Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 19:23 Chop etish versiyasi

«Mo‘yqalamda yurtim jamoli» deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

«Mo‘yqalamda yurtim jamoli» deb nomlangan ko‘rgazma ochildi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida «Shuhrat» medali sohibi, miniatyurachi rassom Abduhakim Karimov va yosh ijodkor Nozima Qayumiyning «Mo‘yqalamda yurtim jamoli» deb nomlangan ko‘rgazmasi ochildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar A.Karimov va N.Qayumiy ijodida Sharq miniatyurasi an’analari zamonaviy va yangi uslublar uyg‘unligida o‘ziga xos tarzda talqin etilayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi A.Karimov Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Angliyada o‘tkazilgan ko‘rgazma, tanlov va miniatyurachi rassomlar simpoziumlari ishtirokchisi. U Alisher Navoiy, Umar Hayyom, Pahlavon Mahmud, Mashrab, Lutfiy kabi mumtoz adabiyotimiz namoyandalari ijodiga murojaat qilib, do‘stlik, insoniylik, mehr-muhabbat, vafo, visol mavzulari mazmun-mohiyatini ochib beruvchi miniatyura va rangtasvir yo‘nalishlarida asarlar yaratib kelmoqda. Uning «Qaqnus», «Sayil», «Darvishlar», «Vatanga yo‘l», «Baxt qushi» singari asarlarida bu jihatlar yanada yaqqol ifoda etilgan.

4 (2).JPG

Yosh musavvir Nozima Qayumiyga ijodkorlik otasi Abduhakim Karimovdan o‘tgan. Oiladagi tarbiya, otasi chizgan tasviriy asarlar Nozimani ham shu san’at olamiga yetakladi. Bugungi kunda Nozima professional ijodkor sifatida kitob grafikasi va miniatyura yo‘nalishlarida ijod qilmoqda.

Ekspozitsiyadan joy olgan rassom Abduhakim Karimovning «Ona tabiat», «Layli va Majnun», «Me’roj», «Tarozi», Nozima Qayumiyning «Baxtning turfa ranglari», «Zarinaning qilichi», «Ona allasi» kabi asarlaridagi tasvirlar ifodasi muxlislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 275






Все о погоде - Pogoda.uz