrgan emasman. Binobarin, Zulfiya opa oʻzining onalik burchini ham juda oʻrinlatib ado etdi – jamiyat uchun yaxshi fazilatlarga ega boʻlgan ikki ajoyib insonni tarbiyalab yetkazib berdi.

Zulfiya opa oʻzbek sheʼriyatida oʻziga xos bir maktab yaratgan edi. Uning shogirdlari koʻp edi. Bulardan ayrimlari – Oydinxon, Qutlibeka va boshqalar bugun Zulfiya opaning chirogʻini soʻndirmaslikka harakat qilib, samarali ijod etmoqda. Shoira shogirdlari bilan birga goʻzal bir sheʼriyat chamani yaratib ketdi. Xoʻsh, bugun bu boʻston qay ahvolda? Uning holidan ogoh boʻlib, parvarishiga qarab turgan sheʼrshunoslar, sheʼrparastlar bormi yo u yetim qoldimi? Albatta, bugungi sheʼriyatimiz yetim qoldi desak notoʻgʻri boʻlardi, sheʼriyat boʻstoni qarovsiz yotipti, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, desak ham haqiqatdan uzoq boʻlardi. Zabardast shoirlar bor, ularning tanlangan asarlari, yangi toʻplamlari chiqib turibdi. Shu bilan birga, shoir Erkin Vohidov aytgan “daho sheʼrlar” yaratilmayapti. Sheʼriyatda borgan sari maydalashish holati sodir boʻlyapti. Shoirlar oʻzi bilgan narsalarni yozish oʻrniga sunʼiy gaplarni toʻqib chiqaradi, yasama gaplarni gapiradi. Baʼzilar hali yigirmaga toʻlar-toʻlmas “kuydim-pishdim”ga oʻtishadi, “o, dastingdan dod, dunyo” deb hayqiradi, baʼzilar “charxning men koʻrmagan dardu balosi qoldimu?” degan savollarga koʻmib tashlaydi, yana baʼzilar chillaga kirgan mulladek, sheʼrda shunaqa koʻchalarga kirib qolishyaptiki, yoqa ushlamay ilojing yoʻq. Yaqinda bir shoirning sheʼrini televizorda tahlil qilishdi. Uning yori betob ekan. Uzoqdan oʻrtogʻi koʻrinibdi – u qizining ahvoli haqida xabar olib kelibdi. U yetib kelguncha, shoir xavotir ichida kutib turibdi. U kelib, “otang vafot etdi” deydi. Shoir xursand boʻlib ketipti (yori oʻlmaganiga boʻlsa kerak-da). Asarni maqtagan tuppa-tuzuk shoirlar xuddi ana shu joyni “ichki dunyoni ochishdagi yangi kashfiyot” deb taqdim etishdi. Kashfiyot oʻlsin shunaqa boʻladigan boʻlsa! Bunaqa gaplar sheʼrda chinakam sheʼriyat, nafosat oʻrniga, sahnada koʻrsatiladigan yasama oʻyinlar, sunʼiy qiliqlar koʻpayib ketayotganini koʻrsatmaydimi? Oq qogʻozning tili, zaboni yoʻq – nimani yozsangiz chidayveradi, ammo isteʼdodning isteʼdodligi shundaki, u nimani yozishni bilishdan tashqari, nimani yozmaslik kerakligini ham yaxshi bilishi kerak.

Mayli, bu gʻamgin, kimlargadir yoqmaydigan gaplarni qoʻyaylik.

Bugun tongda ruhi pokingiz bilan yana bir marta gurunglashdim, Zulfiya opa. Va yana bir karra amin boʻldimki, oʻzbek adabiyoti XX asrda har qancha ziddiyatli, mashaqqatli va murakkab yoʻlni bosib oʻtgan boʻlmasin, unda bir qator tom maʼnodagi ijodkorlar yetishib chiqdi. Bugungi istiqlol kunlarida ularning ijodlari yangi qirralari bilan namoyon boʻlmoqda. Shu porloq yulduzlar ichida siz ham oldingi qatorlardasiz, Zulfiya opa!

Sizni juda sogʻindim!

Ozod SHARAFIDDINOV,

Oʻzbekiston Qahramoni.

(“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining

2002-yil 10-sonidan olindi)


5 959
O'zA