O‘zA O`zbek

01.03.2020 Chop etish versiyasi

Moziyga qaytib: Zulfiya Abdulla Oripov eʼtirofida

Moziyga qaytib: Zulfiya Abdulla Oripov eʼtirofida


Ajoyib shoira opamiz

Eng avvalo, muhtaram Zulfiya opamizni kattayu kichik adiblar qatori men ham chin dildan muborakbod etaman. Zulfiya opa deganda dafʼatan koʻz oldimizda turfa chechaklar bilan ziynatlangan bir chamanzor namoyon boʻladi. Bu gulzor goʻzal sheʼriyatning muattar boʻylari bilan orolangandir.

Fazilatlar sarchashmasida Zulfiya opaning shoiralik iqtidori turar ekan, bu iqtidor shoiramizning nomini jahonga tanitgan oliy belgidir. Zulfiya opa suhbatlarida, maqolalarida oʻzlarini gʻoyatda kamtarin tutib, kam ijod qilganliklarini chiroyli bir nadomat bilan aytib turadilar. Bu gaplar chindan ham kamtarlik va samimiyat tufayli aytilgan. Lekin gap miqdorda emasligi barchamizga ayon-ku. Zulfiya sheʼriyatining salmogʻi uning ancha murakkab yillarda ham chinakam poeziya sifatlariga sodiq qola olganligi bilan belgilanadi. Masalan, adabiyotda sxematizmga oʻxshash ohanglar avj olgan yillarda Zulfiyaning Hamid Olimjon xotirasiga bagʻishlangan, chuqur insoniylik bilan sugʻorilgan dardchil sheʼrlari yaratildi. Bu sheʼrlarga oʻz vaqtida bir oz hadiksirab qaragan tanqidchilar ham uchragan. Balki oʻsha yillarda shundoq hollar boʻlishi tabiiydir. Lekin davr va adabiyot taraqqiyoti sheʼriyatimizni shonli yoʻlga – Zulfiya ijodini bezab turgan sheʼriy turkumlar yoʻliga olib chiqdi. Zulfiya opaning keyingi yillarda yaratgan sheʼrlarida esa falsafiylik gʻoyatda teranlashib borayotir. Bu kabi fazilatlar poeziyaning oʻlmasligini taʼminlaydigan noyob unsurlardir. Ijodiy safarlarda yurgan paytlarimiz, qardosh mamlakatlardagi adabiy suhbatlar chogʻida jahonning eng atoqli shoirlari bizdan Zulfiya opamiz haqida soʻraganlarida, u kishiga samimiy salomlarini yetkazishni iltimos qilganlarida, Zulfiya opadek ajoyib inson bilan hamyurt ekanligingdan faxrlanib ketasan kishi. Koʻplab nomdor adiblar Zulfiya opaga hurmat bilan sheʼr bagʻishlaganlar yoki asarlarida opaning nomlarini koʻp bora ehtirom ila zikr etganlar. Adabiy davralarda Zulfiya opaga juda katta mehr bilan boqib, u kishini “sheʼriyatimiz malikasi” deb atab keladilar. Opaning hayot jasorati esa qanchadan-qancha qalamkashlar uchun goʻzal va afsonaviy ijodiy mavzu boʻlib kelayotir. Bu mavzuda koʻplab sheʼrlar, dostonlar, hatto sahna asarlari ham yaratilgan. Adabiyot vakillariga xalqning bu qadar eʼzoz-eʼtibori bejiz emas. Munis, mehnatkash, mushfiq xalqimiz oʻzining isteʼdodli shoira qizini, hayoti sadoqat va vafo bilan yoʻgʻrilgan farzandini albatta ardoqlaydi-da.

Zulfiya opamiz mana shu hurmat-eʼzozlarga tamomila munosibdirlar.

Suhbatlarimizdan birida men opaning keyingi sheʼrlari haqida quvonib soʻzlaganimda, u kishi: “Ha endi yoshlardan orqada qolmay deyman-da”, deb lutf qildilar. Men esa: “Yoʻq, Zulfiya opa, siz sheʼriyatimizning hamisha oldingi safida edingiz, bundan keyin ham shu oldingi safida boraverasiz”, dedim. Bu oʻrinda opaning gaplari hammamizga oʻrnak boʻlarli kamtarlik boʻlsa, mening javobim ayni haqiqat edi.

Abdulla ORIPOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri

1995-yil


5 212
OʻzA